23:30 / 26.01.2025
405

AQSh Ukrainaga gumanitar yordam dasturini toʻxtatmoqchi, bu nima degani?

AQSh Ukrainaga gumanitar yordam dasturini toʻxtatmoqchi, bu nima degani?
Hafta oxirida AQShning yangi davlat kotibi Marko Rubio koʻplab xorijiy yordam grantlari boʻyicha toʻlovlarni 90 kunga muzlatib qoʻyish va yangi grantlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida farmoyish chiqargani ma'lum boʻldi. Bu Ukrainaga energetika, ta'lim va tibbiyot sohasidagi yordamlarni toʻxtatishni ham oʻz ichiga oladi. Shuningdek, ukrainalik qochqinlarni qabul qilish toʻxtatiladi.

Avvalroq prezident Donald Tramp ushbu mablagʻlar taqsimlanishi mamlakat tashqi siyosatiga mos kelishini tekshirish uchun yordam toʻlovlarini toʻxtatishni buyurgandi. Keyingi oylar davomida Mark Rubio qaysi dasturlarni uzaytirish, oʻzgartirish yoki toʻxtatish boʻyicha qaror qabul qilishi kerak. Shu bilan birga, u hozirning oʻzida ayrim dasturlar uchun istisno qilishi ham mumkin.

Buning aks sadosi qanday boʻladi, Kiyevda muqobil yoʻl boʻladimi? Ekspertlar «Geosiyosat» dasturining navbatdagi sonida shu mavzuni ham muhokama qilishdi.

Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp farmoniga koʻra, Ukrainaga koʻrsatilayotgan yordam uch oy davomida toʻxtatib turiladi hamda qayta koʻrib chiqiladi. Shu bilan birga, Ukrainaning asosiy prioritetlari uchun pul ajratilishda davom etadi.

Trampning oʻzi izolyatsiya tarafdori boʻlgan beqaror siyosatchi boʻlishi mumkin, ammo uning atrofida professional siyosiy elita mavjud. Ular juda yaxshi tushunadiki, agar ular Ukrainada magʻlubiyatga uchrasa, bu Amerikaning Afgʻonistondagi urushdan keyingi ikkinchi yirik magʻlubiyati boʻladi.

Urushni ayni pallada toʻxtatish Rossiya manfaatlariga juda mos boʻlishi mumkin, biroq agar shunday qilinsa, bu Putin strategik jihatdan yutqazganini anglatadi. Chunki hozirda Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan 4 ta oblast toʻliq nazoratda emas, shuningdek, Ukrainaning mustaqil hududlari NATO va Evropa Ittifoqiga kirish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.

Putinning maqsadi esa Ukrainaning bunday imkoniyatlarini yoʻqqa chiqarish hamda oʻziga boʻysundirishga qaratilgan. Putin urushni texnik jihatdan toʻxtatishi mumkin, biroq Qrim anneksiyasidan 8 yil oʻtib Ukrainaga hujum qilingani kabi yana bir necha yildan keyin qaytadan yurish boshlashi ehtimolini istisno qilib boʻlmaydi.

Shuhrat Rasulov: Trampning mazkur qarorini uning saylovoldi va'dalari bilan bogʻlash mumkin. Kampaniya vaqtida Tramp juda koʻp va'dalar berdi, ularni umumlashtirsak, u tejash siyosati boʻyicha ish yuritmoqchi boʻlayotganini anglash mumkin.

Shuningdek, u dunyoga samaradorlikni tahlil qilish va ta'minlash borasida yangi institutni taqdim qildi. Bunda Tramp mamlakatning nafaqat ichki, balki tashqi xarajatlarini ham tejab qolishga urinmoqda. Mazkur tejalgan mablagʻ miqdori yiliga 500 mlrd dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Ukraina mazkur uch oy ichida zaiflashishi qiyin masala, chunki Jo Bayden ma'muriyatni tark etishidan oldin Ukrainaga katta miqdorda harbiy va moliyaviy yordam yuborgan va Ukraina bu resurslar yordamida 7-8 oy davomida bir xil maromda jang qilishi mumkin.

Hozirda Tramning atrofidagi siyosiy elita ham Ukrainaga yordam berish toʻxtatilmasligi kerak deb hisoblamoqda. Shuningdek, barcha siyosiy shaxslar hamda ommaviy axborot vositalari Afgʻonistondagi voqealar qaytarilmasligi kerakligini ta'kidlamoqda. Agar Ukraina va AQSh bu urushni boy bersa, barcha javobgarlik aynan Donald Tramp elkasiga tushadi. Shuningdek, magʻlubiyatning oldini olish maqsadida Rossiyaga tinchlik shartnomasi taklif qilinadi, Rossiya buni rad etsa, Trampning oʻzi ham Ukrainaga yordam salmogʻini va sifatini oshirishi mumkin.

Oybek Sirojov: Donald Tramp Ukrainaga yordamni 90 kunga muzlatdi va shu bilan birga, [Rossiya va Ukraina boʻyicha maxsus vakili] Kit Kellogga yaqin 100 kun ichida urushni toʻxtatib muzokaralarga kelishga ikki tomonni koʻndirish vazifasini topshirdi. Demak, mazkur uch oy davomida urushni toʻxtatish boʻyicha turli shartnoma va qarorlar qabul qilinadi, bu esa Ukrainaning qabul qilajak qarorlariga salbiy ta'sir koʻrsatadi.

Mazkur muddat Rossiya uchun urushni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishish imkoniyati hisoblanadi, agar shu muddat ichida Rossiya oʻz pozitsiyasini oʻzgartirmasa, undan keyingi voqealar Rossiya uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bu muzlatish frontdagi manzaralarga ta'sir koʻrsatadi, biroq jiddiy emas, chunki Ukraina hozirgacha ham AQShdan keragicha yordam olib boʻlgan. Bunday holat ilgari ham yuz bergan, ya'ni Kongress qarorlari kechikishi natijasida yordam yuborish muddati choʻzilgan va Ukraina frontlarda ma'lum darajada qiyinchilikka uchrashni boshlagan. Hozir ham Rossiya frontlarda tinimsiz hujum uyushtirmoqda va oldinga siljimoqda, shunday ekan, Trampning qarori juda katta ta'sir koʻrsatmasa ham, nisbatan Ukrainani zaiflashtiradi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo