19:42 / 26.07.2018
3 404

"Men ularni chin dildan yaxshi ko‘rdim"

"Мен уларни чин дилдан яхши кўрдим"
Bundan chorak asr muqaddam AQShning Merilend shtati universitetining sotsiologiya fakulteti professorlaridan biri bitiruvchi talabalarni ijtimoiy tadqiqot uchun Baltimor shahrining chekka hududlaridan birida joylashgan qishloqqa yuboradi. Bo‘lajak sotsiologlar u yerda yashayotgan ikki yuz nafarga yaqin o‘quvchilarning yashash sharoitlari, o‘qish salohiyatlarini o‘rganib chiqib, har bir bolaning kelajakda qanday muvaffaqiyatlarga erishishi mumkinligi haqida taxminiy xulosalar yozishlari kerak edi. Bir necha hafta davom etgan tadqiqot so‘ngida barcha talabalar deyarli bir xil xulosaga kelishgan: “Bu bolalar kelajakda hech kim bo‘la olishmaydi!”

Oradan yigirma besh yil o‘tgach, o‘sha talabalardan biri - endilikda shu universitetning professorlaridan bo‘lgan Brett Gogun o‘sha tadqiqot xulosasi haqiqatga qanchalik yaqin bo‘lganini aniqlash maqsadida o‘z talabalaridan bir guruhini Baltimorga yubordi. Tadqiqot xulosalaridan yaxshi xabardor bo‘lgan talabalar u yerdan hayronu lol holda qaytishdi.

Aniqlanishicha, qishloqdagi ikki yuz nafar boladan yigirma nafari vafot etgan, qolgan bir yuz sakson nafar bolaning bir yuz yetmish oltitasi muvaffaqiyatli natijalar bilan mashhur advokat, oliy toifali shifokor, o‘qituvchi, boy ferma egasi, hatto ayrimlari mamlakatga taniqli ishbilarmon bo‘lib yetishgan edilar.

“Kelajakda hech kim bo‘la olishmaydi” deya xulosa chiqarilgan avlodning bu qadar katta muvaffaqiyatlaridan ta’sirlangan professor endilikda so‘lim shaharchaga aylangan o‘sha qishloqqa borib, u yerdagilar bilan suhbatlashib, bu muvaffaqiyatlar sabablarini aniqlashga qaror qildi. Professorning savollariga shaharchadagi katta yoshli aholining javobi bir xil bo‘ldi:

– U bolalarning bu qadar katta muvaffaqiyatlarga erishishlarida o‘sha vaqtdagi maktabning fidoyi bir muallimasi katta hissa qo‘shgan. Bolalar aynan o‘sha muallimadan ta’lim olganlar.

Professor u o‘qituvchi ayolning kimligiga juda qiziqib qoldi. Tarbiyasi inson taqdirini tubdan o‘zgartira oladigan ustoz ziyoratiga borishga qaror qildi. Professorni yuzlarini chuqur ajin bosgan, ammo ko‘zlarida samimiyat, qat’iyat va ona mehri chaqnab turgan, yetmish yoshlar atrofidagi muallima kutib oldi. Suhbat qiziqarli va samimiy kechdi. Professorning “O‘quvchilaringizning bu darajaga yetishishlari uchun qanday usullar qo‘lladingiz?” degan savoliga muallima oddiygina qilib:

– Men ularni chin dildan yaxshi ko‘rdim, - dedi...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » "Men ularni chin dildan yaxshi ko‘rdim"