
G‘azo shahridagi Indoneziya shifoxonasi direktori va yurak shifokori sifatida tanilgan doktor Marvon al-Sulton vafoti butun Falastin tibbiyot jamoasi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Uning farzandlari bu havo hujumi tasodif emas, balki maxsus rejalashtirilgan hujum ekanligini ishonch bilan aytishmoqda.
Joriy haftada Isroil havo kuchlari tomonidan amalga oshirilgan raketa zarbasi natijasida doktor al-Sulton, uning rafiqasi, qizi, opasi va kuyovining hayoti uzildi. Zarba aynan ular yashagan xonadonni nishonga olgan. Ularning yashash manzili, shimoliy G‘azodan ko‘chirilganlar uchun vaqtinchalik boshpana bo‘lib turgan turar joy edi.
Doktorning tirik qolgan qizi Lubna: “Hamma xonalar joyida, faqat otam bo‘lgan xona to‘liq vayron qilingan. Raketa aynan shu xonaga to‘g‘ri kelgan,” — dedi. Bu esa, hujum tasodifiy emasligini ko‘rsatadi, deydi u.
Uning o‘g‘li Ahmad esa buni “ataylab qilingan hujum” deb baholadi: “Faqat 4 va 5-qavatlar — bizning oilamiz joylashgan qismlar — zarbaga uchradi. Buning boshqa izohi yo‘q. Bu otamning kasbga sadoqati uchun jazosi bo‘ldi. U o‘limigacha beminnat mehnat qildi.”
Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, doktor al-Sulton kutilmagan zarba oldidan 10 daqiqa oldin u yerda bo‘lgan. Qaytib kelganida esa ko‘rgan manzarani so‘z bilan ifoda etish qiyin: “Qaysi tirik, qaysi o‘lgan — ajrata olmadim. Ba’zi tanalar parchalangan holda edi. Ko‘p qurbonlar — ayollar va bolalar edi.”
Doktor Marvon al-Sulton nafaqat oilasi, balki butun G‘azo jamoasi uchun qadrli inson bo‘lgan. U faqat yurak shifokori bo‘lib qolmay, balki tibbiyot sohasida yetuk mutaxassis va rahbar sifatida faoliyat yuritgan. “Healthcare Worker Watch” tashkilotiga ko‘ra, u G‘azodagi so‘nggi ikki yurak mutaxassisidan biri edi.

Ahmadning ta’kidlashicha, “Otam hamma tarafdan hurmat qozongan. U Indoneziya shifoxonasida ham, Kamal Advan shifoxonasida ham muhosarada qolgan paytda ham ketmagan. Jang boshlangan ilk oylarda bizni faqat qisqa vaqtlarga ko‘rardik. U doim shifoxonada bo‘lardi.”
Al-Sultonning vafoti bilan shimoliy G‘azodagi barcha shifoxonalar rahbarlari yo urushda halok bo‘ldi, yoki Isroil harbiylari tomonidan hibsga olindi. Jumladan, Kamal Advan shifoxonasi direktori doktor Ahmad al-Kaxlout, uning o‘rinbosari doktor Hussam Abu Safiyo va al-Ao‘da shifoxonasi rahbari doktor Ahmad Muhanna hozirda Isroil qamoqxonalarida saqlanmoqda.
Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) ushbu hujum bo‘yicha shunday bayonot berdi: “Chorshanba kuni G‘azo shahri hududida HAMAS tashkilotiga mansub asosiy terrorchiga zarba berildi. Bunda beayb fuqarolar jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkinligi tekshirilmoqda. IDF fuqarolarga zarar yetkazishdan afsuslanadi va bunday holatlarni kamaytirishga harakat qiladi. HAMAS terrorchi tashkiloti xalqaro huquqni buzgan holda fuqarolarni tirik qalqon sifatida qo‘llaydi. Mazkur hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda.”
“Healthcare Worker Watch” ma’lumotlariga ko‘ra, doktor al-Sulton so‘nggi 50 kun ichida Isroil zarbasi bilan halok bo‘lgan 70-tibbiyot xodimi bo‘lgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa 2023 yil oktyabrida boshlangan urushdan buyon G‘azoda 1400 dan ortiq tibbiyotchi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Jenev konvensiyalariga ko‘ra, urush paytida tibbiyot xodimlariga zarba berish — harbiy jinoyat hisoblanadi. Bu qonunlar shifokor va shifoxonalarni himoya qilishni talab qiladi. Ular bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishi kerak va himoya ostida bo‘ladi.
Doktor Marvon al-Sultonga qilingan hujum haqiqatan ham shubhali va ko‘plab insonlarda u ataylab nishonga olingan, degan gumonni kuchaytirmoqda. Hujumdan zarar ko‘rgan binodan faqat o‘sha ikki qavat vayron bo‘lgani bu gumonlarni asoslashda muhim dalil sifatida ko‘rilmoqda.
Bu nafaqat bir oilaning alami, balki butun jamoatchilik uchun achinarli fojea hisoblanadi. G‘azo singari muhosaradagi hududda yuqori malakali shifokorlarni yo‘qotish nafaqat inson siymosini, balki jamiyat sog‘lig‘ini ham yo‘qotishdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar