15:04 / 04.01.2018
5 979

Eurasia expert: “O‘zbekistonning ochiqlik siyosati Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi”

Eurasia expert: “O‘zbekistonning ochiqlik siyosati Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi”
Barcha jabhalarda yil sarhisobi davom etmoqda. https://eurasia.expert nashri muxbiri Markaziy Osiyoda 2017 yilda bo‘lib o‘tgan o‘zgarishlar to‘g‘risida Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti huzuridagi milliy birlikni mustahkamlash va diniy siyosat bo‘yicha ekspertlar kengashi a’zosi Denis Berdakov bilan suhbatlashgan. Quyida shu suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.

Yilning yakunlanishi bilan hamma sohada sarhisob qilinadi. 2017 yil ham Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, O‘zbekiston mintaqada ochiq siyosat olib bormoqda, Yevropa davlatlari mintaqadagi inson huquqlari muammosiga e’tiborni susaytirdilar. Yevropaliklar Markaziy Osiyoda qanday loyihalarni amalga oshirishmoqchi, bunda Afg‘oniston omili qanday o‘rin egallaydi? Bu savollarga Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti huzuridagi milliy birlikni mustahkamlash va diniy siyosat bo‘yicha ekspertlar kengashi a’zosi Denis Berdakov javob beradi.

- Markaziy Osiyo davlatlari uchun 2017 yilni qanday baholash mumkin?

- Avvalo, bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ochiq siyosat olib borishi katta o‘zgarishlarni keltirib chiqardi. O‘zbekiston mamlakat ichida amalga oshirgan sanoatlashtirish jarayonlarini o‘z chegaralaridan chiqarib Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston bilan savdo-iqtisodiy va sanoat aloqalarini faol rivojlantira boshladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston ilgari ushbu mamlakatlar bilan chegara va siyosiy masalalarda so‘nggi yillarda to‘plangan keskinlikni bartaraf etdi.
Bu omil mintaqadagi kuchlar muvozanatini sezilarli darajada o‘zgartirib yubordi. Biz Toshkentning mintaqa davlatlari o‘zaro bog‘liqligi va integratsiyalashuvi kerakligi to‘g‘risidagi bayonotlarining guvohi bo‘lib turibmiz.

Yillar davomida O‘zbekiston asosiy e’tiborni mamlakatning ichki rivojlanishiga qaratdi va hozirda ochiq siyosat olib bormoqda. Bunda, mamlakatda 30 milliondan ortiq aholi yashashi va sanoatlashgan (Janubiy Koreya bilan qiyoslash noto‘g‘ri bo‘ladi, lekin MDH doirasida juda ham sanoatlashgan va katta ilmiy salohiyatga ega) davlat ekani hisobga olinishi kerak. Bu holat, bir yil oldin mintaqaning yetakchisi deb hisoblangan Qozog‘istonni, yumshoqroq aytganda, hayron qoldirmoqda.

Ikkinchi muhim holat, mintaqadan Suriya va Yaqin Sharq davlatlariga ketgan kishilarning o‘z vataniga qaytishi bilan bog‘liq. U yerga ketganlar tushunib yetishdiki, ularning kelajagi yo‘q. Bu ham bir tahdid sifatida baholanishi mumkin. O‘zbekistonning oldida turgan eng asosiy muammolardan biri ham shu hisoblanadi. O‘zbekistonda bo‘ladigan holatlar mintaqaning barcha davlatlariga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Uchinchi o‘ringa qirg‘iz-qozoq munosabatlarini qo‘yish mumkin. Xuddi shunday holatlar Qozog‘iston va Rossiya, Rossiya va Belarus o‘rtasida ham bo‘lib o‘tgan, lekin ochiq gapirilmagandi. Iqtisodiy inqirozlar davom etayotgan hozirgi vaqtda bu muammolar yuzaga chiqdi. Bu yerda hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlash kerakligini tushundi. Shu bilan birga, iqtisodiy Ittifoqning ham oxirigacha ishlanmagan salbiy tomonlari ham mavjudligi oydinlashdi. Demak, bu salbiy holatlarni bartaraf etish ustida jiddiy ishlar olib borilishi kerak.

O‘zbekiston va Tojikiston bu holatni kuzatib turishdi: iqtisodiy ittifoqqa kirish kerakmi yoki yo‘qmi, Moskva bu voqeaga qanday munosabatda bo‘ladi. Chunki, bu ikki davlat ham tranzit borasida Qozog‘iston bilan bog‘lanib qolgan. Bu vaziyatning yana bir tomoni, O‘zbekiston va Tojikiston mehnat migrantlari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish borasida Rossiya bilan bevosita kelishib olgan edilar.

Markaziy Osiyo mintaqasida yuz berayotgan to‘rtinchi holat, bu – yevropaning vakolatxonalari hamda tashkilotlari faollashib qolishdi. Ular birinchi navbatda, inson huquqlari muammosini kun tartibidan olib tashlashdi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ularning huquqni himoya qiluvchilar bilan shug‘ullanishi keskin pasayib ketdi. Tojikiston va Qirg‘izistondagi YeXHTning vakolatxonalarining maqomi passaytirildi. Yevropaliklar Markaziy Osiyoning beshta davlati va Afg‘onistonni o‘z ichiga olgan katta iqtisodiy makon barpo etishmoqchi, shekilli.

- Yevropaning faollashganini yana nimalarda kuzatish mumkin?

- Ular bu hududda katta mablag‘lar sarflamoqdalar, ko‘plab media, ekologik dasturlarni amalga oshirmoqdalar, mintaqaviy katta konferensiyalar tashkil qilishmoqda, Samarqandda o‘tkazilgan konferensiya bunga misol. Ular ham 1990 yillarda mavjud bo‘lgan, yagona Markaziy Osiyoni barpo etish dasturining bajarilishidan manfaatdor. Shuning uchun, ular kun tartibidagi savollarni o‘zgartirishdi.

- Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Afg‘onistondagi ziddiyatlar bilan bog‘liq vaziyat qanday qabul qilinmoqda va bu mintaqa xavfsizligiga qanchalik tahdid solishi mumkin?

- Yevropaliklar tomonidan aslida, Afg‘oniston ham Qirg‘iziston ham bir xil – tartibsizliklar makoni sifatida qabul qilinadi. Ular, bu mintaqadagi davlatlarning savdo aloqalarini kuchaytirib, odamlarning farovonligi oshirilsa, bu yerdagi aholi demokratiya, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati tarafdori bo‘lib qolishadi, deb o‘ylashadi.

Markaziy Osiyo davlatlarining hech biri Afg‘oniston bilan integratsiyalashuvni xohlashmaydi. O‘zbekiston ularga yo‘l qurib berayapti. Barcha atrofdagi davlatlar ularga nimanidir sotishga tayyor, ayniqsa, xitoyliklar. Afg‘oniston hech narsani sotib olishga tayyor emas. Faqatgina, O‘zbekiston bundan mustasno, chunki O‘zbekistonning sanoati rivojlangan, shuning uchun ular sanoat mahsulotlarini taklif qilishadi. Lekin, hamma tushunadi, Afg‘onistonning bu narsalarni xarid qilishga mablag‘i yo‘q. Boz ustiga, Afg‘onistonda barqarorlikka tahdid tug‘diruvchi ekstermistik guruhlar mavjud.

- Sizning fikringizcha, Markaziy Osiyoda 2018 yildagi voqealar rivojini qanday holatlar belgilaydi?

- Gapni ijobiylaridan boshlasak, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining birinchi bosqichini qurish to‘g‘risidagi shartnoma imzolansa yaxshi bo‘lardi.

Salbiy holat, agar Suriyadagi “Islom davlati” terrorchi guruhlari batamom tor-mor qilinsa, ular o‘z faoliyatini qo‘shni Afg‘onistonning shimoliga ko‘chirishga harakat qilishadi. Bu yerda ham ularga qulay bo‘lmaydi va jangarilar Markaziy Osiyo davlatlariga kirishga urinib ko‘rishi mumkin hamda bu og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Qirg‘izistonda sanoat ishlab chiqarishi ortib bormoqda, sekinroq bo‘lsada Rossiya bozoriga chiqilyapti va xalqning farovonligi oshishiga erishilmoqda. 2018 yilda Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sish kutilmoqda. Ammo, eng muhim holat mehnat migrantlari bilan bog‘liq. Rossiyada 2018 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi, shu sababli mehnat migrantlariga bosim oshirilishi mumkin.

Agar, bu migrantlarga nisbatan bosimlarning ikkinchi to‘lqin boshlansa va ularning ayrimlari ektremizm tahdidini keltirib chiqarsa, mehnat migrantlarining ko‘pi o‘z mamlakatiga chiqarib yuborilishi mumkin. Bu holat Tojikiston va Qirg‘izistonga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki, Qirg‘izistonda ruxsat berilgan ayrim diniy guruhlarning faoliyati Rossiyada taqiqlangan. Bundan kelib chiqib, migrantlarning Rossiyada ishga joylashishidagi qiyinchiliklar ham mintaqadagi vaziyatni murakkablashtiradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eurasia expert: “O‘zbekistonning ochiqlik siyosati Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi”