19:02 / 16.01.2025
388

Ukrain harbiylari shimoliy koreyaliklar haqida: «Intizomli, sodiq va qoʻrquv bilmas kuch»

Ukrain harbiylari shimoliy koreyaliklar haqida: «Intizomli, sodiq va qoʻrquv bilmas kuch»
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati / Anadolu / Getty Images
Ukraina hamon Rossiya hududining bir qismini ushlab turgan Kursk oblastida shimoliy koreyalik harbiylar paydo boʻlishi Ukraina qurolli kuchlari uchun vaziyatni «sezilarli darajada yomonlashtirdi», degan bir necha ukrain harbiylari The New York Times bilan suhbatda.

Ularning soʻzlariga koʻra, KXDRdan kelgan harbiylar tufayli janglar «avvalgiga qaraganda ancha shiddatli» tus olgan. «Ular [shimoliy koreyalik askarlar] bizning front chiziqlarimizga yopirilib, zaif nuqtalarni topishmoqda va yorib oʻtishmoqda», — deydi Ukraina qurolli kuchlari vzvodi komandiri, 30 yoshli kichik serjant Aleksey (The New York Times maqolasida deyarli barcha ismlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan oʻzgartirilgan).

Harbiy razvedka zobiti, 44 yoshli Andrey agar javob qaytarilmasa, «raqib oʻzini ustun his qilishi»ni qoʻshimcha qiladi. «Kimdir sizni urishda davom etsa va siz qarshilik koʻrsatmasangiz, hujum qilayotgan oʻzini psixologik jihatdan qulay his qilib, oʻzidan ketadi», — deydi u.

Ukrainalik harbiylar Shimoliy Koreya qoʻshini «intizomli, sodiq va qoʻrqmas kuch» sifatida jang qilishi, odatda katta boʻlinmalar hatto minalangan maydonlar boʻylab harakatlanishi — artilleriya oʻqlari ostida va dronlar ta'qib etganida ham oldinga yurishda davom etishini aytib berishgan.

11 yanvar kuni Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari ilk marta Shimoliy Koreyaning Rossiya tomonida turib jang qilgan ikki fuqarosi qoʻlga olingani haqida xabar berdi. «Bu vazifa oson boʻlmadi: odatda ruslar va Shimoliy Koreya jangchilari yaradorlarni yoʻq qilishadi va Ukrainaga qarshi urushda yana bir davlat – Shimoliy Koreya ishtiroki haqida hech qanday dalil boʻlmasligi uchun hamma choralarni koʻradi», — degandi ukrainlar prezidenti.

Ikki kun oʻtganidan keyin u asirlar soʻroq qilinishi videosini e'lon qildi, unda tarjimon orqali javob qaytargan asirlar qayerdaligini bilishmasligini aytishgan, ulardan biri urushga emas, mashgʻulotga deb Rossiya hududiga olib oʻtilganini bildirgan.

Umuman olganda, ukrain harbiylari Kursk oblastidagi janglarni juda ogʻir deb ta'riflashgan. NYT qayd etishicha, soʻnggi kunlarda ukrain kuchlari Sudjadan gʻarbdagi hududlarni egallashga urinib, hujum boshlagan.

Vzvod komandiri, serjant Oleksandrning soʻzlariga koʻra, Kursk oblastidagi janglar u 2014 yilda armiya safiga kirganidan buyon guvoh boʻlgan eng ogʻir janglar boʻlmoqda. U vaziyatni Baxmut atrofidagisi bilan solishtirgan, ikki yil muqaddam bu erda ukrain qoʻshini pulemyotchilarni muntazam ravishda almashtirib turishiga toʻgʻri kelgandi, chunki ular juda koʻp odamni oʻldirishga ruhan bardosh bera olmagan. «Ikki soatda shunchalik koʻp odamni er tishlatganidan keyin ular bunga ruhan dosh berolmasdi. Hozir bu erda ham shunaqa boʻlmoqda», — degan u.

Yana bir serjant, piyodalar vzvodi komandiri boʻlgan 46 yoshli Oleksandr rossiyaliklar «bu hududni har qanday qurbonlik evaziga boʻlsa ham egallashi lozimligi va ular buning uchun barcha kuchlarini tashlayotgani, ukrainlar ham hududni ushlab turish uchun bor imkoniyatini ishga solayotgani»ni ta'kidlagan. Shu bilan birga, Rossiya qoʻshini frontning boshqa uchastkalarida ham hujumlarni davom ettirmoqda.

Koʻplab ukrain harbiylari hisoblashicha, agar Kursk oblastida Rossiya kuchlarini oʻziga jalb qilgan amaliyot oʻtkazilmaganida, armiyaning Ukraina sharqidagi yoʻqotishlari hozirgidan ancha katta boʻlgan boʻlardi. «Biz tushunishimiz kerakki, ruslar bu hududda oʻzlarining elita askarlari va eng yaxshi zaxiralaridan foydalanmoqda. Ular Ukrainaning boshqa qismlarida nimalar qilishi mumkinligini hisobga olsak, bu yaxshi», — deydi 47-mexanizatsiyalashgan brigada batalyoni komandiri, 30 yoshli Oleksandr Shirshin.

U urushning uch yili davomida ukrainlarning ruhiyati pasayganini tan oladi, biroq, uning soʻzlariga koʻra, askarlarning koʻpchiligi hozir ham nima uchun jang qilishi lozimligini tushunadi. «Toʻxtash bizning oʻlimimizni anglatadi — vassalom», — deydi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo