23:21 / 16.01.2025
28

Britaniya va Ukraina oʻrtasida 100 yillik hamkorlik shartnomasi tuzildi

Britaniya va Ukraina oʻrtasida 100 yillik hamkorlik shartnomasi tuzildi
Foto: president.gov.ua
16 yanvar kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer hukumat rahbariga aylanganidan buyon ilk marta Kiyevga keldi.

«Tinchlik kuch orqali», — deya yozdi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer poyezdda Kiyevga kelganidan keyin. Vokzalda uni Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi elchisi Martin Harris hamda Ukrainaning Londondagi elchisi Valeriy Zalujniy kutib olgan.

Starmer Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Dauning-stritdagilar Ukraina bilan «yuz yillik muhim hamkorlik» deb atagan bitimga imzo chekkan.

Hujjat Londonning Kiyevga koʻrsatib kelayotgan yordamini rasmiylashtiradi, shuningdek, unda Buyuk Britaniya oʻz zimmasiga oladigan yangi majburiyatlar koʻrsatilgan.

Starmer Rossiya bilan urush qurbonlari yodgorligiga gulchambar qoʻygan va jurnalistlarga Britaniya Ukrainani qoʻllab-quvvatlashdan «hech qachon chekinmasligi»ni bildirgan.

Ushbu marosimdan taxminan bir soat oʻtib Ukraina poytaxtida portlash ovozlari eshitilgan va dronlar hujumi xavfi tufayli ma'lum vaqt davomida havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga yangrab turgan. «Poytaxt markazida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlamoqda. Xavfsiz joylarda boʻling!» — deya yozgan telegramda shahar meri Vitaliy Klichko.

Kelishuv nimalarni oʻz ichiga oladi?

Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi va Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qoʻmondoni, Kiyevdagi temiryoʻl vokzalida Starmerni kutib olgan Valeriy Zalujniy kelishuvda xavfsizlik masalalariga alohida e'tibor qaratilganini aytgan.

Britaniya TIV oʻz saytida yozishicha, kelishuv «dengiz xavfsizligi sohasida harbiy hamkorlikni kuchaytiradi va Boltiqboʻyi, Qora va Azov dengizlarida xavfsizlikni mustahkamlash hamda Rossiya agressiyasining oldini olish uchun yangi ishlash printsiplarini belgilab beradi».

Kelishuv Rossiya Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlaridan jahon bozoriga olib chiqilgan gʻallani kuzatishga qaratilgan yangi sxemani ishga tushirishni ham nazarda tutadi.

U shuningdek fan va texnologiya, jumladan, dronlar va kosmik apparatlar ishlab chiqarish, shuningdek, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni ham qamrab oladi.

Avvalroq Zelenskiy Ukraina hududini Rossiya hujumlaridan himoyalashda Buyuk Britaniyaning yordamidan umid qilayotganini bildirgandi.

Starmer kelishuv ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik va uzoq yillik investitsiyalarni oʻz ichiga olishini ta'kidlagan.

«[Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Ukraina va uning eng yaqin ittifoqchilari oʻrtasida nizo keltirib chiqarmoqchi boʻldi, ammo bu strategiya jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Aksincha, biz har qachongidan koʻra yaqinroqmiz va bu hamkorlik oʻzaro doʻstligimizni yangi darajaga olib chiqadi», — deya qayd etgan britanlar bosh vaziri.

Starmer 2025 yilda Buyuk Britaniya Ukrainaga Daniya tomonidan moliyalashtirilgan yangi havo hujumidan mudofaa tizimlarini etkazib berishini va ukrain harbiylarini oʻqitishni davom ettirishini ma'lum qildi. Qariyb uch yil davomida 50 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchi Buyuk Britaniyada tayyorgarlikdan oʻtgan.

Kir Starmer Kiyevga poyezdda ketish vaqtida
Trampning Oq uyga qaytishi arafasidagi tashrif

Bu Starmer Ukrainaga mamlakat bosh vaziri sifatida ilk bor kelishidir. U bu lavozimni yarim yil oldin egallagandi, ammo oʻzidan oldingi hukumat rahbarlaridan farqli oʻlaroq, Kiyevga safar qilishga shoshilmadi (Boris Jonson 2022 yil aprelida, urush boshlanganidan ikki oy oʻtganida, Rishi Sunak lavozimga kirishganidan bir oy oʻtib Kiyevga kelgan). Starmer Ukrainaga 2023 yilda, muxolifat rahbari ekanida tashrif buyurgan, Buyuk Britaniya hukumati rahbari lavozimiga kirishganidan keyin ikki marta Londonda Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar oʻtkazgan.

Britaniyaning The Telegraph gazetasi Kir Starmer Ukrainaga Vashingtonda Donald Trampning inauguratsiyasi arafasida kelganiga e'tibor qaratib, bu tashrifni «AQSh tomonidan qoʻllov susayayotgani sharoitida Zalenskiyni qoʻllab-quvvatlashning ramziy namoyishi» sifatida baholagan.

Ukraina prezidenti uchun AQShning yangi ma'muriyati Kiyevga bosim oʻtkazib, uni Moskva bilan adolatsiz sulh tuzishga undashi mumkinligi boʻyicha xavotirlar fonida Evropadagi ittifoqchilardan qoʻllovga ega boʻlishi muhim hisoblanadi.

14 yanvar kuni Kiyevga Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham kelgandi. U Ukraina hukumatini 23 fevral kuni Bundestag uchun saylovlarda kim gʻalaba qozonishidan qat'i nazar, Berlin Kiyevni Rossiya tajovuziga qarshi kurashda qoʻllab-quvvatlashda davom etishiga ishontirgan.

Zelenskiy Ukraina xavfsizligini mamlakatning NATOga a'zo boʻlishi bilan ta'minlash mumkinligi, mamlakatga gʻarb davlatlari armiyalaridan tinchlikparvar kuchlar yuborilishini kutayotganini aytgan. Ular harbiy harakatlar toʻxtatilganidan keyin bufer zonaga aylanadigan front chizigʻida navbatchilik qilishi mumkin.

Starmerning tashrifidan oldin Zelenskiy Britaniya bosh vaziri bilan aynan shu masalani muhokama qilmoqchi ekanini aytgandi.

Britaniya Ukrainaga allaqachon 12,8 mlrd funt sterling (15 mlrd dollardan ortiq) miqdorida yordam ajratgani va har yili — «qancha vaqt kerak boʻlsa, shuncha» — 3 mlrd funtdan (3,7 mlrd dollar) harbiy yordam koʻrsatish majburiyatini olgani eslatib oʻtilgan.

Ukraina allaqachon britanlarning Storm Shadow raketalaridan Rossiya hududlari boʻylab zarbalar yoʻllashda foydalanmoqda, bu esa Moskvaning keskin noroziligini keltirib chiqargan.

Britaniya va Ukraina oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasi yaqin haftalar ichida Britaniya parlamentiga taqdim etilishi kerak. Uni tayyorlash jarayoni konservatorlarning oldingi hukumati davridayoq boshlangandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo