date

Tramp ma’muriyati Venesuelaga harbiy aralashuv ssenariylarini tayyorlamoqda

Tramp ma’muriyati Venesuelaga harbiy aralashuv ssenariylarini tayyorlamoqda

The New York Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuela hududiga nisbatan bir nechta harbiy harakat variantlarini ishlab chiqqan. Manbalarning ta’kidlashicha, rejalar Nikolas Maduro hokimiyatini bosim ostida qoldirish va mamlakatdagi siyosiy vaziyatni o‘zgartirishni ko‘zlaydi.

Birinchi ssenariyda AQSH havo kuchlari Venesueladagi asosiy harbiy obyektlarga zarba berishi mumkin. Bu orqali Maduroning xavfsizlikka bo‘lgan ishonchini yo‘qotish va uni qochishga majbur qilish rejalashtirilgan. Vashingtondagi manbalar fikricha, prezidentning o‘zini xavfsiz his qilmasligi uni mamlakatdan chiqish yoki muzokaralarga rozi bo‘lishga undashi mumkin. Biroq ayrim tahlilchilar bunday harakat xalqning aks ta’siriga sabab bo‘lib, Maduro atrofida aholini yanada birlashtirishi mumkinligidan xavotirda.

Ikkinchi variant — maxsus operatsiya ssenariysi. Unga ko‘ra, «Delta» qo‘shinlari yoki mashhur SEAL Team 6 bo‘linmasi Venesuelaga yopiq missiya bilan yuborilishi mumkin. Ularning vazifasi Maduroni qo‘lga olish yoki yo‘q qilish bo‘ladi. Bunday variant rasmiy jihatdan siyosiy jihatdan bahsli hisoblansa-da, Tramp ma’muriyati Maduroni narkokartel rahbari sifatida ko‘rsatish orqali bu operatsiyani qonuniy asoslashga urinishi mumkin.

Uchinchi ssenariy esa keng ko‘lamli harbiy harakatni o‘z ichiga oladi — amerikalik desantchilarning Venesuela aerodromlari va neft konlarini nazoratga olishi. Bu orqali AQSH mamlakatdagi iqtisodiy resurslar va logistik yo‘nalishlar ustidan nazorat o‘rnatishni ko‘zlamoqda. Ammo NYT yozishicha, bu variant AQSH harbiylari uchun eng xavfli bo‘lib, ayniqsa Karakas kabi shahar muhitida amalga oshirilsa, katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, Donald Tramp amerikalik askarlarni xavf ostiga qo‘yadigan qarorlarni qabul qilishga shoshilmayapti. Shu bois rejalarda dengiz dronlari va uzoq masofali qurollardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Manbalarning ma’lum qilishicha, bu variantlar noyabr oyi o‘rtalarida Karib dengiziga 75 dan ortiq harbiy samolyot va 5 mingga yaqin harbiy xizmatchi bilan yetib kelgan “Jerald R. Ford” aviatashuvchisi orqali amalga oshirilishi mumkin.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp qaror qabul qilishni aynan ushbu aviatashuvchi Venesuela qirg‘oqlariga yetib kelguncha kechiktirmoqda. Prezident hozircha harbiy harakatlar haqida aniq qaror chiqarmagan, chunki muvaffaqiyatsizlik ehtimoli yuqori bo‘lgan operatsiyani ma’qullamaydi. Biroq uning atrofidagi maslahatchilar Maduro rejimiga qarshi keskin chora ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, AQSH Adliya vazirligiga ham murojaat qilib, harbiy harakatlarni qonuniy asos bilan ta’minlash bo‘yicha maslahat so‘ralgan. Kutilmoqdaki, vazirlik Maduroni giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kartel rahbari sifatida “qonuniy harbiy nishon” deb e’tirof etadi.

So‘nggi oylarda AQSH Venesuela yaqinida harbiy faolligini kuchaytirgan. Karib dengizida 10 mingga yaqin amerikalik askar joylashtirilgan, ularning yarmi dengiz kemalarida, qolgan qismi Puerto-Rikodagi bazalarda. Shu bilan birga, Amerika bombardimonchi samolyotlari — B-52 va B-1 — “ko‘rsatma reydlari”ni amalga oshirgan. Bu vaziyatda Nikolas Maduro Rossiya, Eron va Xitoydan harbiy yordam so‘ragani ham xabar qilinmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu mojaro yaqin haftalarda jahon siyosatidagi asosiy mavzulardan biriga aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp ma’muriyati Venesuelaga harbiy aralashuv ssenariylarini tayyorlamoqda