date
views 186

Iqlim inqirozining haqiqiy sababchilari: Yerni isitishda 1 foiz boylar qanday rol o‘ynamoqda?

Iqlim inqirozining haqiqiy sababchilari: Yerni isitishda 1 foiz boylar qanday rol o‘ynamoqda?
Odatda iqlim o‘zgarishlari va global isish kabi tabiiy muammolarning asosiy sababi sifatida umumiy chiqindilar va sanoat faoliyati ko‘rsatiladi. Biroq, xalqaro olimlar guruhi tomonidan tayyorlangan yangi tadqiqot bu qarashni tubdan o‘zgartirishi mumkin. Ularga ko‘ra, iqlim inqirozi — bu shunchaki umumiy tendensiya emas, balki jahonning eng boy qatlami tomonidan qabul qilingan aniq qarorlar va sarf-xarajatlar oqibati.

Kim asosiy javobgar?

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyo aholisining eng badavlat 10 foizi 1990 yildan buyon qayd etilgan global isishning qariyb 66 foizi uchun javobgar hisoblanadi. Ularning hayot tarzi, samolyotda doimiy parvozlar, yaxtalar, ulkan uylar, iste’molning yuqori darajasi va chiqindilarning ulkan hajmi — bularning barchasi Yerda yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishlarining bosh sababchilari bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, eng boy 1 foiz insonlar alohida e’tiborga sazovor. Ular dunyo bo‘ylab ekstremal issiqlik to‘lqinlarini yuzaga kelishiga o‘rtacha insonga qaraganda 26 barobar ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Amazonka o‘rmonlarida kuzatilayotgan qurg‘oqchiliklarning 17 barobar o‘sishi ham aynan shu qatlam faoliyati bilan bog‘liq, deyiladi Nature Climate Change jurnalda chop etilgan ilmiy maqolada.

Ishlab chiqarish emas, sarmoyalar xavfliroqmi?

Iqlimga salbiy ta’sir faqatgina energiya sarfi va transport vositalari bilan bog‘liq emas. Olimlarning ta’kidlashicha, yuqori darajadagi sarmoya faoliyati ham global isishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ya’ni boy insonlar ko‘p holatlarda karbonat chiqindilarga boy sohalarga investitsiya kiritib, xavfni yanada kuchaytirmoqda.

Tadqiqot mualliflaridan biri Sara Shongart buni shunday izohladi:

“Ekstremal iqlim hodisalarining kelib chiqishi faqat mavhum chiqindilarga emas, balki jamiyatdagi muayyan qatlamlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarga, sarmoyalarga va hatto hayot tarziga bog‘liq. Bu esa mas’uliyatni aniq guruhlarga yuklashi mumkin.”

Yechim bormi?

Shu asosda olimlar global iqlim siyosatini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilmoqda. Ular fikricha, dunyodagi eng boy qatlam uchun progressiv iqlim soliqlarini joriy etish, ularning faoliyatlariga nisbatan shaffoflikni oshirish va aniq javobgarlik mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.

Tadqiqotdagi yana bir muhim xulosa: agar barcha insoniyat Yerdagi eng kambag‘al 50 foiz insonlar kabi kam chiqindi chiqarganida, so‘nggi 30 yildagi global isish deyarli kuzatilmagan bo‘lar edi.

Bu esa har bir fuqaroning emas, balki muayyan manfaatdor qatlamlarning harakatlari sayyoramiz kelajagini hal qilib qo‘yayotganini anglatadi. Iqlim masalasida haqiqiy o‘zgarish bo‘lishi uchun esa mas’uliyatni qayd etish va uni amaliy choralar bilan to‘ldirish talab etiladi.

Siz nima deb o‘ylaysiz — iqlim muammolarida haqiqiy aybdorlar aniqlanmoqdami?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Iqlim inqirozining haqiqiy sababchilari: Yerni isitishda 1 foiz boylar qanday rol o‘ynamoqda?