Yevropa Ittifoqi Bryussel orqali Vengriya bilan murakkab muzokaralarni olib borishda yangi yo‘lni tanlamoqda. Financial Times nashrining 19 sentyabr kuni tarqatgan xabarlariga ko‘ra, Yevropa komissiyasi Vengriyaga 550 million yevro miqdoridagi mablag‘ni taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu qadam Vengriya bosh vaziri Viktor Orban qo‘ygan veto qarorini bekor qilishga qaratilgan.
Ma’lumki, Orban hukumati Rossiyadan energiya mahsulotlari importiga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritilishiga qarshilik qilib kelayotgan edi. Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra, yangi sanksiyalarni qabul qilish uchun barcha a’zo davlatlarning yakdil ovozi zarur. Shu bois Vengriya va Slovakiyaning pozitsiyasi ayni paytda Bryussel uchun jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ayni paytda Rossiya neftini oxirgi import qiluvchi davlatlardan biri bo‘lgan Vengriyani rozi qilish uchun turli usullarni ishga solmoqda. Shu jumladan, ularga ajratilgan mablag‘larni qaytarish masalasi ham muzokaralarda asosiy vosita sifatida qo‘llanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Yevropa komissiyasi Vengriya uchun umumevropa dasturlari doirasida ajratilgan taxminan 22 milliard yevro mablag‘ni muzlatib qo‘ygan edi. Buning sabablari sifatida sud mustaqilligi, qochqinlar huquqlari hamda akademik erkinlikka oid jiddiy xavotirlar tilga olingan. Bryussel ushbu qaror orqali Budapesht siyosatini o‘zgartirishga bosim o‘tkazishni maqsad qilgan.
Yangi muzokaralar jarayonida esa Yevropa Ittifoqi Vengriyani Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasida yon bosishga undash uchun mablag‘larni qaytarishni taklif qilmoqda. Mutasaddilarning aytishicha, bu kelishuv Yevropa Ittifoqining yagona pozitsiyasini ta’minlash va Moskvaga qarshi siyosiy choralarni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!