Tolibon afg‘onlarga xorijda jangovor harakatlarda qatnashishni taqiqladi

Afg‘oniston hukumatiga ko‘ra, afg‘on fuqarolarining xorijda jangovor harakatlarda ishtirok etishi taqiqlanadi. Bu haqda TOLONews nashri Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy so‘zlariga tayangan holda xabar berdi.
Muttaqiyning aytishicha, "tizimni himoya qilish faqat xavfsizlik kuchlari, mudofaa va ichki ishlar vazirliklari zimmasidagi vazifa emas, balki har bir fuqaroning burchidir."
Tashqi ishlar vaziri Afg‘oniston hududi boshqa davlatlarga qarshi ishlatilmasligi kerakligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, mamlakat hukumati hech kimga Afg‘onistondan tashqarida jangovor harakatlarda ishtirok etishga ruxsat bermaydi va bu qoidani buzganlar jazolanadi.
Shuningdek, diniy yetakchilar hukumatni Afg‘onistonning mintaqaviy mojarolarga aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikka va xorijdagi janglarda ishtirok etganlarni qat’iy jazolashga chaqirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!