
Iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan professor Klaudiya Goldin dunyo bo‘ylab tug‘ilish darajasi pasayishiga sabab bo‘lgan omillarni keng qamrovli tadqiqotda tahlil qildi. Uning fikricha, bu jarayonning asosiy sababi — ayollarning mustaqilligi ortishi va jamiyatda ularning roli o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Ta’lim olish imkoniyatlari, kasbiy o‘sish va reproduktiv nazorat vositalari kengayishi natijasida ayollar faoliyat sohalarida erkin harakat qila boshladi. Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish va tug‘ilish darajasi o‘rtasidagi ilgarigi bog‘liqlik ham o‘zgarib ketgan. Masalan, Shvetsiya va AQSH kabi rivojlangan mamlakatlarda tug‘ilish darajasi Gretsiya yoki Janubiy Koreyaga nisbatan yuqoriroq.
Hozirgi kunda dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida tug‘ilish koeffitsiyenti aholini tiklash darajasi — ya’ni har bir ayolga 2,1 bola to‘g‘ri keladigan me’yordan past. Bu davlatlarda jahon aholisining qariyb uchdan ikki qismi istiqomat qiladi.
Goldin ta’kidlaganidek, asosiy muammo — uy vazifalarini taqsimlashdagi tengsizlik va er-xotinlar o‘rtasidagi mental farqlarda. Erkaklar ko‘pincha an’anaviy rollarni saqlab qolishni xohlaydi, ayollar esa ish va oila majburiyatlarini teng bo‘lishga tayyor sheriklarni izlaydi.
Bunday nomuvofiqlik ayniqsa Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya va Gretsiya kabi Ikkinchi jahon urushidan keyingi tez iqtisodiy o‘sishni boshidan kechirgan mamlakatlarda sezilarli. Bu davlatlarda ayollar uy yumushlari va bola parvarishiga kuniga o‘rtacha 3 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. Shu bois ularda tug‘ilish darajasi ham dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri.
Ta’qqoslash uchun: Shvetsiya va Daniyada bu farq bir soatdan kam, natijada bu davlatlarda tug‘ilish yuqoriroq. Bu esa ijtimoiy tenglik va oilaviy mas’uliyatning ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
Tadqiqot, shuningdek, AQSHdagi oliy ma’lumotli ayollar orasida tug‘ilish pasayishi 1970-yillardayoq boshlanganini ko‘rsatdi. Masalan, 1950-yilda tug‘ilgan ayollar orasida har biriga to‘g‘ri kelgan bolalar soni o‘rtacha 1,64 gacha kamaygan.
Goldinning xulosasiga ko‘ra, tug‘ilishning pastligi «tarkibiy to‘siqlar» — ya’ni bola parvarishi bo‘yicha davlat kafolatlarining yo‘qligi va uy vazifalarini er-xotinlar o‘rtasida adolatli taqsimlanmasligi bilan bog‘liq.
Olim ta’kidlaydiki, agar davlat bola parvarishi, ta’til va mehnatdagi tenglik bo‘yicha yetarli kafolatlarni yaratsa, bu ayollarning ish faolligini pasaytirmasdan, aksincha, tug‘ilishning o‘sishiga ham turtki bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, Goldinning fikriga ko‘ra, XXI asrda tug‘ilish muammosi iqtisodiy yoki biologik omillardan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy-strukturaviy va gender tengligi muammosiga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!