22:35 / 31.01.2020
3 579

Xitoyda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba: «Xitoy epidemiyani to‘xtata oladi»

Xitoyda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba: «Xitoy epidemiyani to‘xtata oladi»
Xitoyning Uxandan boshqa ikki provinsiyasida yashayotgan ikki nafar o‘zbekistonlik talaba vahimaga o‘rin yo‘qligi, Xitoy koronavirusni bartaraf eta olishini ishonishini ta’kidlashdi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Xitoydagi vakili Husnulla Asadullayev bilan bog‘lanib, mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat haqida so‘radi.

Ma’lumot uchun, Husnulla Asadullayev – Szyansu provinsiyasining Chanchjou shahrida joylashgan Szyansu texnologiya universiteti 4-bosqichida tahsil oladi.

«Birinchi buni yangiliklarda eshitdik. Avval Xitoy OAVda, keyin O‘zbekiston, qo‘shni davlatlar Rossiya, Qozog‘istonda ham bu narsa juda tez yoyilib ketdi. O‘sha zahoti har bir universitet qatori bizning universitetda ham o‘qituvchilar tomonidan va o‘sha kunning o‘zida, ya’ni koronavirus tarqalganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining Pekindagi bosh elchixonasi va Shanxaydagi konsulxona tomonidan eslatmalar berildi.

Ularda imkon qadar turar joyda saqlanish, niqobda bo‘lish, jamoat joylariga iloji boricha chiqmaslik, chiqqan holatda niqoblardan foydalanish, haroratni ham har bir universitetning kirish va chiqish eshiklari oldida tekshirish yo‘lga qo‘yildi. Gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni tez-tez yuvib turish va antiseptik vositalardan foydalanish eslatma tariqasida berildi
», – deydi Asadullayev.

– Ayrim davlatlar o‘z fuqarolarini Uxandan evakuatsiya qilmoqda. O‘zbekiston ham shunday qilishi kerak, deb o‘ylaysizmi?
– Ba’zi bir davlatlarning Uxan shahridan o‘z fuqarolarini olib chiqib ketishi, alohida karantin hududlariga joylashtirishi haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushdi. Bunaqa holatda agar O‘zbekiston ham shunday qilishi kerakmi, degan savolga javobim – avvalambor, bu savolga to‘liq va aniq ma’lumotni elchixona bergani yaxshiroq. O‘z fikrimni bildiradigan bo‘lsam, evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lsa, Xitoy hukumati bilan hamkorlikda va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti normalariga amal qilgan holatda olib chiqib ketilishi kerak, deb o‘ylayman.

Chunki kasallikning bundan keyin tarqalmasligi uchun barcha sharoitni yaratib va O‘zbekistondagi boshqa aholiga yuqmasligining oldini olgan holatdagina fuqarolarni ma’lum bir karantin hududlarga joylashtirib, aytilgan inkubatsion davr, ya’ni odamning immunitetiga qarab 2 kundan 14 kungacha deyildi. Ana shu 14 kunlik muddatda karantinda saqlab turib, ularning sog‘lig‘iga qattiq e’tibor berib, undan keyin O‘zbekistondagi turar-joylariga yetib borishni ta’minlashlari tarafdoriman.

Virusga barham berilib, hammasi joyiga tushganidan keyin ham Xitoyda qolmoqchiman. O‘qishimni davom ettirib, bundan keyin ham Xitoyda malakamni oshirib, keyin O‘zbekistonga qaytish niyatidaman. Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, bundan oldin ham Xitoy hukumati shunday muammoga duch kelgan. SARS va MERS viruslari Xitoyda birinchi bor paydo bo‘lganida xuddi shunday chora-tadbirlar ko‘rilgan va uni yengib o‘tishni uddalashgan. Ishonchim komilki, ana shu virusga barham berishga ham bor kuchlarini sarflashadi va buning uddasidan chiqishadi.

Xitoydagi yana bir o‘zbekistonlik, Shanxay shahridagi Shanghai International Studies University Xalqaro aloqalar yo‘nalishi doktoranturasining 2-bosqich talabasi Yulduz Safarova ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Shu yaqin kunlarda internetda, ayniqsa O‘zbekistondagi ko‘p internet saytlari yoki blogerlar tomonidan ko‘pgina vahimalar chiqarilyapti. Shu 2-3 kunda internet saytlariga ham kirmaslikka harakat qilyapman. Chunki ko‘pchilikning har xil gaplari odamni charchatyapti. Internetdagi xabarlarning yarmi to‘g‘ri bo‘lsa, yarmi yolg‘on. Ayniqsa YouTube`da tarqalgan ko‘p xabarlar yoki blogerlar chiqargan xabarlarning ko‘pchiligi yolg‘on.

Ayni paytda hamma biladi, butun Xitoyda koronavirus tarqalgan, lekin har bir kishi gigiyena qoidalariga amal qilib, ko‘chaga chiqqanda niqob taqib, odam ko‘p bo‘lgan joylarga bormasa, menimcha yaxshi bo‘lardi.

Virusdan saqlanish uchun esa ko‘chaga asosan ikki kunda bir chiqqanda, niqob taqib chiqaman, uyga qaytgandan keyin qo‘limni sovunlab yuvib, niqobga ham 1-2 marta spirt sepaman. Odamlar ko‘p joylarga borganim yo‘q. Uydagi deyarli hamma stol-stullarni spirt bilan artib chiqaman va tozalikka rioya qilyapman
», – dedi Yulduz Safarova.

Ma’lumot uchun, koronavirus 2019-nCoV koronavirusi 20dan ortiq mamlakatga tarqalib ulgurdi. Virus yuqtirgan soni o‘n mingga yaqinlashmoqda. 31 yanvar holatiga ko‘ra, 213 kishi vafot etdi. Natijada yanvar oyi oxiriga kelib, jahon miqyosida favqulodda holat e’lon qilindi.

Gulzoda Ibrahimova tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba: «Xitoy epidemiyani to‘xtata oladi»