
Rossiya prezidenti Vladimir Putin so‘nggi haftalarda xalqaro siyosat sahnasida kutilmagan harakat bilan ishtirok etdi. Uning tashabbusi yadroviy muammolar bo‘yicha tarixda yangi sahifa ochishi mumkin.
Axios nashrining xabar berishicha, muzokaralar jarayonidan xabardor manbalar Putinning Donald Tramp va Eron rasmiylariga shaxsan murojaat qilganini tasdiqladi. Unda Rossiya rahbari Tehronni uranni boyitishdan mutlaqo voz kechishga chorlagan.
Shu paytgacha Moskva Eronning yadroviy dasturiga ochiq himoyachi bo‘lib kelayotgandi. Rossiya rasmiylari Tehronning uranni boyitish huquqini xalqaro maydonda doimo himoya qilgan. Ammo Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik qonli to‘qnashuvlardan so‘ng Kremlning pozitsiyasi keskin o‘zgardi.
Nashr yozishicha, Putin urushdan so‘ng shaxsan Eron rahbariyati bilan aloqaga chiqib, urandan voz kechish muhimligini uqtirgan. Bu endi faqatgina Rossiyaning Eronga nisbatan pozitsiyasi emas, balki global xavfsizlik uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Shu bilan birga, Moskva Isroil hukumatiga ham bu haqda ma’lum qilgan. Isroilning yuqori martabali rasmiylaridan biri: “Biz Putinning Eronga nima deganini bilamiz”, deya fikr bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyun kuni Isroil Eronning yadroviy obyektlari, yuqori darajali amaldorlari va olimlarini nishonga olib, keng qamrovli hujum boshlagan edi.
Bunga javoban Eron Isroil hududini ballistik raketalar bilan o‘qqa tutdi. 22 iyun kuni esa AQSH Eronning bir nechta yadroviy obyektlariga havodan zarba berdi. Ikki kundan keyin taraflar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning zarbasi oqibatida 935 nafar eronlik halok bo‘ldi. Eronning javob zarbalari esa 28 isroillikning hayotiga zomin bo‘ldi.
Shu orqali AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z chiqishida Eronning yadroviy dasturi “yangidan barham topdi” deb e’lon qildi. Ammo AQSH OAVlari bu so‘zlarga shubha bilan qarab, dastur faqat bir necha oyga ortga surilganini yozmoqda. Tramp esa ularni “soxta yangilik tarqatuvchilar” deb tanqid qildi.
Muzokaralar va bosimlar davom etayotgan bu jarayonda Eron yadroviy dasturdan voz kechishga tayyormi? Rossiya va AQSHning yagona pozitsiyasi bu masalada qanday hal qilinishini belgilab berishi mumkin. Yadroviy xavfsizlik yana global siyosiy o‘yinning markazida. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar