Avstriyada jamoatchilikni hayratga solgan noodatiy holat qayd etildi. Ma’lum bo‘lishicha, 48 yoshli erkak soxta diplomdan foydalanib, qariyb 15-yil davomida maktabda o‘qituvchi sifatida ishlab kelgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, holat o‘qituvchining hamyoni yo‘qolib qolishi ortidan ochiqqa chiqqan. Huquq-tartibot idoralari tekshiruv jarayonida uning hujjatlari ichida qalbaki diplomni aniqlashgan. Shundan so‘ng maxsus tergov ishlari yo‘lga qo‘yilgan va gumonlanuvchi shaxs ustidan surishtiruv boshlangan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv paytida uning uyidan yuqori sifatda tayyorlangan soxta diplom ham topilgan. Tergov materiallariga ko‘ra, u 2010-yildan beri nemis tili hamda jismoniy tarbiya fanlaridan dars berib kelgan.
So‘roq jarayonida o‘qituvchi o‘z aybini to‘liq tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatdagi soxtalikni “faqat formal rekvizit” sifatida qabul qilgan va haqiqiy jiddiy ahamiyat bermagan. Biroq qonunchilik nuqtayi nazaridan bunday harakat og‘ir jinoyat sifatida baholanadi.
Maktab ma’muriyati esa darhol unga nisbatan ish faoliyatini to‘xtatdi. Agar sud jarayonida uning aybi isbotlansa, erkak ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, ushbu holat ta’lim muassasalarida kadrlar tekshiruvi va hujjatlarning haqqoniyligini nazorat qilishda yanada qat’iy choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi. Chunki bu kabi holatlar nafaqat ta’lim tizimining obro‘siga, balki o‘quvchilarning kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!