19:39 / 16.02.2025
289

Ukrainada katta islohot: armiya korpuslari urush borishini oʻzgartira oladimi?

Ukrainada katta islohot: armiya korpuslari urush borishini oʻzgartira oladimi?
Foto: Ukraina 1-tank brigadasi
Ukraina armiyasida yillar davomida muhokama qilib kelingan jarayon amalga oshmoqda: qurolli kuchlarda yangi yirik tuzilmalar — armiya korpuslari tashkil etilmoqda. Bu oʻzgarishlar himoya va hujum operatsiyalari chogʻida brigadalar va boshqa qismlar oʻrtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilashni koʻzlagan.

Soʻnggi oylarda bir qancha tahlilchilar va komandirlar frontdagi qismlar oʻrtasidagi muvofiqlashtirish etishmayotgani haqida shikoyat qilib, bu mudofaa chizigʻini yorib oʻtishda muvaffaqiyatsizliklarga olib kelayotganini ta'kidlashgan. Korpuslar joriy etilishi bu muammolarni hal etishga yordam berishi mumkin.

3 fevral kuni prezident Volodimir Zelenskiy va Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Oleksandr Sirskiy ushbu strategik islohot haqida rasman e'lon qildi.

Bu oʻzgarishlar mohiyatini tushunish uchun harbiy fanga biroz chuqurroq nazar tashlash, shuningdek, harbiy tarixni esga olish lozim. Napoleon armiyasi tajribasi, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarida yaqin oʻtmishda boʻlgan armiya korpuslari tuzilmasini oʻrganish bu borada ahamiyatli boʻladi.

Bundan tashqari, shunday harbiy birlashmalar Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi uzoq vaqtdan buyon faol ravishda qoʻllab kelinmoqda.

Hozirgi sharoitda armiya korpuslari qanday ahamiyat kasb etadi va Rossiya-Ukraina urushida ular qanday rol oʻynashi mumkin? BBC bu borada tahliliy maqola e'lon qildi.

Armiya korpusi oʻzi nima?

Harbiy nazariyaga koʻra, armiya korpusi bir nechta diviziya (hozir Ukraina qurolli quchlarida ular yoʻq) yoki brigadalardan iborat doimiy tuzilma hisoblanadi. Shuningdek, korpus tarkibiga razvedka, artilleriya, havo hujumidan himoya, injenerlik boʻlinmalari, aloqa, logistika kabi qismlar ham kiradi.

Harbiy tuzilmalar shajarasida korpus diviziya (yoki brigada) va armiya hamda armiya guruhi oʻrtasida joylashadi.

Ukraina qurolli kuchlari 72-mexanizatsyalashgan brigadasi
Bu operativ-taktik darajadagi tuzilma boʻlib, u taktik darajada (vzvod yoki batalyonlar darajasida) janglarni boshqarish vakolatiga ega emas, biroq strategik darajada – katta harbiy kampaniyalarni yoki butun urushni boshqarish bilan ham shugʻullanmaydi.

Korpusning asosiy vazifasi — ma'lum bir hududda brigadalar va diviziyalar harakatlarini muvofiqlashtirish, ularni jang maydonidagi vaziyatdan kelib chiqib, resurslar bilan ta'minlashdir. Korpus tarkibiga ikkitadan beshtagacha brigada yoki diviziya kirishi mumkin, harbiy xizmatchilar soni esa 10 mingdan 50 minggacha yoki undan ham koʻproq boʻlishi mumkin. Bu koʻrsatkich mamlakat, qoʻshin turi va qoʻyilgan vazifalarga bogʻliq.

Masalan, hozirgi zamonaviy Rossiya armiyasida korpuslar 15-30 ming askardan iborat boʻlishi mumkin, biroq Rossiya-Ukraina urushi sharoitida ularning soni ancha qisqargan boʻlishi ehtimol. Korpus qoʻmondonligi frontning ma'lum bir qismida 30 kilometrgacha boʻlgan masofada jang olib borish uchun oʻz kuchlarini qayta taqsimlash va ularni zarur hududlarga yoʻnaltirish imkoniyatiga ega.

Rossiya armiyasi tuzilmasida korpuslar sovet ittifoqi davridan beri saqlanib qolgan
Bundan tashqari, korpus tushunchasi ba'zan ma'lum bir harbiy qoʻshin turlariga (masalan, AQShning dengiz piyodalari korpusi) yoki katta harbiy tuzilmalar boshqaruv organlariga (shtablarga) nisbatan ham ishlatiladi.

Napoleondan AQShning 5-armiya korpusigacha

Tarixiy jihatdan armiya korpuslari yaratuvchisi sifatida Napoleon Bonapart tan olinadi. U XIX asr boshlarida oʻz armiyasini bir nechta doimiy korpuslarga boʻlib, ularni oʻz kavaleriyasi, piyoda qoʻshinlari va artilleriyasi bilan ta'minladi. Bu korpuslar umumiy armiya strategiyasi doirasida mustaqil harakat qila olardi.

Korpus tizimi Napoleon armiyasini boshqarishni osonlashtirdi va uni ancha manyovrchan qildi. Bu, oʻz navbatida, frantsuzlarning Napoleon urushlarining dastlabki bosqichlarida (masalan, Aushterlis jangida) gʻalaba qozonishida muhim rol oʻynadi.

Keyinchalik korpuslar boshqa davlatlarda ham joriy etildi — Prussiyadan tortib to Amerika Qoʻshma Shtatlarigacha.

Korpus tuzilmalari Birinchi jahon urushida, ayniqsa, Sharqiy frontda keng qoʻllandi. Ikkinchi jahon urushida esa tank va motorlashtirilgan korpuslarning yuqori manyovrchanligi Germaniyaga 1939–1941 yillarda Polsha, Fransiya va sovet qoʻshinlari ustidan tezkor gʻalaba qozonish imkonini berdi.

Hozir ham korpuslar koʻplab armiyalarda mavjud, biroq ular ancha ixcham va oʻzgargan shaklda faoliyat yuritmoqda.

Masalan, AQShning 5-armiya korpusi 2003 yilda Iroqdagi Amerika kuchlarining asosiy tayanch nuqtasi boʻlgan va keyinchalik Afgʻonistonda faoliyat olib borgan. 2013 yilda uni tugatishadi, biroq 2020 yilda NATOning «sharqiy qanoti» Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga javob tariqasida korpusni qayta tikladi va uning «Kemp-Kostyushko» bazasini Polshaning Poznan shahrida joylashtirdi.

Polshadagi AQSh 5-armiya korpusi askarlari
Hozirda AQSh armiyasida toʻrtta dala korpusi faoliyat yuritmoqda: 1- va 5-armiya korpuslari, 3-zirhli korpus va 18-desant korpusi.

Har qanday davrda va har qanday armiyada korpusning asosiy vazifasi katta harbiy operatsiyalar paytida brigada va diviziyalar oʻrtasida samarali muvofiqlashtiruvni ta'minlash, ularni yagona jangovar kuchga aylantirishdan iborat boʻlgan.

Ukraina armiyasida korpuslar

Ukraina qurolli kuchlari qismlari 1999 yilda
Ukraina qurolli kuchlarida ham armiya korpuslari operativ-taktik tuzilmalar sifatida mavjud boʻlgan.

Sovet ittifoqidan meros sifatida Ukrainaga «batalyon-polk-diviziya-korpus» shajarasiga ega boʻlgan armiya tuzilmasi meros qolgan. 1990-yillar davomida Ukraina armiyasida toʻrtta armiya korpusi mavjud boʻlgan.

Ularning aksariyati sobiq sovet armiyalaridan tashkil etilgan, ular yirik operativ birlashmalar boʻlib, 100 mingdan ortiq askardan iborat boʻlgan:
  • 6-armiya korpusi — sovet ittifoqining 6-gvardiya tank armiyasi negizida tashkil etilgan boʻlib, Ukraina janubi va sharqidagi boʻlinmalarni birlashtirgan;
  • 8-armiya korpusi — Qizil Bayroqli 8-tank armiya negizida tashkil etilgan boʻlib, Ukraina shimolidagi brigadalarni muvofiqlashtirgan;
  • 13-armiya korpusi — 13-umumqoʻshin armiya negizida tashkil etilgan boʻlib, gʻarbiy hududlardagi polk va brigadalarni birlashtirgan;
  • 32-armiya korpusi — Qrimdagi Ukraina armiyasi boʻlinmalarini muvofiqlashtirgan.

Biroq, armiyani isloh qilish va qisqartirish jarayonida Ukraina bosqichma-bosqich korpuslardan va diviziyalar (15-20 ming askardan iborat taktik birliklar)dan voz kechdi.

2014 yilda Donbassda urush boshlangan paytda Ukraina armiyasi «batalyon-brigada» tuzilmasi bilan faoliyat olib borayotgandi.

Ukrainalik desantchilar 2014 yil yozida
Shunday qilib, korpuslar va diviziyalar oʻrniga armiyada eng yirik mustaqil taktik birlik – brigadalar boʻlib qoldi. Ularning har biri odatda 3-5 ming askardan iborat.

«1990-yillarda Ukraina sovet armiyasi parchalarini qabul qildi. Uning asosiy tuzilmasi «polk-diviziya» boʻlib, bu katta frontda jang olib borish uchun moʻljallangan ogʻir tuzilma edi», — deydi «Strategiya XXI» globalistika markazi xavfsizlik dasturlari rahbari, sobiq harbiy-dengizchi Pavel Lakiychuk BBCʼga bergan intervyusida.

Uning soʻzlariga koʻra, armiya islohotlari paytida avval «brigada-korpus» tizimiga oʻtish amalga oshirilgan, bu oʻsha paytda oqlangan va koʻplab Evropa davlatlari armiyalari tuzilishiga mos kelgan.

«Biroq keyinchalik, armiyani asossiz qisqartirish jarayonida, harbiy-siyosiy rahbariyat korpus boʻgʻinini armiya boshqaruv tizimidan chiqarib tashladi. Bu nazariy jihatdan tinchlik davrida hali toʻliq safarbar etilmagan armiya uchun qabul qilinsa boʻladi. Lekin korpus boʻgʻini harbiy vaqt tartibiga oʻtganda armiya tarkibiga kiritilishi kerak», — deya qoʻshimcha qiladi Lakiychuk.

Shu bilan birga, Donbassdagi janglar boshlanganida ham Ukraina armiyasida korpuslar tiklanmadi.

Ekspert taxminiga koʻra, bu qaror oʻsha paytdagi aksilterroristik operatsiya (ATO) faqat Ukraina sharqidagi hududlar bilan cheklangani uchun qabul qilinmagan boʻlishi mumkin.

«Bundan koʻra, jangovar harakatlar zonasida vaqtinchalik operativ boshqaruv organlarini shakllantirishga ustuvorlik berildi. Bu vaziyat ATOni Birlashgan kuchlar operatsiyasiga aylantirganidan keyin ham oʻzgarmadi», — deydi Pavel Lakiychuk.

U aytgan vaqtinchalik organlar — ATO hududidagi beshta sektor boʻlib, ular keyinchalik boshqa vaqtinchalik operativ-taktik birlashmalar bilan almashtirildi.

2022 yildagi toʻliq masshtabli urush boshlanganidan keyin ham shunday yondashuv saqlandi. Boshqaruv yuqori darajada vaqtinchalik organlar orqali amalga oshirildi: operativ-taktik va operativ-strategik qoʻshinlar guruhlari (OTQG va OSQG), ba'zan esa bundan ham kichik taktik guruhlar.

Natijada, Ukraina armiyasining tuzilmasi «batalyon-brigada-taktik guruh-OTQG-OSQG» shaklida saqlanib qoldi.

Prezident Zelenskiy 2023 yil «Donesk» operativ-taktik qoʻshinlar guruhi jangchilari bilan uchrashuvda
Bunday tizimda faqat batalyon va brigadalar doimiy tuzilmalar hisoblanadi. Taktik guruhlarda, operativ-taktik va operativ-strategik birlashmalarda ishlagan ofitserlar esa vaqtinchalik asosda faoliyat yuritadi — ular uchun bu asosiy lavozimdan xizmat safari sifatida qaraladi (koʻp hollarda — Bosh shtabdan).

Kuzatuvchilar fikriga koʻra, bunday tizim kadrlar uzluksiz almashinishi sababli ish samaradorligini pasaytirishi mumkin.

«Front chizigʻi ming kilometrdan oshgan, armiya safi esa bir necha yuz mingga etgan bir paytda, qoʻshinlar boshqaruv tizimini oʻzgartirish ortiqcha emas, balki shubhasiz zaruratga aylandi. Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati buni tushunishi uchun uch yil zarur boʻlgani taassufli», — deydi Lakiychuk.

Soʻnggi oylarda koʻplab mutaxassislar va hatto jangovor boʻlinmalar komandirlari Ukraina armiyasining Donbassdagi muvaffaqiyatsizliklariga sifatli boshqaruv yoʻqligi sabab boʻlganini ta'kidladi. Koʻpincha bir-biriga yaqin joylashgan boʻlinmalar va hatto brigadalar oʻzaro yaxshi muvofiqlashtirilmagan, bu zaiflikdan esa Rossiya armiyasi foydalanmoqda: ular shunday nuqtalarni topib, hujum qilib, mudofaa chiziqlarini yorib oʻtishga muvaffaq boʻlmoqda.

Shuning uchun anchadan beri muhokama qilinayotgan korpuslar joriy qilinishi hamkorlikni yaxshilash uchun ehtimoliy echimlardan biri boʻlishi mumkin.

Armiya korpuslari tiklanishi

BBC ukrain xizmati ma'lumotiga koʻra, brigadalar boshqaruvini yaxshilash uchun doimiy korpuslar joriy etish taklifi ilk bor 2022 yilda Ukraina armiyasi sobiq bosh qoʻmondoni Valeriy Zalujniy tomonidan ilgari surilgan.

Biroq, oʻsha paytda bu taklif mamlakat rahbariyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanmagan.

Zelenskiy va Sirskiy fevral oyi boshida Ukraina qurolli kuchlarida armiya korpuslari tiklanishi haqida rasman ma'lum qilgandi.
«Ukrainform» nashrining Ukraina qurolli kuchlaridagi manbalari 2024 yil noyabrida korpusli tuzilmaga oʻtish haqida gapira boshlagan.

Rasman esa bu haqda 2025 yil 3 fevralda prezident Volodimir Zelenskiy va bosh qoʻmondon Oleksandr Sirskiy e'lon qildi.

Keyinchalik, Sirskiy bosh qoʻmondon sifatidagi lavozimiga tayinlanganiga bir yil toʻlishi munosabati bilan yoʻllagan bayonotida armiya korpuslarini shakllantirish amaliyotda boshlanganini tasdiqladi.

«Garchi bu islohotni toʻgʻridan toʻgʻri janglar paytida amalga oshirishga toʻgʻri kelayotgan boʻlsa-da, biz aniq va ishonch bilan shu yoʻldan ketyapmiz. Kelajakda korpusli tuzilmani toʻliq shakllantiramiz», — dedi Sirsikiy.

Islohotga oid boshqa rasmiy tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan.

Biroq, bir qator OAV va jurnalistlar, jumladan, harbiy muxbir va «Censor.net» nashri muharriri Yuriy Butusov hamda Defense Express ma'lumotlariga koʻra, armiya korpuslari tarkibida 4-5 ta brigada, muhandislik boʻlinmalari, artilleriya, havo hujumidan himoya tizimlari va boshqa yordamchi qismlar boʻladi.

Hozirda Ukraina armiyasining bir brigadasi taxminan 5 ming askardan iborat ekanini hisobga olsak, bir armiya korpusi 15-20 ming harbiydan tashkil topishi mumkin.

Biroq, koʻplab brigadalar shaxsiy tarkib boʻyicha toʻliq komplektlanmaganini ham inobatga olish kerak.

Umuman olganda, Ukraina armiyasida 20 ta korpus tuzish rejalashtirilgan. Bu hozir mavjud va yangi shakllangan brigadalar soniga mos keladi, ularning umumiy soni 100 dan oshadi.

Sergiy Zgures ma'lumotiga koʻra, har bir armiya korpusining javobgarlik zonasi 30 kilometrdan 100 kilometr kenglikkacha boʻlishi mumkin. Bu uchastkaning murakkabligi va boʻlinmalar resurslariga bogʻliq boʻladi.

Bu jang maydonining umumiy uzunligi 1200 km boʻlgan Rossiya-Ukraina urushi voqeligi bilan solishtirganda, juda mutanosibdir. Demak, yigirmaga yaqin har bir korpus oʻrtacha 60 km hudud uchun mas'ul boʻladi.

Biroq, Yuriy Butusov ayrim korpuslar faol janglar yuz berayotgan hududlarda emas, masalan, Belarus bilan chegarada joylashishi yoki rotatsiya uchun zaxira sifatida saqlanishini taxmin qilmoqda.

Shuningdek, u yangi korpuslar taktik guruhlarning oʻrnini egallashi, operativ-taktik qoʻshinlar guruhlari esa armiya tuzilmasidan chiqarilishi mumkinligini aytmoqda.

Demak, Ukraina armiyasining «korpusli» islohotdan keyingi yangi tuzilmasi quyidagicha koʻrinishga keladi: «batalyon-brigada-korpus-OSQG».

Yangi korpuslar va ularning ehtimoliy qoʻmondonlari

Prognozlarga koʻra, yangi tuziladigan korpuslardan biriga «Azov» komandiri Denis Prokopenko rahbar boʻladi
Ukraina armiyasida yangi korpuslar shakllantirish jarayoni boshlandi. Ular eng jangovar brigadalar asosida tuziladi.

Sergiy Zgures ma'lumotiga koʻra, oʻzgarishlar 3-alohida shturm brigadasidan boshlanadi.

KyivPost nashriga koʻra, ushbu brigada bazasida 3-armiya korpusi tashkil etiladi. Unga hozirgi 3-shturm brigadasi qoʻmondoni Andriy Beleskiy rahbarlik qilishi mumkin. Bu ma'lumot rasman tasdiqlanmagan, ammo inkor ham etilmagan.

Yuriy Butusov taxminiga koʻra, alohida korpus 92-shturm brigadasi asosida ham tashkil etilishi mumkin. Brigada rahbariyati hozircha bunday imkoniyatni tasdiqlamagan.

«Xartiya» brigadasi komandiri Igor Obolenskiy yangi korpus komandiri qilib koʻtarilishi kutilmoqda
Shuningdek, havo-desant qoʻshinlarida ikki korpus, dengiz piyodalarda esa bir korpus tuzish rejalashtirilgan.

Milliy gvardiya tarkibida ham ikki yangi korpus paydo boʻlishi mumkin. Jumladan, 12-korpus — «Azov» brigadasi bazasida, qoʻmondoni Denis «Redis» Prokopenko; 13-korpus — «Xartiya» brigadasi bazasida, qoʻmondoni Igor Obolenskiy boshchiligida. BBC ukrain xizmati manbalariga koʻra, «Xartiya» brigadasi bu rejalarni inkor etmagan.

Ukraina armiyasi manbalari rasmiy bayonotlar keyinroq berilishi mumkinligini aytgan. Bosh shtab esa hujjatlar maxfiylik grifiga ega ekanini ta'kidlagan.

Yuriy Butusov fikricha, yangi korpus qoʻmondonlari brigada va batalyonlarni kuchaytirish, korpus ichida rotatsiya oʻtkazish, brigadalarni qayta tayyorlash va ularning javobgarlik hududini uzaytirish yoki qisqartirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bu qoʻmondonlarning jang mavjud boʻlgan hududlar uchun aniq mas'ulligini oshiradi, qoʻl ostidagi qoʻshindan ortiqcha ma'qullovlarsiz tezda tasarruf etish imkoniyatini yaratadi.

Prezident Volodimir Zelenskiy ta'kidlaganidek, yangi korpuslarga eng istiqbolli, jangovar tajribaga ega va zamonaviy fikrlaydigan ofitserlar rahbar etib tayinlanishi kerak.

Biroq harbiy tahlilchilar brigada qoʻmondonlarini keskin ravishda korpus qoʻmondoni lavozimiga tayinlash xatarlarga olib kelishi mumkinligini ta'kidlamoqda.

Eng yaxshi brigada qoʻmondoni yangi vazifada ham samarali rahbarlik qila olishini kafolatlab boʻlmaydi. Chunki korpus qoʻmondoni brigadalar, artilleriya, havo hujumidan mudofaa va boshqa qismlarni nazorat qilishi kerak boʻladi.

New Geopolitics Research Network direktori Mixail Samusning fikricha, korpus qoʻmondoni atrofida tajribali shtab boʻlishi kerak.

«Agar u razvedka, radioelektron kurash, artilleriya va muhandislik boʻyicha malakali ofitserlardan tashkil topgan shtabga ega boʻlsa, muvaffaqiyatli brigada qoʻmondoni korpus qoʻmondoni sifatida ham muvaffaqiyat qozonishi mumkin», — deydi u.

Armiya korpuslari yana qanday foyda beradi?

Ukraina qurolli kuchlarida hozirda 5 ta korpus mavjud: 9, 10, 11 (2016 yilda tuzilgan zaxira korpusi), 7-desant-shturm korpusi va 30-dengiz piyoda korpusi.

Biroq, bu korpuslar asosan shtab vazifasini bajaradi va koʻp hollarda oʻz tarkibidagi brigadalarni bevosita boshqarmaydi.

«Hozirgi besh korpusning hech biri oʻz brigadalari toʻplamiga bevosita rahbarlik qilmaydi. Masalan, korpus qoʻmondonligi ayrim operativ-taktik qoʻshinlar guruhini (OTQG) boshqarishi mumkin, ammo ular tarkibida oʻsha korpusga tegishli brigadalar emas, balki turli hududlarga tarqalgan qismlar joylashgan», — degan «Vernis jivim» fondi rahbari Taras Chmut.

Dengiz piyodalari korpusi misolida gapira turib u shunday qoʻshimcha qilgan: «Qoʻmondon oʻz korpusi bilan ishlash oʻrniga, TRO (hududiy mudofaa) brigadalari, mexanizatsiyalashgan brigadalar, tank batalyoni, qurolli kuchlar artilleriya divizioni, desant-shturm brigadasi va boshqa turli qismlar bilan ishlashga majbur boʻladi».

Yangi islohotlarning asosiy maqsadi armiya korpuslarini doimiy brigadalar toʻplami va aniq mas'uliyat hududiga ega qoʻmondonlikka aylantirish.

Bu islohotlar orqali vaqtinchalik biriktirilgan boʻlinmalarni kamaytirish koʻzda tutilgan. Bugungi kunda frontdagi boʻshliqlarni toʻldirish uchun qisqa muddatli biriktirilgan qismlar samarasiz ishlashda davom etmoqda, ularning oʻzaro muvofiqligi past va tezda yoʻqotishlarga uchraydi.

Qoʻmondonlik tizimini yaxshilashda esa yangi korpuslar oʻzining aniq tarkibidagi boʻlinmalarni nazorat qilish orqali samarali ishlaydi.

OTQG (operativ-taktik qoʻshinlar guruhlari)dan voz kechish — bu guruhlar hozirgacha katta hududlar boʻylab bir nechta qismlarni boshqargan, ammo bu har doim ham samarali boʻlib chiqmayapti. Yangi korpuslar hududiy asosda shakllantirilib, aniq bir maydonda mas'uliyatni oladi.

Bundan tashqari, tahlilchilar qayd etishicha, Rossiya armiyasi korpus tizimidan foydalanmoqda va bu ularga katta natija bermoqda. Shuning uchun Ukraina qurolli kuchlarida korpus islohoti strategik jihatdan muhim qaror hisoblanadi.

Rossiya qoʻshinlari armiya korpuslaridan foydalangan holda hujum harakatlarini yoʻlga qoʻya oldi
Yuriy Butusov ta'kidlashicha, Rossiya armiyasi 2022 yil oxiridan buyon korpus asosida tuzilgan harbiy tuzilma bilan harakat qilmoqda. Ularning hozirgi strukturasi «polk-brigada-diviziya-korpus-armiya» koʻrinishida va bu boshqaruv tizimida ularga ustunlik beradi.

Shuningdek, yangi korpuslar taktik darajada yuqori qoʻmondonlikning haddan tashqari aralashuvini (bosh shtab mikromenejmenti) kamaytirish uchun yaratilmoqda.

«Korpuslar joriy etilishi orqali korpus qoʻmondonidan yuqori darajadagi rahbarlar taktik jarayonlarga toʻgʻridan toʻgʻri aralashish huquqiga ega boʻlmasligi ta'minlanadi», — deydi Butusov.

Pavel Lakiychuk BBCʼga bergan intervyusida, korpus tizimi haqiqiy resurslar bilan ta'minlansa va ularga toʻliq vakolat berilsa, Ukraina armiyasining modernizatsiyasi muvaffaqiyatli boʻlishi mumkinligini ta'kidladi.

Ammo, agar bu faqatgina OTQG (vaqtinchalik harbiy boshqaruv organlari) vakolatlarini korpus shtablariga formal ravishda oʻtkazish bilan cheklansa, u holda bu islohot kutilgan natija bermaydi.

Shu bilan birga, Ukraina armiyasida diviziyalar tizimini tiklash boʻyicha muhokamalar davom etmoqda. Biroq, Lakiychukning fikricha, korpus tizimiga oʻtish sharoitida bu masala ikkinchi darajali ahamiyatga ega.

«Korpuslar qanday tarkibda — diviziyalar, brigadalar yoki polklar asosida — tuzilishi unchalik muhim emas. Eng asosiysi, bu tuzilmalar tarkibi vazifalarga moslashtiriladigan, samarali va ixcham boʻlishi kerak. Byurokratik yoʻl bilan haddan tashqari rasmiylashtirilgan va oʻzgarmas tizim yaratish islohotni yoʻqqa chiqarishi mumkin», — deydi Lakiychuk.

Ekspertlar yangi korpuslar shakllanishi va ularning samaradorligi bir necha oy vaqt talab qilishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. Ammo agar hammasi toʻgʻri joriy etilsa, bu Ukraina armiyasi uchun strategik muvaffaqiyat boʻladi va brigadalar oʻrtasida muvofiqlashuvni kuchaytirib, armiyaning umumiy samaradorligini oshiradi.

Bu XIX asrdan beri armiya korpuslarining asosiy afzalligi boʻlib kelgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo