date

Shein va Temu'dan olingan mahsulotlar xavflimi?

Shein va Temu'dan olingan mahsulotlar xavflimi?
Yevropa Ittifoqining adliya bo‘yicha komissari Maykl Makgrat Shein va Temu kabi Xitoyning ommalashgan onlayn savdo platformalari orqali sotilayotgan ayrim mahsulotlarning inson salomatligiga xavf tug‘dirayotganidan tashvish bildirdi, deb Guardian nashri xabar berdi.

Makgratga ko‘ra, har kuni Yevropaga 12 milliondan ortiq arzon paketlar tashiladi. Ularning ko‘pchiligi amaldagi qonunlarni buzgan holda sotilmoqda. U butun Yevropada o‘tkazilayotgan “maxfiy xaridor” tadqiqot natijalarini kutmoqda. Ushbu tekshiruv Xitoy kompaniyalarining Yevropa qonunlarini chetlab o‘tayotganini tasdiqlashi mumkin.

Eng xavfli mahsulotlardan biri sifatida u bolalar uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni misol keltirdi: uning detallarini osongina yechib olish mumkin va bu chaqaloqning nafas ololmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu mahsulotlarda xavfsizlik uchun kerakli standart teshik mavjud emas.

Boshqa xavfli mahsulotlar:
• Zaharli kimyoviy moddalarga ega bolalar yomg‘irpo‘shlari.
• UV filtri yo‘q quyosh ko‘zoynaklari.
• Me'yordan uzun bog‘ichli bolalar shortiklari – yiqilish xavfini kuchaytiradi.
• Lillal (butylphenyl methylpropional) moddasi bo‘lgan kosmetik vositalar — bu modda Yevropa Ittifoqida 2022 yildan beri taqiqlangan.

“Safety Gate” nomli tizim orqali bu kabi mahsulotlar haqida ogohlantirishlar tarqatiladi. 2024 yilda 4137 ta ogohlantirish qayd etilgan bo‘lib, ularning 35 foizi kosmetika mahsulotlariga tegishli bo‘lgan.

Makgrat buni faqat iste’molchilar xavfsizligi masalasi emas, balki mahalliy bizneslar uchun adolatli raqobat muammosi deb hisoblaydi. “Yevropa kompaniyalari xavfsizlik qoidalariga rioya qilmoqda va katta xarajat qilmoqda. Qonunga amal qilmayotganlar bilan raqobatlashish ularning sha’niga mos emas,” dedi u.

Yevropa statistikalariga ko‘ra, 2024 yilda 150 yevrodan arzon 4,6 milliard dona mahsulot olib kirilgan — bu 2023 yilga qaraganda 2 barobar, 2022 yilga qaraganda esa 3 barobar ko‘p.

Yevropa Ittifoqi quyidagi choralarni ko‘rib chiqmoqda:
• 150 yevrogacha bo‘lgan tovarlarga bojxona imtiyozini bekor qilish.
• Har bir posilka uchun qo‘shimcha yig‘im joriy qilish.
• Yevropa miqyosida yagona bojxona organi tashkil qilish.

AQShda ham xuddi shunday choralar 1 iyundan kuchga kirgan. Donald Tramp tomonidan $800 chegara bekor qilingan va xaridorlar endi har mahsulot uchun 30% soliq yoki kamida $50 to‘lamoqda.

Shein 2025 yilda mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash uchun $15 million sarflashini e’lon qildi. Ular 2,5 milliondan ortiq mahsulot sinovidan o‘tkazgan va 500 dan ortiq yetkazib beruvchini olib tashlagan.

Temu bu borada izoh bermadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shein va Temu'dan olingan mahsulotlar xavflimi?