
Boks olami yana bir tarixiy voqeaga tayyorlanmoqda — ikki afsonaviy jangchi, filippinlik Menni Pakyao va amerikalik Floyd Meyvezer 10-yillik tanaffusdan so‘ng yana ringga chiqadi. Bu haqda "Ring Magazine" portali jurnalisti Mayk Koppinger ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, revansh Netflix platformasi tomonidan 2026-yildagi asosiy boks voqealaridan biri sifatida tashkil etiladi.
Bu jang shubhasiz jahon sportidagi eng katta voqealardan biriga aylanishi kutilmoqda. Ikki afsona o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv 2015-yilning 2-may kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan edi. U paytdagi "Asr jangi" nafaqat jamoatchilik, balki butun sport dunyosi e’tiborini o‘ziga tortgandi.
WBC, WBA, WBO va The Ring kamarlari uchun o‘tkazilgan o‘sha jangda Meyvezer aniq ustunlik bilan g‘alaba qozongan, hakamlar uning nomzodini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashgan. Bellashuv 12 raund davom etgan bo‘lib, unda nokdaunlar kuzatilmagan. Pakyao keyinroq yelkasidagi jarohat sababli o‘zining eng yaxshi holatida bo‘lmaganini aytgan, biroq mutaxassislar Meyvezerning taktik jihatdan yuqori darajada harakat qilganini ta’kidlagandi.
Jangdan keyingi yillarda har ikki jangchi turli yo‘nalishda faoliyatini davom ettirdi. Menni Pakyao yana sakkizta jang o‘tkazdi va ularning beshtasida g‘alaba qozondi. Uning so‘nggi jiddiy bellashuvi meksikalik Mario Barriosga qarshi bo‘lib, WBC chempionlik kamari uchun o‘tkazilgandi.
Floyd Meyvezer esa Pakyaoga qarshi jangdan keyin Andre Bertoni mag‘lub etib, professional faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Biroq, u 2017-yilda qayta ringga qaytib, UFC yulduzi Konor Makgregorga qarshi ko‘rgazmali jangda ishtirok etdi va uni 10-raundda texnik nokaut bilan yengdi. Shu bilan u mag‘lubiyatsiz 50 ta jang natijasi bilan sport tarixiga kirdi.
Pakyao va Meyvezerning yangi jangi haqidagi xabar butun dunyoda katta qiziqish bilan qarshi olindi. Chunki bu nafaqat ikki bokschining shaxsiy raqobati, balki boks tarixi uchun ham muhim voqea hisoblanadi. Muxlislar bu safar ringda kim ustun kelishini sabrsizlik bilan kutmoqda.
2026 yilgi revansh nafaqat jangchilarning professional obro‘si, balki ularning irodasi, chidamliligi va sportdagi abadiy nomlarini yana bir bor tasdiqlovchi voqea bo‘lishi kutilmoqda. Netflix bu jangni global auditoriya uchun namoyish etmoqchi, bu esa millionlab muxlislar uchun haqiqiy bayramga aylanishi tabiiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!