06:30 / 08.05.2018
5 132

G‘arbning tushiga kirmagan kashfiyot

G‘arbning tushiga kirmagan kashfiyot
Chigitdan yog‘ olish mumkinligini eshitgansiz, to‘g‘rimi? Xalq tilida “oq yog‘” deb aytadigan moyimiz – chigitdan olinadi. Chigitdan chorva uchun ozuqa mahsulotlari olinishini yangilik emas. Shrot, kunjara, shulxa kabi ozuqa mahsulotlarining “onasi” chigit ekani hammamiz yaxshi bilamiz.

Ammo shu paytgacha chigitdan sanoat uchun eng kerakli bo‘lgan mahsulot – bitum olish haqida eshitmagandik. Kafolat berib aytamizki, bu siz uchun ham yangilik. Bu haqida amerikalik Tom tog‘amiz ham, Britaniyalik Devid oshnamiz ham, Rossiyalik Ivan do‘stimiz ham bilmaydi. Chunki bu – yangi, innovatsion texnologiya. Ne tongki, bu texnologiyani yaratgan inson siz va biz bilan yon-yon yashayapti, chigitdan bitum olayotgan korxona – “Xorezm anticor invest” ham o‘zimizning Xorazmda faoliyat ko‘rsatmoqda.

G‘arbning tushiga kirmagan kashfiyot
– Bugungi kunda neft asosida ishlab chiqarilayotgan bitumning sifati tez buzilyapti, – deydi chigitdan bitum olish texnologiyasini kashf etgan vatandoshimiz, texnika fanlari doktori, professor Maqsud Jumaniyazov. – Chunki butun dunyo bo‘yicha neftning narxi kun sayin qimmatlashib bormoqda. Bu esa qurilishbop mahsulot – bitumning ham tannarxini oshirmoqda. Natijada bitum ishlab chiqarayotgan korxonalar mahsulot tannarxini pasaytirish uchun neft mahsulotlaridan kamroq foydalanishga majbur bo‘lishayotir. Ana shu “tejamkorlik” neft asosida tayyorlanayotgan bitumning sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Buni kechagina qurilgan uylarning nuragan poydevori va asfalt qilingan ko‘chalarning 4-5 yildan keyin yaroqsiz ahvolga tushib qolayotganini ko‘rgan har bir odam yanada teranroq anglaydi.

Endi chigitdan bitum olish texnologiyasi haqida ikki og‘iz so‘z. Mazkur texnologiya Xorazm davlat universiteti professori Maqsud Jumaniyazovning izlanishlari mahsuli. Uzoq yillik tadqiqotlaridan so‘ng olim chigitdan yog‘ olishda chiqadigan eng so‘nggi chiqindi – paxta gudroni(Gossipal smolasi)dan unumli foydalanish usulini o‘ylab topdi. Darvoqe, shu o‘rinda paxta gudroni haqida qichqacha ma’lumot beramiz. Paxta gudroni – yog‘ kislotalari olish jarayonida hosil bo‘ladigan ko‘p ming tonnalik chiqindi. Mazkur chiqindi shu paytgacha sanoatning biror bir turida ishlatilmagan. Minglab tonna Gossipal smolasi axlat uyumlarini tashkil etib, jamiyat uchun ham, tabiat uchun yoqimsiz manzara kasb etardi. Ajablanarlisi shundaki, xorijda ham paxta gudronidan samarali foydalanish texnologiyasi kashf etilmagan. Ilm-fanning barcha sohalarida ilg‘or bo‘lgan G‘arb olimlari ham Gossipal smolasini qurilish uchun xomashyo ekanini yetti uxlab tushida ko‘rgan emas.

Million-million valyuta cho‘ntagimizda qoladi
– Neftsiz qurilish bitumlari ishlab chiqarishni birinchi bo‘lib amaliyotga joriy etdik, – deydi M.Jumaniyazov. – Bu ixtiromiz mamlakatimiz qurilish sohasidagi muammolarni bartaraf etadi. Qurilishda eng ko‘p ishlatiladigan bitum narxining bir necha marta arzonlashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mazkur texnologiya mamlakatimiz valyuta zaxirasini tejashning ham muhim kafolati. Chunki shu paytgacha yiliga 300 ming tonna bitum chetdan import qilinardi. Endi esa bunga hojat qolmaydi. Bitum uchun sarflanayotgan millionlab valyuta cho‘ntagimizda qoladi.

Ixtironing yana bir ahamiyatga molik jihati bor. Hozirgi kunda Respublikamiz yog‘-moy kombinatlaridan chiqayotgan gossipol smolasi qo‘shimcha ekologik muammolarni ham tug‘dirmoqda. Mazkur kashfiyot ekologik muammolarni bartaraf etish imkonini ham yaratmoqda. Yog‘-moy kombinatlarini chiqindisiz korxonalar qatoriga qo‘shyapti.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga respublikamizda ham xorijda ham talab katta. “Xorezm anticor invest”da ishlab chiqarilgan bitumlar 2010-2015 yillarda o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” respublika yarmarkasida namoyish qilindi. 2015 yilda ushbu mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha 500 mln. so‘mdan ortiq shartnoma imzolandi.Hozirgi kunda mamlakatimizning 100 dan ortiq qurilish tashkilotlariga “Xorezm anticor invest” korxonasida ishlab chiqarilgan bitum mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

Xorazm bitumi Chexiya va Singapurga eksport qilinmoqda
Sarlavhani o‘qib, “Tekin xomashyodan ham eksportbop mahsulot tayyorlasa bo‘larkanmi?” deb o‘ylayotgan bo‘lishingiz tabiiy. Biz ham bunga dastlab shubha qilgan edik. Keyin “u yoq bu yoqdan surishtirdik”. “Xorezm anticor invest” korxonasining xorijga mahsulot eksport qilayotganini partiya Xorazm viloyat Kengashidagilar ham, viloyat hokimligi mutasaddilari ham tasdiqlashdi. Gap shundaki, 2010-2015 yillarda mazkur korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini “Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsion birja”da namoyish qilgan. Aynan shu yarmarka Maqsud Jumaniyazov mahsulotlarini dunyoga tanitdi. Natijada 2016-2017 yillarda Chexiyaning “Eriell Corporation” va Singapurning “ENTER Engineering Pte. Ltd.” kompaniyalari bilan shartnoma imzolandi va mahsulotlarni yetkazib berish boshlandi.

Xalqaro yarmarkada qatnashgan hamma korxona ham mahsulotini xorijga eksport qilolmaydi. Buni ishlab chiqarishdan xabari bor har bir kishi yaxshi anglaydi. Boz ustiga, xorijlik tadbirkorning tabi nozik. U ham arzon, ham sifatli mahsulotni qidiradi. Shuning uchun ham Chex va Singapur tadbirkorlari “Xorezm anticor invest” korxonasi mahsulotlarini tanladi. Chunki Xorazmda ishlab chiqarilayotgan bitum arzonligi bilan bir qatorda xalqaro sifat indeksiga ham mos. Gossipol smolasi asosida ishlab chiqarilayotgan bitum uchun ISO 9001:2009 (ISO 9001:2008) sifat sertifikatiga ega. Ayni shu ikki omil Maqsud Jumaniyazov korxonasi mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Chexiya va Singapurdan keyin Xitoy, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Afg‘onistondagi qurilish shirkatlari Xorazmdagi korxonadan arzon bitum olishga buyurtma berdi.

Xorazmdagi korxona faoliyati bilan tanishar ekanmiz, Prezidentimizning innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan har bir chiqishlari, fikr-mulohazalari naqadar ahamiyatli ekanini yana bir karra his etdik. Ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish mohiyatini yanada teranroq angladik. Yana anglaganimiz shu bo‘ldiki, innovatsion g‘oya tekin xomashyodan ham katta daromad olishni o‘rgatadi. “Xorezm anticor invest” korxonasi faoliyati bilan tanishsangiz, siz ham bunga ishonch hosil qilasiz.
Hasan SALOMOV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘arbning tushiga kirmagan kashfiyot