Armaniston Rossiyaning harbiy bayonotlaridan norozilik bildirdi

Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin Armaniston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu qadam Vladimir Solovyovning ushbu mamlakatda harbiy operatsiya o‘tkazish ehtimoli haqida bildirgan so‘zlaridan so‘ng amalga oshirildi.
Targ‘ibotchi bir necha kun oldin efirlarda Rossiya, xuddi AQSH Venesuelada amal qilganidek, «xalqaro huquqni buzmasdan» va Markaziy Osiyo davlatlari hamda Armanistonning Rossiya ta’sir doirasidan chiqishini oldini olish uchun ularning ichki ishlariga aralashish imkonini ko‘rib chiqishi kerak, degan fikrni bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, «Armanistondagi voqealar Venesueladagidan ham og‘riqli. Armanistonni yo‘qotish — katta muammo» bo‘ladi.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga davlat telekanali efirida aytilgan bayonotlardan chuqur norozilik bildirilgan nota topshirdi. Idoraning bayonotiga ko‘ra, bunday bayonotlar Moskva va Yerevan o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikka to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan birga, ikki davlat rasman yaqin ittifoqchi hisoblanadi: Rossiya va Armaniston KXSHT hamda Bojxona ittifoqiga a’zo. Ammo amaliy holat shundan iboratki, Rossiya Ozarboyjon bilan mojaro fonida Armanistonni qo‘llab-quvvatlashdan tortingan. Bu esa Yerevanning AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka yanada intilshiga sabab bo‘lmoqda.
Qayd etish joiz, Rossiya telekanallari efirlarida muntazam ravishda Armaniston hukumati va Nikol Pashinyanning siyosiy harakatlari tanqid qilinadi. Shu bois, mazkur vaziyat mintaqadagi siyosiy munosabatlar va xalqaro ittifoqchilikning hali ham murakkab ekanini ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!