
Hindiston poytaxti Dehlida ekologik vaziyat yana yomonlashdi — havo ifloslanishi "sog‘liq uchun xavfli" darajaga yetdi. Bu haqda The Indian Express xabarida ma’lum qilingan.
Mahalliy aholining nafas olishi og‘irlashgan, ko‘pgina bolalar va keksalar nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklardan shikoyat qilmoqda. Havo tuman va chang bilan to‘lib, shahar ko‘chalarida ko‘rish masofasi keskin pasaygan. Ayniqsa, "Divali" bayramida ommaviy tarzda petardalar yoqilishi ifloslanish darajasini yanada oshirdi, deb yozadi manba.
Dehli bosh vaziri Rexa Gupta vaziyatni yumshatish uchun yangi texnologiya — sun’iy yomg‘ir yog‘dirish usulini ishga tushirish rejasi haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bulutlarni urug‘lash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakuniga yetgan va sinov parvozlari ham amalga oshirilgan.
"Biz havo sifatini yaxshilashning innovatsion usullarini qidiryapmiz. Sun’iy yomg‘ir texnologiyasi orqali havodagi zararli zarrachalarni pastga tushirish mumkin bo‘ladi. Agar ob-havo sharoiti imkon bersa, 28–30-oktyabr kunlari ilk to‘liq sinovni o‘tkazamiz", — dedi Gupta.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilk tajriba parvozi Kakra va Burari hududlari orasida bo‘lib o‘tgan va to‘rt soat davom etgan. Bu jarayonda samolyotlar yordamida bulutlarga kumush yodid hamda natriy xloridi sepilgan. Bu moddalar suv tomchilari kondensatsiyasini kuchaytirib, yirikroq tomchilar hosil qiladi va yog‘ingarchilikni chaqiradi.
Ekologiya vaziri Mandjinder Singh Sirsa esa tushuntirishicha, texnologiyaning amalga oshishi uchun osmonda tabiiy bulutlar bo‘lishi zarur. "Bulutlarsiz urug‘lash mumkin emas. Avvalo, bulut hosil bo‘lishi lozim, shundagina yog‘ingarchilikni chaqirib olish mumkin bo‘ladi", — dedi u.
Sun’iy yomg‘ir (cloud seeding) texnologiyasi dunyoda ilk bor AQSHda 1946-yilda sinab ko‘rilgan. Keyinchalik u Avstraliya, Xitoy va BAAda keng qo‘llanilib, havo tozalash va quruqlikka qarshi kurashda samarali usul sifatida tan olingan.
Dehli hukumati esa bu texnologiya orqali nafaqat havoni tozalash, balki aholining sog‘ligini muhofaza qilish, atrof-muhitni yaxshilash hamda ekologik muvozanatni tiklashni maqsad qilgan.
Hozircha sinov natijalari e’lon qilinmagan, biroq mutaxassislar agar jarayon muvaffaqiyatli o‘tsa, bu Hindistonning eng katta ekologik muammosiga vaqtinchalik bo‘lsa ham yengillik berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!