Polshada kontrabanda sigaret ortilgan havo sharlari qulab tushdi

Polshaning janubiy hududlarida noodatiy hodisa yuz berdi. Mamlakatning Ivkova aholi punkti yaqinida uchta havo shari yerga qulab tushgan bo‘lib, ular ichidan katta miqdorda kontrabanda sigaretlar topilgan. Bu haqda Kommersant ma’lum qildi.
Mahalliy manbalarga tayanib xabar qilinishicha, voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot organlari hududni darhol o‘rab olib, barcha topilmalarni tekshiruv uchun olib ketgan. Hozirda ushbu havo sharlarining qayerdan uchirilgani, kimlar tomonidan boshqarilgani hamda kontrabanda yo‘nalishi aniqlanmoqda.
Mutasaddilar ushbu usul orqali noqonuniy mahsulotlarni tashish holatlari so‘nggi paytlarda tez-tez uchrayotganini qayd etmoqda. Ayniqsa, chegaraga yaqin hududlarda havo sharlaridan foydalanib, nazoratni chetlab o‘tishga urinishlar ko‘paygani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyi oxirlarida Polsha hukumati tomonidan keng ko‘lamli kontrabanda sxemasi fosh etilgan edi. Unga ko‘ra, 160 dan ortiq havo shari orqali mamlakat hududiga millionlab dona sigaret noqonuniy ravishda olib kirilgan.
Rasmiylarning hisob-kitoblariga qaraganda, ushbu noqonuniy faoliyat davlat byudjetiga qariyb 1,4 million yevro miqdorida zarar yetkazgan. Mazkur jinoiy guruhga Belarus fuqarosi rahbarlik qilgani aniqlangan.
Hozirda tergov ishlari davom etmoqda va ushbu hodisa ortida turgan shaxslar hamda ularning hamkorlari aniqlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!