
Yevropa kengashi Parlament assambleyasining maxsus ma’ruzachisi Saskiya Klyuyt Isroil armiyasining G‘azo sektorida amalga oshirayotgan amaliyotlarini genotsid va etnik tozalashga aylanganini rasman bayon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo aholisi tobora torayib borayotgan hududga siqilib qolgan, bombalardan va hujumlardan himoyalanish imkonidan mahrum etilgan. “Xavfsiz hududlar” degan nom bilan atalgan joylar ham aslida xavfsiz emasligini ta’kidlagan ma’ruzachi shunday dedi:
“Bularning barchasi, shuningdek, Isroil hukumatining G‘azo aholisi taqdiri haqida bildirayotgan izohlari Isroilning harakatlari genotsid va etnik tozalashga teng ekanini yaqqol namoyon qiladi”.
Shuningdek, u Isroilning 2 martdan buyon G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini kiritishga to‘sqinlik qilayotganini ham qoraladi.
“Bu zo‘ravonlikning eng katta qurbonlari bolalar bo‘lib qolmoqda. Ular oziq-ovqat, ichimlik suvi, tibbiy yordam va boshpanasiz qolmoqda. Bu bolalarning yashash huquqining poymol etilishidir”, – deya qo‘shimcha qildi Klyuyt.
Yevropa kengashi ma’ruzachisi Isroil hukumatidan tinch aholiga qarshi hujumlarni darhol to‘xtatishni, insonparvarlik yordamini yetkazishga ruxsat berishni va xalqaro huquq normalariga amal qilishni talab qildi. Xalqaro hamjamiyatdan esa G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun chora ko‘rishni so‘radi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Nyu-Yorkdagi matbuot anjumanida G‘azo aholisi jiddiy sinovlar girdobida qolganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Isroil 80 kundan buyon G‘azoga gumanitar yordam kirishini cheklab, butun aholini ochlik va tashnalik tahdidi ostida qoldirmoqda.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil 400 ta yuk mashinasida gumanitar yordam kirishiga ruxsat bergan bo‘lsa-da, ulardan atigi 115 tasi manziliga yetib borgan xolos. Guterrish esa bu ko‘mak hajmini “dengizdan bir tomchi” deb atadi.
Suv, oziq-ovqat va dori-darmonning kirishi mutlaqo to‘xtatilgani bois gumanitar falokat yanada chuqurlashmoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azo sektoridagi 2,3 million aholining ochlik, chanqoqlik va turli kasalliklardan aziyat chekayotganini qayd etmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Adhanom Gebreyesusning ta’kidlashicha, yordam vositalari atigi bir necha daqiqalik masofada bo‘lsa-da, minglab odamlarning hayoti xavf ostida qolmoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham G‘azodagi gumanitar inqirozni chidab bo‘lmas darajaga yetganini ta’kidlab o‘tdi.
Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabrdan boshlab, HAMASning hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirgan va natijada 53 822 nafar falastinlikning hayotiga zomin bo‘lgan. Ularning aksariyati bolalar va ayollardir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar