Qozog‘istonda −38 daraja sovuq havo kutilmoqda

Qozog‘istonda yaqin kunlarda keskin sovuq ob‑havo kuzatilishi kutilmoqda. Kazgidromet sinoptiklari ma’lum qilishicha, 13–15 yanvar kunlari mamlakat hududiga Novaya Zemlya tomonidan sovuq antitsiklon kirib keladi. Bu haqda Tengri news xabar bermoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qish fasli boshida havo nisbatan iliq bo‘lgan bo‘lsa‑da, endi haqiqiy qish o‘zini namoyon qilmoqda. Sovuq antitsiklon dastlab shimoliy hududlarga ta’sir ko‘rsatadi, so‘ngra sharqiy va boshqa mintaqalarga tarqaladi.
Prognozlarga ko‘ra, 14 yanvar kuni shimolda, 15 yanvar kuni esa sharqiy viloyatlarda tun harorati −30…−38 darajagacha tushishi mumkin. Bu aholi uchun kundalik hayot va transport harakatlarida qiyinchiliklar keltirishi ehtimol.
Shu bilan birga, antitsiklonning tez harakatlanishi shamol tezligini ham kuchaytiradi. Mamlakatning shimoliy qismidagi ayrim hududlarda shamol soniyasiga 28 metrgacha yetishi mumkin. Sinoptiklar aholini ehtiyot choralarini ko‘rish va ob‑havo ogohlantirishlariga amal qilishga chaqiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!