
Foto: iStock
Rochester texnologiya instituti tadqiqotchilari atmosferadan karbonat angidridni chiqarib tashlashning tabiiy jarayonlarini tezlashtirish uchun 1620 ta termoyadro bombasini portlatishni taklif qildi, deb yozmoqda Daryo nashri.
Olimlarning ogohlantirishicha: agar Erdagi oʻrtacha harorat koʻtarilishda davom etsa, asr oxiriga kelib jahon iqtisodiyotiga 200 trillion dollar zarar etishi va yuz millionlab odamlarning yashash sharoitlari keskin yomonlashishi mumkin. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun ular noodatiy echim taklif qilmoqda — har biri 50 megatonna boʻlgan 1600 dan ortiq termoyadro zaryadlarini suv ostida portlatish.
Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, termoyadroviy portlashlar bazalt kabi silikat jinslarning nurashini tezlashtirishi mumkin. Bu jarayon karbonat angidridni oʻziga biriktirib, uni atmosferadan chiqarib tashlaydi. Kichik miqyosda bunday usul allaqachon qoʻllanilmoqda: Braziliyada kompaniyalar, jumladan Google bazaltni maydalash va uni qishloq xoʻjaligi erlariga tarqatish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirmoqda. Biroq olimlar fikricha, bunday choralar global ta'sir uchun kamlik qiladi.
Taklif qilingan variantga koʻra, portlovchi moddalar dengiz tubiga 4 kilometr chuqurlikda joylashtiriladi, ustida esa 8 kilometr suv qatlami mavjud boʻladi. 800 atmosferali bosim zarba toʻlqinini yutishi, taxminan 81 gigatonnali portlash quvvati esa togʻ jinslarining tez parchalanishini ta'minlashi kerak. Olimlarning fikricha, bu holda radiatsiya eng past darajada boʻlib, okean ekotizimiga deyarli ta'sir koʻrsatmaydi.
Hisob-kitoblarga koʻra, portlashning ta'siri 30 yillik CO₂ chiqindilarining yoʻqolishiga teng boʻladi. Aks holda, olimlar okeanlarning kislotalashuvi tezlashishi, marjon riflari nobud boʻlishi va boshqa ekologik falokatlar yuz berishini bashorat qilmoqda.
Biroq termoyadro portlashlaridan bunday katta miqyosda foydalanish qanchalik xavfsiz ekanligi haqidagi savol hamon ochiq qolmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar