12:20 / 07.05.2017
4 465

Qozog‘istonda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda

Qozog‘istonda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda
O‘zbek va qozoq xalqlarining do‘stona munosabatlari olis tarixga borib taqaladi. Bugungi kunda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik kun sayin rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining qo‘shni yurtga joriy yilning mart-aprel oyidagi tashriflari ham azaliy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. Bugun ushbu do‘st mamlakatning iqtisodiyot, ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlariga bir nazar tashlamoqchimiz, deb yozadi Darakchi.uz sayti.

Kecha va bugun

Bugungi kunda Qozog‘iston texnologik inqilob borasida misli ko‘rilmagan darajadagi yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Jadal avtotmatlashtirish, robotlashtirish, sun’iy ongni rivojlantirish va xalqaro texnoparklar ayrim hududlarda hali-hanuz fantastika bo‘lib tuyulsa, Qozog‘iston uchun yaqin kelajak manzaralariga aylandi. Prezident Nursulton Nazarboyev 2025 yilgacha mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Qozog‘iston yana bir karra o‘z so‘zini elga sovurmasligini amalda ko‘rsatdi. O‘n yillikning boshlarida mamlakatni dunyoning 30 ta rivojlangan mamlakatlari safiga olib chiqish masalasi qo‘yilgan, ammo bu ko‘pchilik siyosatchilarga shunchaki balandparvoz shior yoki ushalmas orzu bo‘lib tuyulgan edi. Ammo vaqt o‘tgani sari bu rejaning qanchalik haqiqatga yaqinligi oydinlashmoqda. Qozog‘iston ayni paytda eski tarmoqlarni unutmagan holda, yangi yuqori texnologiyalar sohalarini yanada rivojlantirish yo‘lidan borayotir.

Qozog‘istonning “Silikon vodiysi”

Mamlakatda barcha hududlarda optik tolali infratuzilmalardan foydalanish imkonini beruvchi “Raqamli Qozog‘iston” dasturini ishga tushirish mo‘ljallangan. AQShdagi Kaliforniya shtatidagi texnologik yangilanish markazi bo‘lgan “Silikon vodiysi” haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ana shu maqsadda Qozog‘iston ham startaplarning xalqaro texnoparki – o‘z “Silikon vodiysi”ni ochish arafasida. Bu hudud uchun xorijlik investor va tadbirkorlarga soliq, viza va mehnat imtiyozlari berish ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda ko‘pgina davlatlardan juda ko‘p iqtidorli dasturchilar, g‘ayratli tadbirkorlar o‘z imkoniyatlaridan to‘la-to‘kis foydalanish maqsadida G‘arbga emas, Qozog‘istonga kelayotgani ham bejiz emas. Insof bilan aytganda, bugun bu mamlakatda o‘z Vataniga sodiq yoshlar kamol topayotir. Yangi texnologiyalarin chuqurroq o‘zlashtirish maqsadida maktablarda ingliz tilidagi dars soatlari sezilarli darajada ko‘paytirilgan. Hatto boshqa ko‘plab fanlar ham aynan ingliz tilida o‘tiladi. Shuningdek, mamlakatdagi ta’lim muassasalarida bepul kasbiy texnik ta’lim ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu imtiyozdan barcha yoshdagilar, kasb o‘rganishni istaganlar foydalanishi mumkin. Shu bilan birga mamlakatda yuqori texnologiyadlar bilan juda yaxshi chiqisha oladigan malakali mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor qaratilyapti.

«Made in Kazakhstan»

Aytish joizki, Qozog‘iston hukumati nafaqat ta’lim, balki ijtimoiy sohalarga ham katta e’tibor qaratmoqda. Pensiya va nafaqalar ham muntazam oshirib borilmoqda.

Qozog‘iston iqtisodiy islohotlar uchun ham qulay fursatni tanlay oldi. Bir paytlar mamlakat byudjetining asosiy qismi neft eksportidan kelgan bo‘lsa, bugungi kunda ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlari ham shiddat bilan rivojlanmoqda, yangi texnologiyalar joriy etilmoqda, yangi sanoat tarmoqlari shakllanmoqda.

Xususan, hukumat mamlakatni qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, ekologik jihatdan eng toza agrar mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar qatoriga olib chiqishga intilmoqda. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Qozog‘istonning ichki imkoniyatlari etarli: hosildor erlar, mo‘’tadil iqlim bunga imkon beradi. Ya’ni kelgusida faqat xom ashyo emas, qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdori ham ortib bormoqda. Tez orada «made in Kazakhstan» tamg‘asi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni dunyoning chekka hududlarida ham uchratish mumkin bo‘ladi. Zero, yaqin besh yil ichida Qozog‘iston oziq-ovqat mahsulotlari hajmini salkam yarim baravar oshirishni ko‘zda tutmoqda. 2025 yilga borib, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar eksporti miqdori ikki baravar ortadi.

Bu Qozog‘istonni modernizasiyalash jarayonining ayrim jihatlari xolos. 2025 yilgacha mamlakat nafaqat barcha faoliyat turlarida raqamli texnologiyalarni joriy qilish va agrar sektorni yangi bosqichga ko‘tarish, balki o‘z hududidan o‘tadigan tranzit tovarlar miqdorini oshirish, aholini ko‘proq tadbirkorlikka jalb etish va bank tizimini yanada mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratayotir.

Shu tariqa, Qozog‘iston iqtisodiy o‘sishning o‘ziga xos modelini yaratmoqda. Zotan mamlakat rivojlangan davlatlarning sinalgan tajribalaridan oqilona foydalangan holda, iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni hayotga jadal tatbiq etib bormoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda
ePN