21:03 / 16.01.2025
134

Isroil HAMAS bilan kelishuvning toʻliq matnini e'lon qildi

Isroil HAMAS bilan kelishuvning toʻliq matnini e'lon qildi
Foto: Reuters
Isroil matbuoti HAMAS bilan oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha kelishuvning toʻliq matnini e'lon qildi.

Times of Israel gazetasi keltirgan va Misr, Qatar va AQSh vositachiligida 15 yanvar kuni kelishilgani aytilayotgan hujjat 8 bob va 20 banddan iborat.

Qayd qilinishicha, oʻt ochishni toʻxtatishning birinchi bosqichi 42 ​​kun davom etadi va bu vaqt ichida garovga olingan 33 isroillik navbatma-navbat ozod qilinadi. Ulardan 9 nafari kasal va yarador boʻlib, ular Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 110 nafar falastinlik mahbusga almashtiriladi.

Isroil, shuningdek, janglar boshlanganidan beri hibsga olingan, ammo 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumiga aloqador boʻlmagan 1 ming nafar Gʻazo aholisini ozod qilishga ham rozi boʻldi. Garovga olingan har bir keksa (50 yoshdan oshgan) Isroil qamoqxonalarida umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan 3 nafar falastinlikka yoki boshqa turdagi jazoni oʻtayotgan 27 nafargacha mahbusga almashtiriladi.

Kelishuv boʻyicha ozod qilingan barcha falastinliklar Gʻazo sektoriga yoki uchinchi davlatlarga yuboriladi.

Kelishuv matni quyidagicha:

- Oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi kuchga kirgach, Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) oʻz qoʻshinlarini aholi zich joylashgan hududlardan olib chiqishni boshlaydi. Harbiylar Isroil va Gʻazo sektori chegarasining janubi va gʻarbidagi maxsus bufer zonada qoladi. Uning uzunligi 700 m boʻladi, lekin 5 nuqtada uni yana 400 m ga oshirish mumkin;

- Ichki koʻchirilgan qurolsiz falastinliklar oʻz uylariga, jumladan, Gʻazo sektori shimoliga qaytishi mumkin boʻladi. Ularning transporti vositachilar tomonidan tanlangan xususiy pudratchi tomonidan tekshiriladi;

- TsAHAL Gʻazo-Misr chegarasidagi Filadelfiya yoʻlagi hududidagi askarlari sonini bosqichma-bosqich kamaytirishi kerak boʻladi va 42-kuni garovdagi soʻnggi odam ozod qilingach, hududdan toʻliq chekinishni boshlaydi. Bu shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab 50 kundan kechiktirilmasligi kerak;

- HAMAS garovdagi barcha ayollar va bolalarni ozod qilgach, Isroil Misr chegarasidagi «Rafah» nazorat-oʻtish punktini tinch aholi va yaradorlar uchun ochilishiga ruxsat beradi. Kuniga atigi 50 nafar yarador jangariga uch nafardan koʻp boʻlmagan odam hamrohligida chegarani kesib oʻtishga ruxsat beriladi. TsAHAL kuchlari chegara punkti yaqinida joylashtiriladi;

- Muzokaralarning yakuniy maqsadi mintaqada barqaror osoyishtalikka qaytish, bu bilan doimiy otashkesimga erishish mumkinligi aytilmoqda. Birinchi bosqichda amalga oshirilgan barcha tadbirlar muzokaralarni osonlashtirish uchun ikkinchi bosqichda ham davom ettiriladi.

Avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi HAMAS soʻnggi daqiqada Isroil bilan kelishuvdagi ba'zi bandlardan voz kechgani va shu orqali kelishuvga erishishga toʻsqinlik qilganini aytdi. 16 yanvar kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi kelishuv boʻyicha ovoz berishni rejalashtirgan va u 19 yanvardan kuchga kirishi kerak.

Isroil hukumatiga koʻra, HAMAS Gʻazo sektorida 98 nafar isroillikni garovda ushlab turibdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo