
Chilida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi mamlakat siyosiy hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Unda O‘ng Respublikachilar partiyasi vakili, konservativ qarashlari bilan tanilgan Xose Antonio Kast ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Deutsche Welle tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kast saylovchilarning 58,61 foiz ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
59 yoshli siyosatchining asosiy raqibi Kommunistik partiya a’zosi, markaz-chap alyans nomzodi Janett Xara edi. U saylov natijalariga ko‘ra 41,39 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa, Chili jamiyatidagi siyosiy qarashlar qarama-qarshiligi saylov natijalarida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Xose Antonio Kast jamoatchilikka o‘ta o‘ng pozitsiyadagi siyosatchi sifatida yaxshi tanish. Saylovoldi kampaniyasi davomida u jinoyatchilikka qarshi qattiqqo‘l siyosat yuritish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va noqonuniy migratsiyaga qarshi qat’iy kurashishni asosiy ustuvor vazifalar sifatida ilgari surdi. Bu chaqiriqlar mamlakatda xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratgan saylovchilar orasida keng qo‘llab-quvvatlandi.
Teledebatlar chog‘ida Kastning ayrim bayonotlari katta bahslarga sabab bo‘ldi. Xususan, u 1973–1990-yillarda Chilini boshqargan diktator Augusto Pinochet davrini muayyan jihatlarda qo‘llab-quvvatlagani bilan e’tibor markazida bo‘ldi. Bu pozitsiya uning tarafdorlari tomonidan qat’iyat ramzi sifatida qabul qilingan bo‘lsa, tanqidchilar tomonidan keskin rad etildi.
Ma’lumot uchun, Xose Antonio Kast huquqshunos va tajribali siyosatchi hisoblanadi. U 2019 yilda Respublikachilar partiyasini hamda “Respublikachilar g‘oyalari” nomli tahliliy markazni tashkil etgan. 2002–2018-yillar davomida parlament deputati sifatida faoliyat yuritib, mamlakat qonunchilik jarayonlarida ishtirok etgan.
Siyosatchining oila tarixi ham jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Uning otasi Mixael Kast 1924–2014-yillarda yashagan bo‘lib, Germaniya armiyasida leytenant bo‘lib xizmat qilgan va Natsistlar partiyasi a’zosi bo‘lgan. Denatsifikatsiya jarayonlaridan so‘ng, 1950 yil dekabr oyida Chiliga ko‘chib o‘tib, Santyago mintaqasida umr kechirgan.
Yangi prezident saylovda qo‘lga kiritilgan natijalar Chilida konservativ siyosatga bo‘lgan talab ortganini ko‘rsatmoqda. Endi mamlakat ahli Kast va uning jamoasidan saylovoldi va’dalarini amalda qanday bajarishini kutadi. Bu esa Chili uchun siyosiy, ijtimoiy va xavfsizlik sohalarida hal qiluvchi davr bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.