Suqrotni o‘ldirishimiz kerak!..
Eng asosiy masalamiz – ta’lim, ta’lim esa mavjudiyatimiz masalasi ekanini aytgan edim.
Ta’lim tizimi miqdor hukmronligini kuchaytiradigan, insonni vositalarning quliga aylantiradigan fizika, matematika yoki umumiy ma’noda pozitiv bilimlar[1] asosida tashkil etilishi ehtimoli o‘rtaga chiqdi...
Pozitiv bilimlarga ham ehtiyojimiz bor, albatta. Chunonchi, yuksak texnologiyaga erishishimiz uchun juda-juda kerak ular.
Ammo shoshilinchroq bo‘lgani metafizikadir[2]. Dunyoni va borliqni, hayotni va insonni yaxlit o‘laroq anglashimizni ta’minlaydigan metafizikasiz tashlaydigan har bir qadamimiz bizni yanada kattaroq boshi berk ko‘chaga olib boradi.
Endi unga sen o‘xshaysan!
Pikasso Staynning portretini naq 90 marta chizdi.
Chizdi, o‘chirdi... Chizdi, o‘chirdi...
Keyin oxirgi marta, modelsiz chizdi.
Rasmni ko‘rgan Stayn: “Menga o‘xshamabdi!” – dedi.
Rassom esa shunday javob qaytardi: “Endi unga sen o‘xshaysan!”
Ayni payt, qariyb ikki asrdan beri insoniyat o‘ziga o‘xshamayapti. O‘zi emas, o‘zida emas chunki.
Hammamiz, istisnosiz butun dunyo g‘arbliklar bizning nomimizdan chizgan rasmning qahramonlari kabimiz.
“Kabi”si ortiqcha. Biz uchun chizilgan rasmdagi odamlarmiz faqatgina.
Aslida hammasi Suqrot bilan boshlandi va u bilan tugadi
Avval Suqrot bor edi.
Hamma narsa Suqrot bilan boshlandi va hammasi Suqrot bilan tugadi.
Nitsshe[3] va uning izdoshi Xaydegger[4] tafakkur shakli o‘laroq falsafaning Suqrot bilan tugaganini aytgan edi.
Ammo insoniyat, ayniqsa, bu yerda yashovchi, bu zaminning metamorfoza[5]ga uchragan, jallodiga oshiq odamlari, faqatgina ziyolilari emas, barcha insonlari bir ovozdan Nitsshe va Xaydeggerning aytganlari ertak ekanini takrorlamoqda.
Chunki Suqrot bilan boshlangan narsa bitadigan bo‘lsa, bor orzulari chilparchin bo‘lishi, hamma narsaning tugashi va yo‘qlikka g‘arq bo‘lishiga ishonchlari komil.
Suqrot bilan boshlangan narsa nima edi?
Pornografiyaning, vositalarning, miqdorning hukmronligi. Ya’ni vasvasa.
Vasvasa esa majusiylikdir. Shunday degan edi Bodriyyar[6].
Suqrotni o‘ldirishimiz kerak!
Hammamiz majusiymiz. Hammamiz Suqrotning bolalarimiz.
Arastu Suqrot, Suqrotning falsafasi va u amalga oshirgan inqilob haqida qisqacha shunday degan edi: “Suqrot falfasani osmondan yerga tushirdi”.
Aslida barcha tugun mana shu yerda yashiringan.
Suqrotning falsafani tugatishi ham, bizning, butun insoniyatning Suqrotning vasvasasiga uchrashi, 2500 yildan beri aytib kelinayotgan afsonanini tark etolmasligimiz, muqaddaslashtirishimizning siri ham aynan shu yerda yashirin.
Suqrotning falsafani, tafakkurni yakson qilganini o‘ylaganlar azob tortmoqda: tafakkurning badali bu.
Suqrot yaratgan afsonaga hali ham ishonayotganlar, butun insoniyat vasvasa dunyosini tark etishni istamayapti. Chunki vasvasa hayajon beradi. Hayotdan olib qochadi, insonlarni turmush mashaqqatlaridan uzoqlashtiradi: pornografiyaning, demokratik tuzumning yakuniy g‘alabasi.
Suqrotni o‘ldirishimiz kerak. Suqrotni o‘ldirmasak, haqiqatning hatto fikriga ham yetisha olmasligimizni bilishimiz zarur.
Suqrotni o‘ldirishimiz kerak. Aks holda hayotga, haqiqatga va “uy”ga, ya’ni o‘zimizga hech qachon qayta olmaymiz.
Suqrotning savobi va gunohi
Suqrotning bir savobi va bir gunohi bor edi.
Savobi – yunon ma’budlarini rad etishi bo‘ldi.
Gunohi shu bo‘ldiki, yunon ma’budlarining o‘rniga boshqa bir tangri – Insonni yaratdi.
Insonni tangrilashtirishning poydevorini qo‘yish orqali katta gunohga qo‘l urgan edi Suqrot.
Suqrot yaratgan din, yangi majusiylik shaklining nomi antropotsentrizm[7] edi.
Suqrot insonni osmondan yerga tushirish orqali insonning tafakkur va yetishishga urinishlarini chippakka chiqardi.
Butun G‘arb tafakkurining tashkil topish dinamikasini insonning va haqiqatning yo‘q bo‘lish dinamitiga aylantirar edi.
Tangri hayotdan surgun qilinar, inson bu dunyoda qulga aylanar edi.
Falsafa tarixchilari Suqrotning tashabbusini “disconnection” (uzilish) tushunchasi bilan izohlaydilar.
Suqrot insonning Tangri va tabiat bilan aloqasini uzdi, uni bu dunyoga surgun qildi.
Inson samodan yerga tushdi: yeridan, uyidan ayirdi, borliqlar olamidagi joyini, o‘rnini yo‘qotdi. Insonni mulk olamiga mahkum qildi.
Insonning o‘zini bilishi yagona tamoyil edi.
Juda soz.
Ammo Tangri bilan, koinot bilan, tabiat bilan rishtalari uzilgan inson o‘zini qanday bila oladi?
Metafizika bo‘lmay turib aslo...
Xulosa: G‘arb tamaddunining ontologiyasi[8] mavjud emas. G‘arb tamadduni epistemologiya[9] asosida barpo etilgan.
Ontologiya insonning va hayotning mohiyatini tushunish uchun yo‘l xaritasini taqdim etadi bizga.
Epistemologiya insonning va hayotning maqsadlarini tushunish yo‘lining yonidan o‘tib ketadi. Insonning avval tabiatga, keyin Tangriga, binobarin, insonlarga va dunyoga hokim bo‘lish xavotiri bilan yashaydi. Bu esa sifatning hukmronligi, insonni va hayotni qamal qilishidir: insonning maqsadini yo‘qotishi, vositalarni maqsadlardan oldin qo‘yishi, vositalarning quliga aylanishi.
Poydevorini Suqrot qo‘ygan, insonning Tangri bilan, Koinot bilan va boshqa borliqlar bilan rishtalarini uzgan, insonni tangrilashtirgan antropotsentrik dunyo g‘arq bo‘ldi: inson, post-xyuman inson mashinaning quliga aylandi.
Bilimning hukmronligi, muqaddaslashtirilishi mashinaning/vositalarning mutlaq zafari bilan nihoyalandi.
Mana shunday yirik ontologik yo‘qotish pallasida hayotning mohiyatini tushunishimizga yo‘l ochadigan, odilroq, yashash mumkin bo‘lgan bir dunyo barpo etishimizga imkon beradigan yo‘l fizika, matematika yoxud tabiiy fanlar emas, metafizikadir.
Metafizikasiz dunyo ham o‘rmon qonunlarining hukmronligini kuchaytiradi, ham insonni bu dunyodan yana bir bor surgun qiladi. Mishel Anri[10] aytganidek, “jaholatning zafari” bilan tugaydigan dunyodir.
Pikasso aytganidek, hammasi g‘arbliklarga o‘xshab qolganmiz. Ulardek o‘ylaymiz, hatto o‘z dunyomiz va muammolarimizga ham ularning nuqtai nazari bilan qaraymiz.
Bir xalqning boshiga kelishi mumkin bo‘lgan eng ulkan falokatdir bu.
Yusuf Kaplan,
“Yeni shafak” gazetasi, Turkiya
“Yeni shafak” gazetasi, Turkiya
Manba: Azon.uz
[1] Pozitivizmga asoslangan bilimlar. Pozitivizm – fan metodologiyasida haqiqiy bilimning manbai empirik (tajribaga asoslangan) tadqiqotlar ekanini da’vo qiladigan va falsafiy tadqiqotlarning ilmiy qadriyatlarini inkor qiluvchi ta’limot.
[2] Metafizika – borliqning sezgilardan yuqori turuvchi pritsiplari va umumiy asoslari to‘g‘risidagi fan.
[3] Fridrix Vilgelm Nitsshe (1844-1900) – nemis mutafakkiri va faylasufi
[4] Martin Xaydegger (1889-1976) – nemis faylasufi
[5] Boshqa shaklga kirish
[6] Jan Bodriyyar (1929-2007) – fransuz sotsiologi, madaniyatshunosi va faylasufi
[7] Inson koinotning markazi va dunyoda sodir bo‘layotgan barcha hodisalarning maqsadi ekanini ilgari suruvchi noilmiy idealistik qarash.
[8] Ontologiya – falsafada borliq haqidagi ta’limot. Borliqning umumiy asoslari, prinsiplari, uning shakllari va qonuniyatlarini tekshiradi.
[9] Bilim haqidagi ta’limot.
[10] Fransuz falasufi (1922-2002) “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har kuni xurmo yeyish mumkinmi? Nutritsiolog tavsiyasi
Ramzan Qodirov: “Chechenistondagi dron hujumi oqibatida ukrainalik asirlar halok bo‘ldi”
Vazirlik va idoralar xodimlari soni qisqartirilmoqda
Erdo‘g‘on: “Turkiya endi o‘zining milliy xavfsizlik masalalarini boshqalar bilan muvofiqlashtirmaydi”
Putinning maslahatchisi yadro qurolini “Xudoning tuhfasi” deb atab, undan foydalanishga chaqirdi
Yangi Cobalt Midnight 7,3 million so‘m qimmatroq bo‘ladi
Xitoy tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazdi
Eron yaqin kunlarda Isroilga «halokatli zarbalar» bermoqchi