
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishishga tayyorligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda CBS. Biroq u mazkur kelishuvning ba’zi jihatlari hali to‘liq ishlab chiqilmaganini va qayta ko‘rib chiqishga muhtojligini urg‘uladi.
«AQSH prezidenti kelishuvning aniq shartlari va tafsilotlarini e’lon qilmagan, shu sababli men ham bu haqda hozircha gapirmayman. AQSH rahbarining bayonotidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, biz to‘g‘ri yo‘nalishdamiz. Biz kelishuvga tayyormiz, ammo ba’zi jihatlarni yanada takomillashtirish kerak», – dedi Lavrov.
Shuningdek, Lavrov «Ukrainadagi vaziyat» bo‘yicha Amerika bilan muloqot davom etayotganini ma’lum qildi.
Rossiya tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp bu mojaroning kelib chiqish sabablarini tan olgan yagona yirik davlat rahbari bo‘lishi mumkin. «Prezident Tramp Ukrainani NATOga jalb qilishga bo‘lgan urinishni jiddiy xatolik sifatida baholadi. Bu xatoni Bayden ma’muriyati sodir etgan va hozir AQSH buni tuzatmoqchi», – deb ta’kidladi Lavrov.
Tramp fikricha, Ukraina mojarosi bo‘yicha tinchlik kelishuvi yo‘lida ma’lum darajada oldinga siljish mavjud. Ammo CBS muxbirining «Ukraina tinchlik evaziga o‘z hududining bir qismini Rossiyaga berishga majbur bo‘ladimi?» degan savoliga AQSH prezidenti quyidagicha javob bergan:
«Bu qaysi hudud ekani bilan bog‘liq... Biz Ukraina bilan ishlashni davom ettiramiz, ammo ular allaqachon ko‘plab hududlarini yo‘qotgan», – dedi Tramp. Uning fikricha, Rossiya harbiy kuchlarining Ukrainaning butun hududini bosib olmagani ham Rossiya tomonidan qilingan muayyan yon berish deb baholanishi mumkin.
Ukrainaning tinchlik formulasi qanday?
Ukraina tomoni urushning to‘liq yakunlanishi uchun Rossiya qo‘shinlari 1991 yilgi chegaralarga qaytishini talab qilmoqda. Bunda 2014 va 2022 yillarda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari nazarda tutilgan. Shuningdek, Ukraina tinchlik erishilgandan keyin Rossiya tomonidan yana hujumlar amalga oshirilmasligi uchun xalqaro xavfsizlik kafolatlari berilishini talab qilyapti. Bu esa Ukrainaga xalqaro tinchlikparvar kuchlarning joylashtirilishini anglatadi. Moskva esa Ukraina taklif qilgan «tinchlik formulasi» bo‘yicha muzokaralar olib borish imkoniyatini rad etgan hamda xorijiy kuchlarning Ukraina hududiga kiritilishiga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Rossiyaning shartlari qanday?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin urushni to‘xtatish uchun bir qator talablarni ilgari surdi. Unga ko‘ra, Ukraina harbiy kuchlari o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, Xerson va Zaporoje viloyatlari hududlaridan olib chiqilishi lozim. Bundan tashqari, mazkur to‘rt viloyat hamda Qrim yarimoroli xalqaro hamjamiyat tomonidan Rossiya hududi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga qo‘shilish rejasidan voz kechishi va Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalarning bekor qilinishi talab qilinmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu talablarni «qabul qilib bo‘lmas va ishonchsiz ultimatum» deb atagan.
Hozirda xalqaro jamoatchilik Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirmoqda. Biroq ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralar va kelishuvlar hozircha jiddiy natija bermagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar