Xelsinkida rekordchi koʻprik ochildi, lekin avtomobillar uchun yopiq...

Finlyandiya poytaxti — Xelsinki shahrida zamonaviy infratuzilmaning yana bir muhim obekti ishga tushirildi. Gap mamlakatdagi eng uzun va eng baland koʻprik — Kruunuvuorensilta koʻprigi haqida ketmoqda.
Ushbu muhtasham inshoot Korkeasaari oroli bilan Kruunuvuorenranta turar-joy hududini oʻzaro bogʻlab, shahar infratuzilmasida yangi bosqichni boshlab berdi. Koʻprikning umumiy uzunligi 1191 metrni tashkil etib, u nafaqat funksional, balki arxitektura jihatdan ham diqqatga sazovor obekt sifatida baholanmoqda.
Eng qizigʻi — mazkur koʻprik orqali xususiy avtomobillar harakatlanmaydi. U faqat piyodalar, velosiped haydovchilari va jamoat transporti uchun moʻljallangan. Bu qaror shahar ekologiyasini yaxshilash, harakat xavfsizligini oshirish va barqaror transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
Yangi koʻprikning foydalanishga topshirilishi shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratdi. Endi Kruunuvuorenranta hududidan shahar markazigacha boʻlgan masofa 11 kilometrdan 5 kilometrgacha qisqardi. Bu esa vaqt va resurslarni tejash imkonini bermoqda.
Shahar meri Daniel Sazonov taʼkidlaganidek, mazkur koʻprik Xelsinkining yangi ramzlaridan biriga aylanishi kutilmoqda:
«Kruunuvuorensilta koʻprigi Xelsinkining yangi, noyob va hayajonli diqqatga sazovor joyidir. Yaqin va uzoq hududlardan sayyohlarni jalb qiladigan maskanga aylanadi. U shahar haqidagi tasavvurni oʻzgartiradi va tumanlarni markaz bilan yangi formatda bogʻlaydi», — dedi u.
Koʻprikning ochilish marosimi ham katta qiziqish uygʻotdi. Dam olish kunlarida oʻtkazilgan tadbirlarda 50 mingdan ortiq tomoshabin ishtirok etdi. Bu esa yangi obektga boʻlgan yuqori qiziqishni yaqqol koʻrsatib turibdi.
Qisqasi, Xelsinki yana bir bor zamonaviy shaharsozlikda innovatsion yechimlar orqali qanday rivojlanish mumkinligini namoyish etdi. Endi bu koʻprik nafaqat transport vositasi, balki shaharning yangi turistik brendiga aylanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!