date

Vadim Abramov: mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘rayman

Vadim Abramov: mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘rayman

O‘zbekiston Superligasi 22-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Dinamo” (2:1) uchrashuvidan so‘ng samarqandliklar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Abramovning fikricha, uchrashuv qanday kechganini barcha muxlislar o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani uchun asosiy urg‘u savollarga qaratildi. Uning ta’kidlashicha, “Dinamo” maydonga g‘alaba uchun chiqqan, biroq ayrim xatolar va zaxiradagi qisqalik jamoa natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

— Bugun ikkala darvozabon ham maydonda harakat qildi. Odatda so‘nggi paytlarda Edem Nemanovga ishonch bildirib kelayotgan edingiz, — degan savolga Abramov quyidagicha javob qaytardi:

— Bu yerda faqat ishonch emas, balki mashg‘ulotlardagi ko‘rsatkich ham muhim. Har ikki darvozabon ham yaxshi ishlaydi. Nemanov terma jamoaga ketganida biz nazorat o‘yinlari o‘tkazganmiz va o‘shanda Yagudin asosiy darvozabon bo‘lib to‘p surgan. U tajribali futbolchi. Biroq ko‘z muammosi sababli ikkinchi taymda o‘yinni davom ettira olmadi va natijada Nemanovni maydonga tushirishga to‘g‘ri keldi.

Abramov, shuningdek, jamoada zaxira yetishmasligini tan oldi:

— Afsuski, zaxiramiz juda qisqa. Ba’zi futbolchilarimiz jarohat olgan, ayrimlari esa diskvalifikatsiya qilingan. Shu sababli o‘yin sariqqa borganda kerakli kuchni zaxiradan olib chiqa olmadik. Mag‘lubiyat uchun samarqandlik muxlislardan uzr so‘rayman, — dedi murabbiy.

Uning fikricha, “Dinamo” durang uchun emas, balki faqat g‘alaba maqsadida Farg‘onaga yo‘l olgan. Biroq oddiy xatolar jamoaga qimmatga tushdi:

— Futbol shunaqa o‘yinki, har doim ham ustunlikka ega bo‘lgan jamoa g‘alaba qozonmaydi. Biz ham hujumkor o‘ynadik, lekin kichik xato katta natijaga ta’sir qildi, — dedi Abramov.

Jurnalistlar e’tiborini “Dinamo”ning ayni paytgacha Levchenko boshqaruvidagi “Neftchi”ga doim mag‘lub bo‘layotgani ham tortdi. Bu haqdagi savolga Abramov shunday javob berdi:

— Chunki “Neftchi”da yaxshi murabbiy ishlayapti. U taktikani to‘g‘ri qo‘yadi va futbolchilar tanlovida xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham ular bizga qarshi doim ustun kelmoqda.

Abramovning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, jamoa ichki muammolarga qaramay, o‘yinlarda faqat g‘alaba uchun maydonga chiqmoqda. Ammo bugungi mag‘lubiyat ular uchun katta saboq bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘rayman