18:01 / 12.02.2025
212

Tramp Ukrainaga yordam uchun tovon talab qilmoqda

Tramp Ukrainaga yordam uchun tovon talab qilmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun koʻrsatgan koʻp milliardlik yordamlari evaziga tabiiy resurslardan foydalanish koʻrinishida kompensatsiya olishi lozimligini aytdi. Bu vaqtda esa, gʻarb nashrlariga koʻra, amerikalik diplomatlar urushni yakunlash rejasi ustida ishlashda davom etmoqda, ammo Oq uyning yangi ma'muriyatining aniq takliflari boʻyicha hamon ma'lumot yoʻq. BBC Trampning Ukraina haqidagi soʻnggi soʻzlari va ularga reaktsiyalarni jamladi.

Tramp Ukraina tabiiy resurslari haqida nimalar dedi?

AQSh prezidentining Ukraina toʻgʻrisidagi soʻnggi shov-shuvli bayonotlari Fox News telekompaniyasiga intervyusida yangradi.

Intervyu New York Post tabloidida Tramp goʻyoki Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti oʻtkazgani haqida chiqqan xabar ortidan efirga ketdi. Keyinroq Tramp chindan ham Putin bilan aloqada boʻlib turganini tan oldi, ammo ular aynan qachon gaplashgani — inauguratsiyagacha yoki undan keyinligi — mavhum qoldi.

Fox News savollariga javob berarkan, Tramp urush davrida koʻrsatilgan yordam evaziga Ukrainaning foydali qazilmalaridan foydalanish imkoniga ega boʻlishni istashini bildirgan. Shu bilan birga, u Ukraina va Rossiya qarama-qarshiligi tomonlardan istalgan birining gʻalabasi bilan yakunlanishi mumkinligi va tinchlik bitimini tuzishga erishilishi yoki yoʻqligini aniq ayta olmasligini bildirgan.

«Ular [ukrainlar] kelishib olishi ham mumkin, kelisha olmasligi ham mumkin. Ular kun kelib Rossiyaning bir qismiga aylanishi ham mumkin, aylanmasligi ham mumkin, — degan Tramp Ukraina haqida. — Ammo u erda pullarimiz bor va men ularni qaytarishni istayman».

Trampning soʻzlariga koʻra, «Ukraina hududi er ostidagi noyob metallar, neft va gaz nuqtayi nazaridan ulkan ahamiyatga ega». «Men pullarimiz himoyalangan boʻlishini istardim, chunki biz yuzlab milliard dollar sarflayapmiz», — deya qoʻshimcha qilgan Tramp.

Fox News uchun intervyuda Tramp Ukraina va AQSh oʻrtasida tabiiy resurslardan foydalanish boʻyicha taklif etilgan kelishuv summasini 500 mlrd dollarga baholagan. «Men ularga, masalan, 500 milliard dollarga teng noyob er elementlari kerakligini aytdim. Ular bunga rozi boʻlishdi, shuning uchun hech boʻlmaganda oʻzimizni ahmoqdek his qilmaymiz», – dedi Oq uy rahbari.

New York Post tabloidining Tramp va Putin oʻrtasidagi «telefon muloqoti» toʻgʻrisidagi shov-shuvli xabarida esa 500 mln dollarlik kelishuv haqida gap ketadi, ya'ni bir nechta nol kam, ammo kimdir (yoki nashr jurnalisti, yoki Trampning oʻzi) shunchaki raqamlarni chalkashtirib yuborgan boʻlishi mumkin.

AQSh Davlat departamentining 2025 yil 20 yanvardagi ma'lumotiga koʻra, ya'ni Tramp inauguratsiyasi arafasida, Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bosqini davrida AQSh Ukrainaga taxminan 69,2 mlrd dollarlik yordam koʻrsatgani keltirilgan.

Shu bilan birga, Amerikaning xalqaro munosabatlar boʻyicha nufuzli tahliliy kengashi (Council on Foreign Relations) amerikaliklarning Ukrainaga keng koʻlamli urush boshidan buyon jami yordamini 175 mlrd dollarga baholagan.

Zelenskiy qanday reaktsiya qildi?

Tramp Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish gʻoyasi haqida 10 kuncha oldin Oq uyda muxbirlar bilan muloqot vaqtida ham gapirgandi. Oʻtgan vaqt ichida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu taklifga javob berdi va yaqinda Reuters agentligiga bergan intervyusida bu borada AQSh bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi.

Zelenskiy Reuters jurnalistlariga Ukraina tabiiy resurslari xaritasini koʻrsatmoqda. Uning fikricha, Rossiya foydali qazilmalar nuqtayi nazaridan eng qimmatli erlarni egallab olishga harakat qilmoqda
Zelenskiy ukrain tabiiy resurslari haqida Kiyevning urushni yakunlash boʻyicha strategiyasi sanalgan «Gʻalaba rejasi»da ham soʻz borganini eslatgan. Kiyev bu rejani oʻtgan yil oxiridayoq Trampga hamda oldingi prezident Jo Bayden ma'muriyatiga taqdim etgandi.

Shu bilan birga, Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, Ukraina AQShdan ukrain konlariga investitsiya kiritishini kutmoqda va mamlakat dunyoning boshqa koʻplab davlatlaridan farqli oʻlaroq Amerika kompaniyalari ulardan foydalanish imkoniyatini berishga tayyor.

«Men unga dedim: „Bu juda boy zamin. Bizda foydali qazilmalar bor“, — degan Zelenskiy Tramp bilan oxirgi muloqoti haqida gapirib. — Bu biz ularni kimgadir beramiz degani emas. Hatto strategik hamkorlarga ham. Gap hamkorlik haqida bormoqda, shuning uchun biz strategik hamkorlarmiz. Ya'ni pul qoʻying, marhamat investitsiya kiriting, oʻz kompaniyalaringizni chaqiring. Kelinglar, buni birgalikda ishlab chiqaraylik, pul qilaylik».

Zelenskiy Ukrainaning koʻplab qazilma boyliklari harbiy texnologiyalar nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga egaligini qoʻshimcha qilgan. Shuning uchun, Ukraina prezidentining soʻzlariga koʻra, ularni hujum uchun foydalanishi mumkin boʻlgan Rossiya emas, balki Gʻarb davlatlari olishi muhimdir.

Noyob erosti elementlari nima va ular Trampga nega kerak?

Noyob erosti elementlariga elektronika, shuningdek, elektr motorlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan 17 metall guruhi kiradi. Nomiga qaramay, bu metallar Er boʻylab keng tarqalgan, ammo ularni bir joyda toʻplangan holda topish va oʻzini oqlaydigan darajada ommaviy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ancha mushkul.

Kramatorsk yaqinidagi Belokuzminovka qishlogʻidagi boʻrli qoyalar. Ukraina turli xil tabiiy resurslarga boy.
Reuters qayd etishicha, Tramp nafaqat ushbu moddalarni, balki umuman muhim minerallarni, ya'ni zamonaviy sanoatning asosiy tarmoqlari uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan foydali qazilmalarni nazarda tutgan boʻlishi ham mumkin.

Agentlik Ukrainada uran, litiy va titanning katta zaxiralari mavjudligini eslatgan, biroq ular dunyodagi eng katta zaxiralar qatoriga kirmaydi — AQShning oʻzida ham shu va boshqa muhim minerallarning zaxiralari mavjud.

Bloomberg agentligi sharhlovchisi Mark Chempion yaqinda yozganidek, Zelenskiy oʻzining «Gʻalaba rejasi»ga Ukraina tabiiy resurslarini boʻlishish haqidagi qismni aynan «asosiy yondashuvi „sen menga — men senga beraman“ koʻrinishida boʻlgan Trampga ma'qul kelishi uchun» kiritgan.

«Ukraina Tramp aytganidek noyob ersoti metallariga emas, balki faqat litiy, marganes, titan va urangagina boyligi muhim emas. Amerika prezidenti detallarga e'tiborli emas», — deya yozadi Chempion.

Bundan tashqari, Zelenskiy ham, Gʻarb sharhlovchilari ham eslatganidek, Ukraina tabiiy resurslarining katta qismi Rossiya qoʻshinlari tomonidan bosib olingan hududlarda joylashgan. Shu sababli, ulardan foydalanish istiqbollari umuman noaniq boʻlib qolmoqda — va davom etayotgan urush sharoitida imkonsiz.

Taniqli ukrainalik siyosatshunos va jurnalist Vitaliy Portnikovning taxmin qilishicha, Tramp oʻz saylovchilariga Vashington Kiyevni nega qoʻllab-quvvatlashda davom etishi kerakligini koʻrsatish maqsadida Ukraina tabiiy resurslari haqida gapirgan.

Portnikovning eslatishicha, saylovoldi kampaniyasi davomida Tramp Ukrainaga Amerika mablagʻlari ajratilishini bir necha bor tanqid qilgandi.

«Agar [Tramp] Putin Rossiya-Ukraina urushini uzoq yillar davom ettirishga tayyorligini tushunsa va bu vaziyatda Ukrainaga yordam berishdan bosh tortish Oq uy uchun aniq siyosiy magʻlubiyat boʻladi, unda u hech boʻlmaganda unga ovoz bergan va „shamolga sovurilayotgan pullar“ haqidagi soʻzlariga ishongan amerikaliklarga Ukrainaga yordamni davom ettirish va koʻpaytirishni qanday tushuntirishi kerak?» — deya savol qoʻyadi Portnikov.

«Mana endi tushunib etdik. Gap hatto Amerika prezidentining Rossiya pozitsiyasiga munosabati haqida emas, balki amerikaliklar kelajakda Amerika iqtisodiyotini rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan konlarga kirish uchun Ukrainaga yordam berayotgani haqida boʻlishi mumkin», — deb hisoblaydi ekspert.

Vashingtonning «tinchlik rejasi» haqida nimalar ma'lum?

Tramp ukrainlarning foydali qazilmalari haqida oʻz ma'muriyati vakillari Ukraina bilan muzokaralarga, jumladan, 14 fevral kuni ochiladigan xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasiga tayyorgarlik koʻrayotgan mahalda gapirmoqda.

Trampning maxsus vakili Kit Kellogni Myunxen konferentsiyasidan keyin Kiyevda ham kutishmoqda
Britaniyaning Daily Telegraph gazetasi yozishicha, Trampning Ukraina va Rossiya boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog konferentsiyada urushni yakunlash boʻyicha oʻz takliflarining elementlarini taqdim etishi mumkin (lekin u bungacha «tinchlik rejasi» faqat AQSh prezidentining oʻzi tomonidan e'lon qilinishi kerakligini aytgandi). Kellog Myunxendan keyin Kiyevga ham safar qiladi.

CNN va Bloomberg oʻz manbalariga tayanib, Kellog oʻz rejasini shu hafta davomida Trampga taqdim etishini xabar qilgan.

Saylovlardan keyinoq Tramp Putinni harbiy harakatlarni toʻxtatishga chaqira boshlagan va agar u bunga koʻnmasa, Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar qoʻllash bilan tahdid qilgandi.

Kellogning rejasi tarkibi boʻyicha ishonchli ma'lumotlar yoʻq, ammo matbuotda quyidagicha versiya aylantirilgan:
  • Daily Telegraph xabariga koʻra, gap nodir er resurslaridan foydalanish evaziga Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatishni davom ettirish haqida ketayotgan boʻlishi mumkin (prezident Zelenskiy, avval aytilganidek, buni qoʻllab-quvvatlaydi.)
  • CNN ham agar oʻt ochish toʻxtatilib, tinchlik muzokaralari boshlansa, Ukraina koʻproq harbiy yordam olishi mumkinligini yozmoqda. Shundan soʻng, bu ma'lumotlarga koʻra, Evropa tinchlikparvar kuchlari front chizigʻida paydo boʻlishi mumkin. (Zelenskiy hozircha oʻt ochishni vaqtincha toʻxtatishga qarshi, chunki bu Rossiyaga hujumga yaxshiroq tayyorgarlik koʻrish imkonini beradi va xavfsizlik kafolatlarini bermaydi, deb hisoblaydi)
  • Kellog, shuningdek, sulh davrida Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagan. CNN’ga koʻra, AQSh shu yoʻl bilan Zelenskiyning prezidentlik lavozimidan ketishiga zamin hozirlashi, shu tariqa „bitimni jozibali qilishi va Kremlni muzokaralarga jalb qilishi“ mumkin. (Zelenskiy yakshanba kuni ITV telekompaniyasiga bergan intervyusida urush tugamaguncha saylovlarni doimiy asosda oʻtkazishga qat'iyan qarshi chiqdi: uning fikricha, bu Ukraina armiyasini yoʻq qiladi va Rossiyaning pozitsiyasini mustahkamlaydi).
  • Gʻarb nashrlaridagi materiallar mualliflari ta'kidlashicha, tinchlik uchun asosiy toʻsiqlardan biri Rossiyaning pozitsiyasi boʻlib qolmoqda, u hozircha harbiy harakatlarni toʻxtatish uchun sabab koʻrmayapti. «Hozir [Kreml] jang maydonida gʻalaba qozonmoqda — bu tez sodir boʻlmasa-da, uning qoʻshinlari oldinga siljimoqda», — deb yozadi CNN bu borada.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo