date

AQSHning Maduroni o‘g‘irlash uchun uchuvchini yollashga urinishi fosh bo‘ldi

AQSHning Maduroni o‘g‘irlash uchun uchuvchini yollashga urinishi fosh bo‘ldi

Associated Press’ning yozishicha, AQSH Ichki xavfsizlik vazirligida xizmat qiluvchi agent Nikolas Maduroning shaxsiy uchuvchisini yollash orqali uni hibsga olish rejasini amalga oshirishga uringan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, reja 2024-yil aprel oyida ishlab chiqilgan bo‘lib, Dominikana Respublikasidagi AQSH elchixonasida attashe sifatida ishlagan 50 yoshli agent Edvin Lopesga topshirilgan. Uning maqsadi — Venesuela prezidentini AQSH qo‘lga olishi mumkin bo‘lgan hududga olib borish edi.

Axborotchilar Lopesga Maduro foydalanadigan Dassault Falcon 2000EX va Dassault Falcon 900EX samolyotlari Santo-Domingoda ta’mirlanayotganini ma’lum qilgan. Ushbu laynerlarga bosh uchuvchi general Bitner Vilegas boshchiligida besh nafar pilot xizmat ko‘rsatardi.

AQSH agentlari uchuvchilarni so‘roq qilgan, ammo ularning Maduro bilan qanday aloqada ekanini aniqlay olmagan. Suhbat oxirida Lopes Vilegasga katta mukofot evaziga prezidentni Dominikana, Puerto-Riko yoki Guantanamo harbiy bazasiga yetkazishni taklif qilgan. Uchuvchi javob bermagan, biroq telefon raqamini qoldirgan — agentlar buni "yaxshi belgi" deb baholagan.

Keyinroq, samolyotlar Venesuelaga qarshi sanksiyalar doirasida musodara qilingan. Shu bilan birga, Lopes Vilegas bilan 16 oy davomida aloqada bo‘lib, uni rejaga ko‘ndirishga urinishda davom etgan. U hatto 2025-yil iyulda nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham uchuvchi bilan yozishuvni to‘xtatmagan.

Avgust oyida AQSH Maduroni qo‘lga olishda yordam berganlarga mukofotni 50 million dollargacha oshirgani ma’lum bo‘lganidan so‘ng, Lopes bu haqda Vilegasga xabar yuborgan. Ammo shundan keyin uchuvchi agent bilan bog‘lanishni to‘xtatgan.

Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, reja amalga oshmaganidan so‘ng agent va uning hamfikrlari Maduroni asabiylashtirishga qaror qilgan. 19-sentyabr kuni sobiq AQSH amaldori va Venesuela muxolifatiga yaqin shaxs Marshall Billingsli Vilegasni ijtimoiy tarmoqda tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, Dominikanada olingan suratni e’lon qilgan.

Qizig‘i, u postni Maduro samolyoti Karakasdan uchib chiqishidan atigi bir daqiqa oldin joylashtirgan. Ortidan samolyot 20 daqiqada aeroportga qaytgan. Bu voqea Venesuelada katta shov-shuv keltirib chiqargan.

Ba’zi muxlislar Vilegas hukumat tomonidan so‘roqqa chaqirilganini taxmin qilgan bo‘lsa, boshqalar uni qamab qo‘yishlari mumkinligidan xavotir bildirgan. Bir necha kundan so‘ng general davlat televideniyesida paydo bo‘lib, venesuelalik uchuvchilarning sadoqati haqidagi targ‘ibot dasturida ishtirok etdi.

Associated Press ushbu voqeani haqiqiy josuslik trilleriga qiyosladi. Nashrga ko‘ra, bu holat AQSHning so‘nggi yillarda Nikolas Maduroni ag‘darishga bo‘lgan urinishlari qay darajada qattiq va ayni paytda xatarli ekanini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHning Maduroni o‘g‘irlash uchun uchuvchini yollashga urinishi fosh bo‘ldi