Qozogʻiston muftiyati ijtimoiy tarmoqlarda dipfeyk va obunachi “nakrutkasi”ni taqiqladi

Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi (DUMK) ijtimoiy tarmoqlarda dipfeyklardan foydalanish hamda obunachilar sonini sunʼiy oshirishni taqiqlovchi fatvoni qabul qildi. Qaror Ulamolar kengashi tomonidan tasdiqlandi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Fatvoda qayd etilishicha, dipfeyk orqali yolgʻon maʼlumot tarqatish aldov hisoblanadi va islom huquqi meʼyorlariga zid. Shuningdek, Qozogʻistondagi musulmonlarga soxta yoki bot-akкаунтlar yordamida kuzatuvchilar sonini ko‘paytirish, buning uchun xizmatlarga pul toʻlash ham man etildi.
DUMK bunday amallar odamlarni chalgʻitishini va Qurʼon hamda Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) sunnatida mustahkamlangan halollik tamoyillariga putur yetkazishini taʼkidladi. Fatvolar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, musulmon jamoalari va mo‘minlar uchun yo‘riqnoma vazifasini bajaradi.
Ushbu qarorlar haqidagi maʼlumot DUMKning rasmiy saytida eʼlon qilingan. Dipfeyk — sunʼiy intellekt yordamida yaratiladigan, nihoyatda real ko‘rinadigan tasvir yoki videolardir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!