date

Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar uchun yangi sug‘urta tizimi joriy etiladi

Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar uchun yangi sug‘urta tizimi joriy etiladi

Xorijda ishlayotgan fuqarolarning huquqlari, hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston hukumati muhim qaror qabul qildi. Yangi hujjatga ko‘ra, mehnat migrantlari uchun ixtiyoriy sug‘urta tizimi joriy etiladi. Bu orqali fuqarolarning xavfsizligi, moliyaviy barqarorligi va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan tizim mehnat migrantlari uchun kompleks himoyani ta’minlaydi. Sug‘urta kompaniyalariga esa migrantlar uchun imtiyozli tariflar hamda maxsus sug‘urta mahsulotlarini yaratish tavsiya etildi.

Yangi mexanizm asosida xorijda ishlayotgan fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, patent yoki ishlash ruxsatnomasi rad etilishi ehtimolini qoplash, shuningdek, xorijda ishga joylashish uchun olingan kreditlarning qaytmasligi xavfini sug‘urtalash imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, sug‘urta tashkilotlari O‘zbekiston hududida ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisini berish yoki migrant bo‘lgan mamlakatdagi assistans xizmatlari orqali tezkor tibbiy yordamni tashkil etish majburiyatini ham o‘z zimmasiga oladi.

Hujjatga muvofiq, sug‘urta qoplamasi fuqaro to‘lov qilgan valyutada qoplanadi. Uzoq muddatli hayot sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urtalanuvchi vafot etgan yoki I–II guruh nogironligi yuz bergan hollarda to‘liq qoplama amalga oshiriladi. Agar sug‘urtalanuvchi belgilangan yoshga yetsa, unga sug‘urta summasi bilan birga investitsiya daromadidan ham ulush to‘lanadi.

Bundan tashqari, agar sug‘urta mukofotining kamida 30 foizi hayot sug‘urtasiga yo‘naltirilgan va sug‘urta davri 12 oydan ortiq bo‘lsa, pul o‘tkazish xarajatlari ham to‘liq qoplanadi.

Mehnat migrantlarining hayoti, sog‘lig‘i va tavakkalchiliklarini sug‘urtalash tartibi haqidagi nizom ilova sifatida tasdiqlanadi. Bu hujjat orqali xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz moliyaviy va tibbiy xavflardan himoyalanadi, rad etilgan hujjatlar yoki qarz qaytmasligiga oid tavakkalchiliklar sug‘urta orqali qoplanadi.

Yangi tizim fuqarolarning ishga ketish jarayonini xavfsiz va ishonchli qiladi, shuningdek, ularning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi. Bu orqali davlat nafaqat migrantlarning huquqlarini ta’minlaydi, balki ularning oilalari uchun ham moliyaviy barqarorlik muhitini yaratadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar uchun yangi sug‘urta tizimi joriy etiladi