12:00 / 25.06.2020
2 075

«Putinni taxtda qoldirish» haftaligi. Rossiyada konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish uchun ovoz berish boshlanmoqda

«Putinni taxtda qoldirish» haftaligi. Rossiyada konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish uchun ovoz berish boshlanmoqda
Foto: Aleksandr Ryumin/TASS
22 aprel kuni Rossiyada mamlakat konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi kerak edi, ammo karantin sabab ovoz berish jarayoni 1 iyulga qoldirildi. Ovoz berish to‘liq bir kunda o‘tishi oqibatida ko‘p odam to‘planishining oldini olish maqsadida saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni 25 iyundan boshlanadi. Xo‘sh, rossiyaliklar nima uchun ovoz berishyapti?

Putinni taxtda qoldirish yoki qoldirmaslik masalasi
Rossiya konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar qatorida ko‘plab bo‘limlar mavjud. Masalan, mehnat muhofazasi, ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi munosabatlar, Rossiya suvereniteti kabi boblardagi o‘zgarishlar. Ammo yangi o‘zgarishlarning juda shov-shuvli bo‘lishiga olib kelgan taklif bu – prezidentlik muddatlarini nollashtirish. Ya’ni, shu vaqtgacha bo‘lgan muddatlarning barchasini bekor qilish. Xuddi Chempionlar Ligasi guruh bosqichida olingan sariq kartochkalar pley-off bosqichida bekor qilingani kabi. Bu nima uchun qilinayotgani ko‘pchilikka sir emas: Putinni taxtda qoldirish uchun.

KGB agentligidan prezidentlikkacha
Putin Rossiya prezidentligiga qanday kelgani ma’lum. Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin 1999 yil yangi yil tabrigini yo‘llar ekan, hukumatdan ketishini e’lon qilgan va o‘rnini Vladimir Putin vaqtincha egallashini aytgandi. Yelsin xuddi Brejnevning hokimiyatdagi so‘nggi yillarida bo‘lgani kabi salomatligi juda yomon holatda iste’foga chiqqandi. Ammo demokratiya tarafdori bo‘lib taxtga kelgan Yelsin yaxshi deb baholash mumkin bo‘lgan 9 yillik faoliyatidan so‘ng taxtga yopishib olmadi va o‘rnini bo‘shatib berdi. Shubhasiz, biroz kuchsizlangandek ko‘rina boshlagan Rossiyani yana hamma hisoblashadigan derjavaga aylantirgani – Putinning rad etib bo‘lmas yutug‘i.

Stalin, Andropov kabi harbiy rahbarlarni ko‘rgan Rossiya uchun Putin juda yaxshi prezident edi. Sobiq KGB agenti, keyinchalik FSB rahbari, bundan tashqari nemis tilini suv qilib ichib yuborgan, xalqaro maydonda Rossiyaning birinchi bo‘lishi uchun hamma ishni qiladigan Putindan yaxshiroq nomzod bo‘lishi mumkinmidi? Prezidentlikdagi ilk kunlaridanoq qat’iyati va so‘zamolligini ko‘rsata olgan Putin allaqachon nafaqat oddiy bir slavyan davlatining rahbari bo‘lib, balki davlatchilik tarixidagi eng ahamiyatli siyosatchilardan biri sifatida tarixga kirdi.

Ajoyib kunlarning birida Putinning prezidentlik vakolatlari tugab, uning o‘rnini do‘sti Dmitriy Medvedev egalladi. Bir qarashda 2008 yilda Putinning davri tugayotgandek ko‘ringandi, ammo ko‘p o‘tmay o‘shanda hammasi endi boshlanayotgan bo‘lgani ayonlashdi. Putin mamlakat bosh vaziri sifatida faoliyatini davom ettiradi.

U shunchaki oddiy bosh vazir emas, davlatni idora qiladigan bosh vazir edi. Bu orada Medvedev qanaqa laqablar orttirmadi deysiz. Rossiya Gruziya bilan janggga kirishgan vaqtda Putin qayerda edi esingizdami? Pekinda. 2008 yil 8 avgust kuni Xitoy poytaxtida olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Rossiya va Gruziya o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlanadi. Bu janglarni ham Putin Xitoyda turib boshqarib turgani aytiladi. Ha, 2008 yilda Putin davri tugamagan, aksincha endi boshlanayotgandi.

2012 yil Putin yana prezidentlikka qaytdi. Medvedev esa bosh vazir bo‘ldi. O‘ziga xos rokirovkadan biroz oldin Rossiyada prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilgandi. Omadsiz Medvedev «atigi» 4 yil davlatni boshqarib, taxtni topshirgach, Putin endilikda muddati 6 yil bo‘lgan prezidentlik lavozimiga kirishadi. 2018 yilda birinchi muddat tugagach, saylov o‘tkazildi va tabiiyki Putin g‘olib bo‘lib, 2024 yilgacha davlat rahbari lavozimida qoladigan bo‘ldi.

Buni qarangki, 2024 yil ham yaqinlashib qoldi va rossiyaliklar 2024 yildan keyingi hayotlarini ham «Putinsiz tasavvur qila olmasliklarini tushuna boshlashdi». Mana shunday ajoyib kunlarning birida Rossiyada konstitutsiyani o‘zgartirish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu uchun maxsus guruh tuzildi va uning ba’zi a’zolari (Yelena Isinbayeva) mamlakatning bosh qonunini birinchi marta o‘qib chiqqanini aytib kulgiga qoldi: «Konstitutsiyani uni birinchi marta o‘qiyotganlar o‘zgartiradi» qabilida memlar ommalashdi.

Tereshkovaning taklifi
Rossiya Dumasi yig‘ilishlaridan birida koinotga birinchi bo‘lib ko‘tarilgan kosmonavt ayol Valentina Tereshkova konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish doirasida prezidentlik muddatini nollashtirish taklifini kiritdi. Qolgani tezlashib ketdi: Putin bunaqa rejasi yo‘qligini, lekin xalq shuni xohlasa hech nima qila olmasligini aytdi, konstitutsion sud bu ish qonuniyligini e’lon qildi, prezident tegishli hujjatlarga qo‘l qo‘ydi va hammasi referendumda aniqlanishi ma’lum bo‘ldi.

Demak, rossiyaliklar bugundan konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlarni qo‘llab yoki qo‘llamay ovoz berishadi. Asosiy tanlov esa prezidentlik muddatlarini nollashtirish orqali Putinga yana ikki muddatga saylanish imkonini berish yoki bermaslikda. Agar ovoz berishda o‘zgarishlar tasdiqlansa, Putin 2024 yildan keyin ham yana ikki muddat prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin bo‘ladi. Darvoqe, konstitutsiyaga o‘zgartirish haqidagi taklifni yanvar oyida Putinning o‘zi bergandi.

Saylovga boring, mashina yutib oling

Foto: Kirill Kuxmar/TASS
Russian Field kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, moskvaliklarning 46 foizi o‘zgarishlarni qo‘llashi kutilmoqda. Poytaxtning 43 foiz aholisi esa konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilishiga qarshi. Reuters agentligining aytishicha, Rossiyadagi katta kompaniyalarga o‘z xodimlarini saylovda qatnashish uchun targ‘ib qilish buyurilgan. Shuningdek, saylov uchastkalari oldida har xil viktorinalar o‘tkaziladi va odamlar uy, mashina yutib olishi mumkin bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, saylovda qatnashgan har bir odam uchun maxsus kod beriladi va lotereya ko‘rinishida ballar o‘ynaladi. Bu ballarni odamlar restoran yoki do‘konlarda ishlatishi mumkin bo‘ladi. Hattoki 10 milliard rubllik sertifikatlar ham o‘ynaladi.

Allaqachon ovoz berish boshlangan
Rossiya markaziy saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilovaning aytishicha, mamlakatda allaqachon ovoz berish jarayoni boshlangan. Shu kungacha 67 ming rossiyaliklar muddatidan oldin ovoz berishda qatnashib bo‘lishgan. Ularning aksari murakkab sharoitda yashovchi hududlar, masalan Chukotka fuqarolari.

Pamfilovaning aytishicha, 3,7 million kishi propiska qilingan joyida emas, hozirgi yashash joyida «mobil saylovchi» xizmatidan foydalanib ovoz berish uchun ariza bergan. Yana 1,2 million kishidan masofaviy ovoz berishda qatnashish so‘rovi tushgan.

OAVda turli yirik kompaniyalar o‘z ishchilariga saylovda davomat yuqori bo‘lishini ta’minlash uchun unda qatnashishni buyurayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda. MSK esa buni rad etib, kimdir majburan ovoz berishga undasa, kerakli idoralarga murojaat qilish kerakligini ta’kidlamoqda.

«Bizni axmoq deb o‘ylashmoqda»

Fevraldayoq Putinning Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha rejasiga qarshi harakatlar boshlangandi
DIMITAR DILKOFF/AFP VIA GETTY IMAGE

Taniqli musiqachi Vladislav Leshkevich tvitterdagi sahifasida shunday post qoldirdi: «Mos.ru saytida (Moskva shahar meriyasi sayti) konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlar borasida o‘qiyapman, ammo ularning orasida Putinning muddatini nollashtirish haqida bir og‘iz ham gap yo‘q. Agar topsangiz, menga yuboring. Men hukumat bizdan asosiy o‘zgarishni yashirayotganini, barchamizni rasman ahmoq deb hisoblayotganini ko‘rdim».

Chindan ham Moskva hokimligi saytida prezidentlik muddatining nollashtirilishi haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan. Avvalroq jurnalistlar saylov uchun maxsus ochilgan 20200og.ru saytida ham prezidentlik muddatini nollashtirish haqidagi band yo‘qligiga e’tibor berishgan va Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni «texnik xatolik» deb atagandi. Keyinchalik saytda asosiy o‘zgarish bo‘lgan prezidentlik vakolatini nollashtirish haqida band qo‘shib qo‘yildi.

Demokratiya tomon tashlangan qadam
Rossiya prezidenti Vladimir Putin konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlarni demokratiya tomon tashlangan qadam deb atadi: «Hozir prezident davlat Dumasi bilan maslahatlashib hukumat rahbarini tayinlaydigan bo‘lsa, o‘zgarishlardan so‘ng parlament prezidentsiz vazirlarni tayinlaydi, vaziyat butkul o‘zgaradi. O‘zgarishlar prezident vakolatlarini qisqartiradi. Bu jamiyatni demokratlashtirish uchun tashlangan qadam», deb atagan prezident.

Ma’lumot uchun, konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar bo‘yicha ovoz berish jarayoni 1 iyul kuni yakunlanadi va ovoz berish natijalari ma’lum bo‘lgach, ko‘pchilik o‘zgarishlarni qo‘llasa, ular rasman kuchga kiradi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Putinni taxtda qoldirish» haftaligi. Rossiyada konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish uchun ovoz berish boshlanmoqda