Amerika Qo‘shma Shtatlarida federal hukumatning vaqtincha to‘xtab qolishi ehtimoli borligi haqida jiddiy ogohlantirish berildi. Prezident Donald Tramp matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, agar Kongressdagi respublikachilar va demokratlar federal byudjetni moliyalashtirish masalasida kelishuvga erisha olmasa, 1-oktyabrdan boshlab hukumat faoliyati vaqtincha yopilishi mumkin.
“Biz demokratlar bilan muzokaralarni davom ettiramiz, biroq mamlakat bir muddat yopilishi ehtimoli ham yo‘q emas. Bu vaqtda biz harbiylar va ijtimoiy xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratamiz”, — dedi Tramp Oq uydagi chiqishida.
Prezidentning ta’kidlashicha, agar hukumat yopilsa, demokratlar ilgari surgan qator tashabbuslarning moliyalash imkoniyati bo‘lmaydi. Shu bilan birga, federal dasturlar va turli ijtimoiy yo‘nalishlardagi qo‘llab-quvvatlashlar ham vaqtincha to‘xtab qolishi ehtimoldan xoli emas.
Tramp Senatdagi jarayonlarga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, Vaksillar palatasi tomonidan ma’qullangan qonun loyihasi Senatda ham tasdiqlanishi zarur. Hozirgi paytda respublikachilar Senatda 53 ovozga ega, ammo hujjat qabul qilinishi uchun kamida 60 ovoz kerak. Shu sababli demokrat senatorlarining qo‘llab-quvvatlashi hal qiluvchi ahamiyatga ega, ammo ularning rozi bo‘lishiga ishonch pastligini Prezident ochiq ta’kidladi.
Mutaxassislar fikricha, hukumatning vaqtincha yopilishi mamlakatda moliyaviy barqarorlik va davlat xizmatlarining faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, federal idoralardagi ish jarayonlari, ayrim ijtimoiy dasturlar hamda xavfsizlik sohasidagi xarajatlar qisqarishi ehtimoli bor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!