date

Hirotda ayollarga paranjisiz shifoxonaga kirish qat’iyan man etildi

Hirotda ayollarga paranjisiz shifoxonaga kirish qat’iyan man etildi

Afg‘onistonning g‘arbiy qismida joylashgan Hirot viloyatida ayollar faoliyati va jamoat joylariga tashriflariga nisbatan yangi qat’iy cheklovlar joriy etildi. Viloyat hokimi Zana Vohidning yangi buyrug‘iga ko‘ra, endilikda hech bir ayol paranjisiz holda maktab hududiga yoki davlat muassasalariga kirish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur taqiq faqat ta’lim muassasalari bilan cheklanmaydi — u shifoxonalar, davlat idoralari, banklar va hatto qamoqxonalarga ham taalluqli. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, hatto hijob kiygan ayollar ham ko‘p hollarda ichiga kiritilmayotgan va ular ko‘chada soatlab kutishga majbur bo‘lmoqda.

Kabul Now nashri yozganidek, “Tolibon”ning muvaqqat hukumati mahalliy taksi haydovchilariga ham burqasiz ayollarni olib yurmaslik haqida qo‘shimcha ko‘rsatma bergan. Viloyat bo‘ylab ko‘plab nazorat posti tashkil etilgan bo‘lib, paranjisiz ayollarni tashigan haydovchilarga nisbatan jazo choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tish joiz, o‘tgan yilning oktyabrida “Tolibon” Hirot shahridagi ayollar kafesining faoliyatini ham to‘xtatgan edi — rasmiy izoh berilmagan holda muassasa muhrlanib, faoliyati cheklangan.

Bundan tashqari, so‘nggi oylarda “Tolibon”ning oliy ta’lim vazirligi universitetlarda ishlovchi professorlar va ma’muriy xodimlarga ish vaqtida smartfonlardan foydalanishni taqiqlagan. Vazirlik hujjatida bu talab ish jarayonini samarali qilish va xodimlarning chalg‘ishini oldini olish maqsadida joriy etilgani ta’kidlangan.

Shu tariqa, Hirot viloyatida ayollar uchun erkin harakatlanish va ta’lim, tibbiyot sohalaridagi imkoniyatlar yanada cheklanayotgani haqida xalqaro nodavlat tashkilotlar ham tashvish bildirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hirotda ayollarga paranjisiz shifoxonaga kirish qat’iyan man etildi