
41 yoshli Vladimir Zelenskiyning g‘alabasi Ukrainaning amaldagi prezidenti, ukrainlarni milliy ramzlar atrofida birlashtirishga urinib, o‘zini Rossiya agressiyasiga qarshi turuvchi rahnamo sifatida gavdalantirgan Petro Poroshenko uchun jiddiy zarba bo‘ldi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlari to‘liq hisoblab chiqilganidan keyin Zelenskiy 73,32 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lganini rasman e’lon qildi.
Mashhur teleserialdagi o‘ylab topilgan prezident rolini ijro etgan Zelenskiy qarshisida G‘arb hamda Qrimni anneksiya qilib, sharqiy hududlardagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Rossiya qarama-qarshiligidagi maydonga aylangan mamlakatni boshqarish vazifasi turibdi.
Saylovning ilk natijalaridan keyinoq g‘olibligi ma’lum bo‘lib ulgurgan Zelenskiy o‘z shtabida tarafdorlari oldida chiqish qildi va ukrain xalqini uyaltirib qo‘ymaslikka va’da berdi: «Hozircha men rasman prezident emasman, ammo men Ukraina fuqarosi sifatida sobiq ittifoq davlatlariga ayta olamanki, bizga qarang - ilojsiz ishning o‘zi yo‘q!».
Mag‘lubiyatini tan olgan Poroshenko esa siyosatdan ketmasligini aytib, Zelenskiy kuchli muxolifat bilan to‘qnashishidan ogohlantirdi.
Poroshenko ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kreml Zelenskiyning g‘alabasini nishonlayotgani haqida yozdi.
«Ular o‘ylashmoqdaki, yangi tajribasiz prezident bilan Ukraina tezlik bilan Rossiya orbitasiga qaytadi», dedi u.
«To‘la mavhumlik»
Siyosiy isteblishment bilan aloqalari yo‘q bo‘lgan Zelenskiy Ukraina sharqidagi urushga, shuningdek, jamiyatdagi korrupsiyaga barham berishni, narxlar o‘sishi va aholi turmush tarzi yomonlashishiga chek qo‘yishni va’da qildi.
Ammo u bunga qanday erishmoqchiligi noma’lum. U investorlarni haqiqatan ham mamlakatga xorijiy investitsiyalar jalb etilishi uchun islohotlar o‘tkazishiga ishontira olishi kerak.
«Bizda bo‘lajak prezidentning iqtisodiy siyosatga qanday yondashishi haqida tasavvurga ega emasmiz, biz shunchaki bexabarmiz va bu holat iqtisodiy hamjamiyatni tashvishlantiradi.
Biz birinchi qarorlarni, birinchi tayinlovlarni kutishimiz kerak. Aftidan, iyungacha hech narsa aniq bo‘lmaydi, xatarlar katta. Balki, barchasi o‘z holida qolishi ham mumkin», deydi Kiyevdagi Dragon Capital investitsion kompaniyasi vakili bo‘lgan Sergey Fursa.
Zelenskiy G‘arb bilan aloqalarni mustahkamlashni davom ettirishga va’da bergan, ammo uning bu boradagi bayonotlari 42 million kishilik mamlakat YeI va NATOga a’zo bo‘lishini bot-bot takrorlagan Poroshenkoning so‘zlari kabi jarangdor emas.
Ko‘p masala parlament qaroriga bog‘liq bo‘lgan tizimda Zelenskiy yangicha siyosatini joriy etish yo‘lida jiddiy kurash olib borishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Lekin hozirda uning «Xalq xizmatida» («Sluga naroda») partiyasi parlamentda bitta ham o‘ringa ega emas, Radadagi eng yirik fraksiya esa Poroshenkoga sadoqatli deputatlardan iborat.
Zelenskiy Vazirlar Mahkamasidagi ayrim lavozimlarga, masalan Tashqi ishlar vazirligiga o‘z odamini qo‘yishi mumkin, ammo hozirgi hukumatning aksar a’zolari oktyabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga qadar o‘z o‘rnida qoladi.
G‘arb voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqda
Qo‘shma shtatlar, Yevropa Ittifoqi va Rossiya Zelenskiyning tashqi siyosat bobidagi muhim bayonoti - 13 ming kishi o‘limiga sabab bo‘lgan Donbassdagi urushga barham berish haqidagi so‘zlarining oqibatlariga diqqat bilan qaraydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi va uni Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklashda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Germaniya kansleri ham tabrik xatida unga bu masalada ko‘mak berishini ta’kidlagan va Zelenskiy bilan Berlindagi muzokaralarda bo‘ladigan uchrashuvni sabrsizlik bilan kutayotganini qo‘shimcha qildi.
Yevropa Ittifoqi rasman Zelenskiyni tabriklagan va undan islohotlarni davom ettirishi kutilishini qayd etgan.
Zelenskiyni Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Polsha prezidenti Anjey Duda, Avstriya prezidenti Sebastyan Kurs, Venesuelaning muvaqqat prezidenti Xuan Guaydo, Armaniston prezidenti Nikola Pashinyan va Litva prezidenti Dalya Gribauskayte ham saylovdagi g‘alaba bilan tabriklagan.
Rossiya bilan munosabatlar
Zelenskiy saylov natijalari ma’lum bo‘lganidan keyin Rossiya bilan muzokaralarni YeI qo‘llab-quvvatlovi ostida Minsk kelishuvlari doirasida o‘tkazishini va Rossiyadagi asirlarni, jumladan, Kerchdagi nizo vaqtida qo‘lga olingan 24 nafar ukrainalik dengizchini qaytarishga harakat qilishini bildirib o‘tdi.
Kremldagilar 22 aprel kuni Vladimir Putin Zelenskiyni tabriklashi haqida yoki ikki davlat prezidenti hamkorlik qilishi haqida gapirishga hali ertaligini bildirdi.
«Faqat aniq ishlar bo‘yicha muhokama qilamiz», dedi jurnalistlarga RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva ukrain xalqining tanlovini hurmat qiladi, ammo saylovlar qonuniy o‘tkazilganiga shubha bor - Rossiyada ishlab istiqomat qiladigan uch million atrofidagi ukrainalikka saylash huquqi taqdim etilmadi (bundan tashqari, Donetsk va Lugansk oblastlarining ayirmachilar qo‘liga o‘tgan hududlarida ham saylov uchastkalari o‘rnatilmagandi).
Ayni vaqtda MDHning Armanistondan boshqa davlatlari rahbarlari, shu jumladan O‘zbekiston rahbari ham Zelenskiyni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagani yo‘q.
Islohotlar qanday kechadi?
Tanqidchilari Zelenskiyni yirik oligarx Igor Kolomoyskiy bilan qalin aloqalarda gumon qiladi - ushbu oligarx tasarrufidagi «1+1» telekanalida Zelenskiyning shoulari translyatsiya qilinadi.
Zelenskiy bu boradagi barcha ayblovlarni rad etadi.
2014 yilda Dnepropetrovsk viloyati gubernatoriga aylangan Kolomoyskiy 2016 yilda Poroshenko tomonidan iste’foga chiqariladi va Xalqaro valyuta fondi bilan hamkorlik dasturi doirasida unga tegishli bo‘lgan PrivatBank milliylashtiriladi. Buning evaziga olingan xalqaro yordam Ukrainani og‘ir iqtisodiy holatdan olib chiqadi.
Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi davrida bir necha marta prezidentga aylansa PrivatBankni Kolomoyskiyga qaytarmasligi va unga kompensatsiya undirishga yordam bermasligini ta’kidladi.
Xalqaro valyuta fondi Zelenskiy gaz narxlarini bozor darajasiga ko‘tarish bo‘yicha talabga qanday munosabatda bo‘lishini kuzatadi - ammo bu siyosiy jihatdan nozik masaladir, nomzodligi vaqtida Zelenskiy bu boradagi savolga javob berishdan qochgan.
Zelenskiyning saylovoldi kampaniyasi muvaffaqiyati u o‘ynagan rol bilan bog‘liq - u «Xalq xizmatchisi» serialida oddiy maktab o‘qituvchisidan prezidentga aylangan halol kishini gavdalantirgan.
Zelenskiy korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha katta va’dalar berdi va bu ukrainlar unga ovoz berishdi. Korrupsiya - Ukrainani sovetlar tuzumidan qutulganidan keyingi 27 yil ichida ham Yevropadagi eng qashshoq mamlakatlardan biri sifatida qoldirayotgan balodir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar