19:41 / 04.02.2025
290

Putin Zelenskiyni oʻrtaga qoʻshmasdan, Tramp bilan gaplashmoqchi

Putin Zelenskiyni oʻrtaga qoʻshmasdan, Tramp bilan gaplashmoqchi
Ukraina prezidenti RF bilan muzokarani taqiqlash haqidagi qonun muzokara oʻtkazishga toʻsiq emasligi, xalq nomidan muzokara qilishga faqat unda vakolat borligini aytdi. Putin esa “Zelenskiy legitim emas, u bilan gaplashmaymiz” degan pozitsiyani ushlab olgan. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga koʻra, bundan shunday xulosa qilish mumkin: Putin Kiyevni oʻrtaga qoʻshmagan holda, toʻgʻridan toʻgʻri Tramp bilan gaplashmoqchi.

Ukrainada Rossiya bilan muzokara oʻtkazishga qonun bilan kiritilgan taqiq mamlakat ichidagi separatistik tendentsiyalarning oldini olish uchun joriy etilgan edi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy bir necha kun oldingi chiqishida.

Zelenskiy prezident sifatida faqatning uning oʻzi Ukraina nomidan muzokara oʻtkazish vakolatiga ega ekani, boshqa siyosatchilarga Rossiya bilan muzokaraga kirishish taqiqlanganini aytdi.

Ayrim tahlilchilar Ukraina prezidentining bu soʻzlarini urushning joriy holatida Rossiya bilan muzokaraga tayyorlikka ishora sifatida talqin qilmoqda.

Siyosiy tahlilchi Bektosh Berdiyevning fikricha, muzokara oʻtkazishga taqiq haqidagi qonunni “Ukraina umuman muzokara oʻtkazmaydi” deb emas, “Ukrainada prezidentdan boshqa hech kim muzokara oʻtkazish huquqiga ega emas” deya talqin qilinishini mantiqan toʻgʻri deb qabul qilish mumkin.

“Ya'ni Zelenskiy boshqalarga Rossiya bilan muzokaralar olib borishni taqiqlagan. U mamlakat prezidenti sifatida boshqaruvda oʻtiribdimi, demak, muzokaralarni ham aynan uning oʻzi olib borishi kerak”, – deydi u.

Berdiyevga koʻra, urushning shu nuqtada yakunlanishiga Ukraina rozimi degan savol – murakkabroq.

“Hozir Ukraina ham qiyin vaziyatga tushib qoldi, ayniqsa, Trampning yordami toʻxtatish haqidagi tahdidlaridan keyin. Gʻarb hozir ham Ukrainaga turli hajmda yordam joʻnatyapti, jumladan, yaqinda Niderlandiya yuborgan harbiy samolyotlar qabul qilib olingani haqida ma'lumotlar bor. Lekin Ukrainaning umumiy frontdagi kelajagi AQSh yuboradigan moliyaviy va harbiy yordam paketlariga bogʻlanib qolgan.

Rossiyaning inson resurslari yoki harbiy texnikalar borasida duch kelayotgan muammolariga qaramay, rossiyaliklar ma'lum darajada ilgarilayapti. Ular Trampning hokimiyatga kelishi fonida oʻzlarining pozitsiyasini mustahkamlaganliklariga ishonmoqda. Rossiya doimiy kun tartibida boʻlib turgan 4 ta viloyatni oʻziga tamoman qoʻshib olmoqchi ekanini, buning uchun etarlicha huquqiy asos yaratilganini aytmoqda”, – deydi tahlilchi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning ta'kidicha, Rossiya hozirgacha egallagan hududlarining aksariyatini 2014 yildan keyin va keng koʻlamli urushning dastlabki yili boʻlgan 2022 yilda qoʻlga kiritgan.

“Oʻsha paytda Evropada Ukraina egallangan hududlarni Rossiyada qoldirish evaziga urushni toʻxtatishi kerakligi haqida fikrlar bildirilgan edi. Biroq Zelenskiy va uning fraktsiyasi hududlarni Rossiyaga berish evaziga muzokara oʻtkazishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan edi. Bu qonun orqali Zelenskiy Rossiya bilan hech qanday muzokaralar olib bormasligini va faqatgina urush orqali 1991 yilgi chegaralarni qayta tiklashi haqida signal bergan edi.

Hozir esa ikki tomon ham urushdan juda charchagan. Soʻnggi paytlarda rossiyalik harbiylar orasida ham, ukrainalik harbiylar orasida ham jang maydonlaridan qochib ketish holatlari koʻpaygan. Rossiya oʻzining asosiy strategik maqsadi sifatida oʻz oldiga Kursk viloyatini qaytarib olish vazifasini qoʻygan edi, biroq haligacha oʻz maqsadiga erisha olmadi. Ukraina ichkarisida ham vaziyat juda ogʻir.

Menimcha, Putin ayni paytda urushni toʻlaqonli toʻxtatish va Ukraina bilan yarashish niyatida emas. Putinning Zelenskiy legitim emasligini aytayotganidan tushunish mumkinki, u Ukrainani aralashtirmagan holda Trampning oʻzi bilan kelishuvga erishmoqchi. Mark Rubioning Ukrainaga ortiqcha umid berilgani, aslida ukrainaliklar gʻalaba qozonish imkoniyatiga ega emasligi va AQShning oʻz xavfsizligi borasida ham oʻylashi kerakligi haqidagi bayonotlari aslida Rossiyaga yon bosish hisoblanadi”, – deydi Rabbimov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Rossiya iqtisodiy jihatdan ogʻir holatda, front ikki tomonni ham nihoyatda charchatgan, lekin Putin hozir nima qilishni bilmaydi. “Chunki 3 yil davomida koʻzlangan darajadagi hududlarni egallay olmadi, urushni shu nuqtada toʻxtatsa, Ukrainaning qolgan hududlari NATOga a'zo boʻlishi mumkin, buning oldini olish yoʻlini esa na Putin, na uning strateglari bilmaydi”, deydi ekspert.

Tahlilchi Shuhrat Rasul Kiyevni egallash maqsadida urush boshlagan Rossiya 2022 yildan buyon Rossiyaning juda kam qismini egallay olganiga e'tibor qaratdi. 2024 yil oxiridagi front chiziqlariga asosan, Ukrainaning jami 107 ming kilometr kvadrat hududini (Ukraina suveren hududlarining 17,7 foizi) Rossiya nazorat qilmoqda. 2022 yil 23 fevral (keng koʻlamli urush boshlanishidan bir kun oldin) holatiga esa, Rossiya bosqini ostidagi Ukraina hududlari 42 ming kilometr kvadrat edi. Shu tariqa, RF armiyasi oʻtgan 3 yilda 65 ming km kv yoki Ukraina suveren hududlarining faqat 10,8 foizini foizini bosib olishni uddaladi.

“Joriy harbiy harakatlar davomida Rossiya qariyb 1 mln nafar askaridan va minglab harbiy texnikalaridan ayrildi, oʻzining qudrati etmagani sababli Shimoliy Koreyadan yordam soʻrashga majbur boʻldi, biroq bu ham unga kifoya qilmadi, shuning uchun hozirda Shimoliy Koreyadan yana 15 ming nafar harbiy soʻragani aytilmoqda. Avvaliga Rossiya Moskvadan kuniga 250-300 nafar odam yollagan boʻlsa, hozir bu raqamlar 30-40 kishini tashkil qilmoqda. Frontning narigi tomonida esa, AQSh va Evropaning ilgʻor harbiy sanoati Ukrainani takomillashgan qurollar bilan ta'minlash ustida ishlamoqda”, deydi Shuhrat Rasul.

Bektosh Berdiyev bu fikrga qoʻshilmaydi: uning soʻzlariga koʻra, Gʻarb berayotgan qurollar Rossiya harbiy mashinasini toʻxtata olmaydi.

“Shu vaqtgacha ham Evropa va AQSh Ukrainaga eng ilgʻor harbiy texnikalarini yuborib keldi, biroq ularning barchasi ma'lum muddat oʻtganidan keyin yoʻq boʻlib ketdi. Har gal Ukrainaga yangi harbiy texnologiyalar etkazib berilganida, mutaxassislar bu qurollar Rossiyaga qanchalik zarar etkaza olishini muhokama qilyapti, lekin amalda Rossiya baribir ma'lum darajada oldinga siljishda davom etyapti. Rossiyaning oz boʻlsa-da Ukraina ichkarisiga siljishi Ukrainani qiyin ahvolga solyapti, armiya kayfiyatiga salbiy ta'sir koʻrsatyapti”, – deydi u.

Siyosiy tahlilchi Abduvali Soyibnazarovning ta'kidlashicha, urush Tramp ma'muriyati maqsad qilgani aytilayotgan 100 kunlik muddatda yakunlanishi ehtimoli juda kam.

“Urush hali 100 kundan uzoqroq ham davom etadi va bu bitta tomon oʻz maqsadiga erishmaguncha davom etsa kerak. Rossiya Ukrainaning dengiz davlati maqomini yoʻqqa chiqarishni, sobiq ittifoq davlatlari hududidagi ta'sir doirasini tiklashni, NATOning mazkur davlatlar hisobiga kengayishining oldini olishni maqsad qilgan.

Trampning bu urush masalasidagi bayonotlari barqaror emas. Uning Ukrainaga harbiy yordamni kamaytirishi ukrainaliklarning ahvolini ogʻirlashtirib qoʻydi. Ma'lum darajada yordam berilishi davom etyapti, lekin hali Trampning oʻzi birorta ham yordam paketini imzolash haqida gapirayotgani yoʻq. Shuningdek, Bayden imzolab ketgan yordamlar boʻyicha ham barcha majburiyatlar hali toʻliq bajarilmadi”, – deydi Abduvali Soyibnazarov.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin Zelenskiyni oʻrtaga qoʻshmasdan, Tramp bilan gaplashmoqchi