Donald Trampning navbatdagi toʻrt yilligi Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatining qayta shakllanish dinamikasini kuchaytiradigandek. Xoʻsh, eng qaynoq mintaqaning asosiy aktorlari 2025 yilga qanday mavqeda kirib keldi? Kun.uz'da etakchi ekspertlar ishtirokida “Geosiyosat” dasturining navbatdagi katta soni.
— Trampning Isroilga yon bosish siyosati Yaqin Sharqda qanday geosiyosiy oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: Donald Trampning moyilliklari juda yaxshi oʻrganilgan va biz uni yaxshi bilamiz. Bu galgi saylov va undan keyingi jarayonlarda uning stilistikasi ancha oʻzgargan hamda u islomofobiyani tez-tez tilga olayotgani yoʻq. Biroq uning Isroil bilan munosabatlari juda yaxshi va uning oilasida hamda saylov kampaniyasiga homiylik qilgan shaxslar orasida yahudiylar bor. U birinchi vakolat muddatida Suriyaning bosib olingan Joʻlon tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olgan va bu aktga qoʻl qoʻygan birinchi prezident. Isroilliklar AQShda hokimiyat tepasiga respublikachilar emas, balki aynan Tramp kelishini istagan va yaqinda oʻtkazilgan HAMAS va Isroil muzokaralarida ham Donald Trampning roli katta. Tramp harbiy urushlar emas, balki savdo-iqtisodiy hamda psixologik urushlar tarafdori. Bundan tashqari, Suriyadagi toʻntarishlar fonida Isroil Suriyaning bir qancha hududlarini bosib oldi va biroz vaqt oʻtib Donald Tramp bu hududlarni Isroilniki deb tan olishi ehtimoli mavjud. Shulardan kelib chiqsak, Trampning prezidentlikka kelishi Yaqin Sharqdagi vaziyatga katta ta'sir koʻrsatadi, Isroilning “qoʻllari ancha echiladi” va mintaqadagi amerikaparast loyihalar jadallashadi.
Shavkat Ikromov: Hozirda kuzatuvchilar tomonidan 2020 yildagi Isroil va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi Ibrohim kelishuvlarini yakunlab qoʻyish masalasi koʻtarilishi aytilmoqda. Saudiya esa bu kelishuv uchun Isroil Gʻazoda tinchlik oʻrnatilishi kerak degan qat'iy pozitsiyada turibdi. Gʻazoda Isroil hokimiyatining oʻrnatilishi arab davlatlari, xususan, Saudiyaning keskin noroziligiga sabab boʻladi. Tramp Ibrohim kelishuvlariga erishish uchun katta kreditlardan foydalangan, ya'ni BAA anchadan beri qoʻlga kirita olmayotgan qurollarini AQShdan sotib olgan va xavfsizligini kuchaytirgan. Hozirda mintaqada normalizatsiya jarayoni ketyapti, arab davlatlarining Turkiya bilan munosabatlari yaxshi va joriy 4 yillikda Tramp arab davlatlariga bosim oʻtkazib biror narsaga erishishi qiyin. Bu muddatda mintaqada katta urushlar kutilmayapti, chunki katta urushlar Amerika manfaatlariga ham zid hisoblanadi.
Habibulloxon Azimov: Donald Trampning bayonotlari yoki mintaqaga bosimini Gʻazodagi urushni toʻxtatish sifatida baholash kerak emas, chunki yaqinda amalga oshirilgan kelishuv tinchlik shartnomasi emas, balki shunchaki asirlar almashish boʻyicha muzokaralar ekani aytildi. Shunday ekan, Trampning hokimiyatga kelishi Gʻazodagi urushda biroz tanaffus yuzaga keltirishi mumkin, biroq bu Isroilning mintaqadagi tajovuzkorona siyosatiga toʻsiq boʻlmaydi.
Farhod Karimov: AQShning Gʻazoga nisbatan siyosati oʻzgarmaydi, chunki Amerika prezidentlari almashganida bu mintaqaga nisbatan yondashuv oʻzgarishi mumkin, biroq siyosat yoʻnalishi oʻzgarmaydi. Isroil oʻzining atrofidan Eron kuchlarini yoʻqotishni maqsad qilgan. Yaqin Sharq davlatlarining barchasi Eron borasida deyarli bir xil pozitsiyaga ega va AQSh ularni qoʻllab-quvvatlab keladi. AQShning Yaqin Sharq davlatlarida qurilgan harbiy bazalari ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Eronning oʻzi ham ancha oʻzgaryapti, ya'ni koʻp vektorli tashqi siyosat yuritmoqchi boʻlyapti. Trampning Falastin boʻyicha siyosati biroz moʻ'tadillashishi mumkin, chunki unga hozircha arab davlatlari bilan yaxshi munosabatlar kerak, shuningdek, Isroilni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash juda qimmatga tushyapti. AQSh Isroilni boshqa siyosiy instrumentlar yordamida ham qoʻllab-quvvatlashi mumkin, bundan tashqari, bunday harbiy yurishlarni qoʻllab-quvvatlash Tramp siyosatiga ham ziddir.
— Netanyahu Gʻarbiy sohilda ham operatsiya boshladi, Jeninda kuch ishlatish Gʻazodagi kabi keng qirgʻinga aylanib ketishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Gʻazo sektori gʻazoliklar va HAMAS nazoratida boʻlgan va urush kuchayib ketgan, Gʻarbiy sohillar esa isroilliklarning aholi punktlari orqali deyarli egallab boʻlingan. Gʻazo toʻliq HAMAS nazoratida boʻlgani uchun u erga 7 oktyabrdan oldin kira olmas edi. Gʻarbiy sohillar Falastin hududi boʻlishiga qaramay, u erda Isroil ta'siri juda kuchli. Shu sababli Isroil katta harbiy operatsiyalar oʻtkazsa, isroilliklarning aholi punktlariga jiddiy zarar etkazishi mumkin.
Shavkat Ikromov: Gʻarbiy sohillardagi operatsiyalar keng koʻlamli harbiy harakatlarga aylanishi ehtimoli juda kam. Biroq bu erda tarkibiy oʻzgarishlar uchun juda faol harakatlar olib borilyapti. Gʻarbiy sohilning norasmiy gubernatori sifatida Netanyahu atrofidagi oʻta oʻngchilardan biri Smotrich e'tirof etiladi va Gʻazo bilan kelishuvning ikkinchi bosqichi sababli oʻz iste'fosini e'lon qilishini aytgan siyosatchilardan biri aynan Smotrich edi. Uning iste'fosi Netanyahu atrofidagi oʻta oʻngchilarni parchalab yuboradi va Netanyahuning oʻzi ham iste'foga chiqishi mumkin. Natijada esa unga ochilgan koʻplab jinoiy ishlar yana koʻtarilishi ehtimoli bor. Gʻarbiy sohildagi operatsiyalar esa mazkur oʻta oʻng siyosatchilarni chalgʻitish uchun olib borilmoqda. Gʻarbiy sohildagi vaziyat kelishuv ikkinchi bosqichining ortga surilishiga yoki umuman amalga oshmasligiga olib kelishi mumkin.
Habibulloxon Azimov: Netanyahu Gʻarbiy sohildagi operatsiyalar orqali bu hududda yashovchi falastinliklarning majburiy migratsiyasini tashkil etishga harakat qilayotgan boʻlishi mumkin. Bunga uni oʻta oʻng siyosatchilarning kuchli bosimi undagan boʻlishi ehtimoli bor.
Farhod Karimov: Isroil bunday operatsiyalarni vaqti-vaqti bilan amalga oshirib turadi, bunday harakatlar avval ham boʻlgan, ammo Gʻazodagi urush fonida bu bilinmagan. 19 yanvarda Jenin brigadasi va Falastin hukumati oʻrtasida toʻqnashuv yuz bergan, asirlar almashinuvi doirasida ozod qilinayotganlar orasida Jenin toʻqnashuvida hibsga olinayotganlar bor va isroilliklarning oʻzi Netanyahuga mazkur asirlar ozod qilinsa, Jeninga qaytishi va yana muammo chiqarishidan xavotirli norozilik bildirgan, shu sababli Gʻarbiy sohillarda tozalash ishlari davom etmoqda.
— Eronning qarshilik oʻqi sinishi mintaqadagi kuchlar muvozanatini butunlay oʻzgartiradimi? Yaqin 4 yillikni qanday tasavvur qilasiz?
Shavkat Ikromov: Hozirgi vaziyatda Eron oʻz qarshilik kuchini qayta tiklashi imkonsiz. Bunda asosiy nuqta edi va Bashar Asadning hokimiyatda turishi Eronning Suriyadagi ayrim kuchlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni birlashtirishga undagan boʻlardi. Lekin endi u erda boshqa kuchlar hukmron va ular boshqa davlatlar bilan munosabat oʻrnatmoqchi. Eron atrofdagi Isroilga qarshi kuchlarni qoʻllab-quvvatlash orqali Isroilni zaiflashtirmoqchi edi, biroq urushlar natijasida oʻsha kuchlarning oʻzi nihoyatda zaiflashdi. Hozirda deyarli barcha kuzatuvchilar Suriyada tinchlik va barqarorlik hukm sursa, Eron oʻz qarshilik oʻqini yaqin toʻrt yillikda tiklashi nihoyatda qiyin masala ekani haqida yozmoqda.
Kamoliddin Rabbimov: Eron oʻzining qarshilik kuchlarini qoʻllab-quvvatlashdan va izolyatsiyadan qattiq charchagan. Shuning uchun ham izolyatsiyadan chiqishga harakat qiluvchi siyosatchilarga ovoz bergan. Endi qarshilik bayrogʻi Erondan Turkiya qoʻliga oʻtyapti. Biroq Turkiyaning resurslari juda katta emas, shuningdek, prezident ham yaqin yillarda almashishi mumkin, agar Erdoʻgʻan yaqinda prezidentlikka saylanib, yana 20 yil boshqaruvda boʻlish imkoniyatiga ega boʻlganida uning qarshilik oʻqini istiqbolli deb atash mumkin boʻlardi.
Farhod Karimov: Eronning kuchsizlanishi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga katta ta'sir qiladi, albatta. Endi siyosatda boʻshliq paydo boʻlyapti va Eron bu boʻshliqni toʻldirishga urinmayapti. Chunki uning asosiy maqsadi oʻzidagi ichki oʻzgarishlarni iloji boricha tezroq amalga oshirish. Shu sababli u koʻp vektorli siyosat yoʻlini tanlagan, hatto Rossiya bilan ham ehtiyotkor munosabatda boʻlyapti. Yaqinda imzolangan strategik hamkorlik shartnomasida harbiy band kiritilmadi, shunchaki ular urushga kirsa, ikkinchi tomonni qoʻllab-quvvatlamaslik toʻgʻrisidagi bandni qoʻshdi xolos. Eron Gʻarb bilan yaqinlashish orqali oʻz mintaqasidagi ayrim manfaatlardan voz kechishi kerak boʻladi, bu esa geosiyosiy boʻshliqni yuzaga keltiradi, Erondan qolgan boʻshliqni Turkiya, Isroil yoki Saudiya toʻldirishi mumkin.
— Arab davlatlarida diniy va dunyoviy kuchlar oʻrtasidagi ziddiyatlar yangi inqiloblar yoki inqirozlarga sabab boʻlishi mumkinmi? Qaysidir davlatlarda buning elementlari bormi?
Farhod Karimov: Tahrir Hayyat ash-Shomning Suriya hokimiyati tepasiga kelishi mintaqaga yangi siyosiy-diniy impuls berishi mumkin, Yamanda ham diniy muammolar toʻliq hal boʻlmagan, shuningdek, Misrdagi harakatlar ham tag-tugi bilan yoʻqolmagan, bundan tashqari, Liviyada diniy harakatlarni siyosiylashtirish masalasi dolzarb. Tunisda ham diniy radikal guruhlar hamda hukumat oʻrtasidagi munosabatlar toʻliq shakllangani yoʻq. Iroq va Suriya masalasi ham juda jiddiy, Iroqda sunniylardan keyin hokimiyat tepasiga shialar kelganiga qaramay, bu hukmron shialar kurdlar hisoblanadi. Kurdlar esa etnik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki mamlakatda asosan arablar yashaydi, ammo neft bazalariga kurdlar egalik qiladi. Bunday muammolar Yaqin Sharq mintaqasida haligacha mavjud va Isroil bundan ustalik bilan foydalanadi.
Shavkat Ikromov: Diniy radikal guruhlar Gʻarb davlatlari tomonidan mintaqadagi oʻz mustamlakalarini tark etish chogʻida ularni boshqarib turish uchun sabab sifatida tashkil qilingan. Hozirda Isroil mazkur radikal guruhlardan hukumatlarga qarshi kurashish va oʻsha kurashlar fonida oʻz rejalarini amalga oshirishga harakat qilib turadi. Bunday taktikadan bir paytlar Gʻarb davlatlari muvaffaqiyatli foydalanib kelgan.
— Turkiyaning Yaqin Sharq doskasida roli qanday boʻladi?
Farhod Karimov: Turkiyaning Yaqin Sharqdagi manfaatlari, nufuzi va ta'siri kuchaydi. Masalan, Eron Suriyada qoldirgan boʻshliqlarni aynan Turkiya egalladi. Bunday vaziyat Gʻarb davlatlari uchun ancha yaxshidek koʻrinadi, chunki u NATO a'zosi va nisbatan Gʻarbga yaqin davlat. Biroq Turkiya musulmon davlat va vaqti kelib Isroilga etarlicha muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli AQSh va Isroil Erondan qolayotgan boʻshliqlarni toʻliq Turkiya egallashidan manfaatdor emas, Turkiyaning kuchayishi kun kelib Turkiya va Isroil oʻrtasida oʻziga xos bir raqobatni shakllantiradi.
Shavkat Ikromov: Amerikada shunday qarash paydo boʻlganki, Yaqin Sharq mintaqasida biror boʻshliq yuzaga kelishi bilan Xitoy va Rossiya bu boʻshliqni toʻldirishga harakat qiladi. Bu qarashga koʻra, ularga Turkiya ma'qulroq, biroq mintaqa davlatlari Turkiyani qabul qilishni istamaydi – bir nechta arab mamlakatlari uzoq vaqt Usmonlilar imperiyasi tarkibida boʻlishgan.
Turkiyaning Isroilga nisbatan shu vaqtgacha boʻlgan munosabati, Gʻazodagi qirgʻinda Isroilni tiyish uchun real harakatlarni amalga oshirmagani (Anqarada bunday imkoniyatlar bor edi) keyinchalik Turkiya Isroilni tiyib turadigan kuchga aylanadi deyishga imkoniyat bermaydi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar