Oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4,6 ming dollardan oshdi

12-yanvar, dushanba kuni oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 4 600 dollar chegarasidan yuqoriga chiqdi. Xavfsiz aktivlarga talab kuchaygani fonida kumush ham rekord ko‘rsatkichni yangiladi, deb xabar beradi Reuters.
Grinvich vaqti bilan 04:10 holatiga ko‘ra, oltinning spot narxi 1,3% ga ko‘tarilib 4 566,80 dollarga yetdi. Kun davomida u 4 600,33 dollargacha ham chiqdi. AQShda fevral oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari 1,8% ga qimmatlab, 4 579,10 dollarni tashkil etdi.
Kumushdagi o‘sish yanada keskin bo‘ldi: spot narx 4,1% ga oshib 83,20 dollar/unsiyaga yetdi. Savdo davomida kumush 83,96 dollar bilan tarixiy rekordni qayd etdi.
Narxlarning keskin sakrashiga AQSh Federal rezerv tizimi rahbari Jerom Pauellning bayonotlari turtki bo‘ldi. Uning aytishicha, Donald Tramp ma’muriyati Kongressdagi ko‘rsatmalari sababli unga nisbatan jinoiy ta’qib bilan tahdid qilgan. Pauell buni FRTga bosim o‘tkazib, regulyatorni foiz stavkalarini pasaytirishga majburlashga urinish sifatida baholagan.
Ushbu xabarlar fonida dollar zaiflashdi, AQSh fond indekslari fyucherslari esa pasaydi. Bozor ishtirokchilari 2026 yilda FRT stavkani kamida ikki marta pasaytirishini kutmoqda, bu esa foiz daromadi keltirmaydigan aktivlar — oltin va kumushga qiziqishni kuchaytirmoqda.
KCM Trade bosh tahlilchisi Tim Uotererga ko‘ra, markaziy banklarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabi o‘sishda davom etadi. Ularning fikricha, moliyaviy hamda geosiyosiy beqarorlik sharoitida qimmatbaho metallar dollar bilan solishtirganda tobora ishonchliroq muqobil sifatida ko‘rilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!