date

Plastikdan dori: Britaniya olimlari paratsetamol ishlab chiqarishda inqilob qildi

Plastikdan dori: Britaniya olimlari paratsetamol ishlab chiqarishda inqilob qildi
Plastik chiqindilardan foyda: olimlar ichak tayoqchasini modifikatsiya qilib, yangi texnologiya yaratdi
Dunyoda har yili millionlab tonna plastmassa chiqindilarga aylanadi. Shu bilan birga, inson salomatligi uchun eng zarur dori vositalaridan biri — paratsetamol ham haligacha neft mahsulotlari asosida ishlab chiqariladi. Ammo yaqinda Britaniyaning Edinburg universiteti olimlari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy yutuq ushbu ikki global muammoni bir vaqtning o‘zida hal etish imkonini berishi mumkin.

Britaniyalik tadqiqotchilar ichak tayoqchasi (Escherichia coli) deb ataluvchi bakteriyani genetik o‘zgartirib, uni plastmassa chiqindisini inson tanasi uchun muhim bo‘lgan dori — paratsetamolga aylantiradigan mikroskopik fabrikaga aylantirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ushbu kashfiyot haqida “Nature” jurnalida chop etilgan maqolada batafsil ma’lumot berilgan.

Kimyoviy jarayonga yangi yondashuv
Tadqiqotchilar o‘z ishlarda 1872 yildan beri ma’lum bo‘lgan Lossan reaksiya­sidan foydalanishdi. Ushbu reaksiya — kimyoda muayyan moddalarni foydalanishga arzirli birikmalarga aylantirishda muhim ahamiyatga ega jarayon. Olimlar ushbu reaksiya­ni ilk bor tirik bakteriya ichida samarali amalga oshirishga erishishdi. Bu esa katta yutuq hisob­lanadi. Chunki avvalgi tadqiqotlarda ushbu reaksiya toksik metallar yoki yuqori harorat talab qilardi.

Tabiiy ravishda bakteriya hujayralarida mavjud bo‘lgan fosfat ionlari endi bu reaksiya­ni havfsiz va samarali amalga oshirishi mumkin. Bu jarayonda nafaqat toksik moddalardan halos bo‘lamiz, balki energiya tejamkor usuldan ham foydalanamiz.

Bakteriya — yangi dori fabrikasi
Edinburg universiteti muhandislari genetik o‘zgartirish kiritilgan ichak tayoqchasi shtammini yaratishdi. Ushbu bakteriya odatda organizm uchun muhim bo‘lgan para-aminobenzoy kislotasini (PABA) mustaqil sintez qila olmaydi. Ammo u agar modifikatsiya qilingan plastik chiqindidan olingan maxsus kimyoviy substratni olsa, uni ushbu kislotaga aylantiradi va o‘zining ko‘payishini ta’minlaydi.

Bu jarayon polietilentereftalat (PET) deb ataluvchi keng tarqalgan plastmassani parchalanishi bilan boshlanadi. U tereftalik kislotaga aylanadi, keyin kimyoviy modifikatsiyadan o‘tkazilib, bakteriyalar uchun tayyorlanadi. Genetik o‘zgartirilgan ichak tayoqchasi bu mod­da­ni PABA ga aylantiradi, keyin esa maxsus fermentlar yordamida u paratsetamolga aylantiriladi. Ya’ni, avval chiqindi bo‘lgan modda — endi inson uchun shifo manbaiga aylanadi.

Eng qiziq jihati shundaki, laboratoriya sharoitida olib borilgan tajribalarda paratsetamol olish darajasi 92% ni tashkil etdi. Bu juda yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, texnologiyaning kelajakda sanoat miqyosida qo‘llanish ehtimolini oshiradi.

Ilmiy yutuq­ning amaliy qiymati
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ushbu texnologiya bir vaqtning o‘zida ikkita katta global muammoni hal etishga yordam beradi. Birinchisi — plastmassa chiqindilarini kamaytirish. Hozirda dunyo bo‘ylab har yili taxminan 56 million tonna PET plastik ishlab chiqariladi va ularning katta qismi qayta ishlanmay, chiqindiga aylanadi. Bu ekologiya uchun katta tahdiddir.

Ikkinchisi — dori vositalarining ishlab chiqarish jarayonini ekologik toza usulga o‘tkazish. Paratsetamol — dunyodagi eng ko‘p ishlatiladigan dori vositalaridan biri hisoblanadi. Har kuni millionlab insonlar uni bosh og‘rig‘i, isitma va turli yallig‘lanishlarga qarshi qabul qiladi. Ammo bu dori neft mahsulotlaridan sintez qilinadi, bu esa atrof-muhit uchun xavfli jarayondir. Yangi biotexnologik usul esa xona haroratida, hech qanday toksik kimyoviy moddalarsiz va past xarajat bilan paratsetamol olish imkonini yaratadi.

Individual va sanoat miqyosida istiqbolli texnologiya
Ushbu ishlanma kelajakda tibbiyot va sanoat sohasida yangi yo‘nalishlarni ochib berishi mumkin. Masalan, faqat paratsetamol emas, balki boshqa turdagi dori modda­larini ham shunga o‘xshash biologik yo‘llar bilan chiqindidan ishlab chiqarish imkoni tug‘ilishi mumkin. Agar mazkur texnologiya sanoat miqyosida to‘liq yo‘lga qo‘yilsa, u nafaqat ekologik muammolarni yengillashtiradi, balki dori­vositalarining narhini ham ancha arzonlashtiradi.

Shu bois, xalqaro ilmiy jamoatchilik ushbu tadqiqotga katta qiziqish bilan yondashmoqda. Ayni paytda turli laboratoriyalar va farmatsevtika kompaniyalari texnologiyani amaliy tajribalarda sinab ko‘rish uchun hamkorlikka qiziqish bildirmoqda.

Xulosa: ilm va tabiat birgalikda muammolarni hal qilmoqda
Britaniyalik olimlarning mazkur tadqiqoti zamonaviy bioinjeneriya, kimyo va ekologik mas’uliyatning muvaffaqiyatli uyg‘unlashuviga yorqin misoldir. U nafaqat plastmassa muammosini kamaytirish, balki inson salomatligi uchun havfsiz va samarali dori vositalarini yaratishda ham yangi yo‘nalishlarni ochib bermoqda.

Ehtimol, yaqin kelajakda dori vositalari chiqindidan olinadigan, ekologik toza va arzon mahsulotga aylanishi mumkin. Va shunda ilm-farosat, jonli tabiat va inson ehtiyojlari bir nuqtada uchrashadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Plastikdan dori: Britaniya olimlari paratsetamol ishlab chiqarishda inqilob qildi
-->