
O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze Sport TV telekanalida efirga uzatilgan «Gol» ko‘rsatuvida ishtirok etib, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berdi.
Ma’lumki, bir necha xorijiy manbalar Temur Kapadze Indoneziya terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqida yozgan edi. Ushbu mavzuda to‘planib qolgan qiziqish va savollarga u quyidagicha munosabat bildirdi:
«Oxirgi paytlarda internetni ochsam, har joyda men haqimda xabarlar chiqmoqda. Indoneziya — 300 million aholiga ega katta musulmon mamlakati ekan. Ular futbolni juda yaxshi ko‘risharkan. Shu sabab, mening nomimni ularning milliy jamoasi bosh murabbiyligi uchun tilga olishgan.
Indoneziyadagi ommaviy axborot vositalari va telekanallar bosh murabbiy lavozimiga nomzodlar haqida yozmoqda, shular qatorida men ham bor ekanman. Bu, ehtimol, ilgari turli yoshlar termalaridagi faoliyatim va xalqaro musobaqalardagi natijalar bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
Biz aynan Indoneziya ustidan g‘alaba qozonib, Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqqanmiz. Shuningdek, Osiyo o‘yinlarida ham ularga qarshi o‘ynaganmiz. Menimcha, shu sabab ularning e’tiborini tortganman. Hozirda u yerdagi muxlislar, jurnalistlar va hatto mening ijtimoiy sahifalarim orqali “sizga taklif tushdimi?” deb yozishyapti», — dedi Kapadze.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Indoneziya futbol federatsiyasidan rasmiy taklif kelmagan, biroq shunday qiziqishning o‘zi katta mas’uliyat va hurmat belgisi sifatida qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, Indoneziya futbol federatsiyasi yaqinda Patrik Klyuyvertni iste’foga chiqargan edi. Shuning ortidan mahalliy va xalqaro sport nashrlari yangi bosh murabbiy sifatida Temur Kapadzeni ehtimoliy nomzodlar ro‘yxatiga kiritganini yozdi.
Temur Kapadze esa, o‘z navbatida, bu kabi xabarlarga xotirjamlik bilan yondashish lozimligini, asosiy e’tiborni tajriba, natija va milliy futbolni rivojlantirishga qaratish kerakligini ta’kidladi.
Shu tariqa, Kapadze hozircha Indoneziya haqidagi mish-mishlarni rad etmagan holda, aniq qaror hali qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sportda hamma narsa vaqt bilan aniq bo‘ladi — asosiysi, professional yondashuv va yurt sharafini har doim yuqorida tutish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!