17:17 / 14.02.2021
1 896

«Konstitutsiyani o‘zgartirishda qatnashganlarning hammasini xoin deb bilaman» – Navalniy

«Konstitutsiyani o‘zgartirishda qatnashganlarning hammasini xoin deb bilaman» – Navalniy
Foto: Babushkina sudi matbuot xizmati
Moskvadagi Babushkina sudida muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy urush qatnashchisini haqorat qilganlikda ayblangan sud ishining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tanaffuslar bilan hisoblaganda 10 soat davom etgan sudda yana hukm o‘qilmadi va 16 fevralgacha tanaffus e’lon qilindi. Bu gal ham Navalniy o‘tkir chiqishlari bilan sud jarayoni «risoladagidek o‘tishiga monelik qildi».

Bu safargi sud majlisi ham Navalniyning chiqishlari bilan yodda qoldi. Bu gal hatto lingvist ekspertlar ham tinglandi, biroq baribir Navalniy urush faxriysi Ignat Artemenkoga tuhmat qilgan-qilmagani borasida yakuniy qarorga kelinmadi.

Advokatlar sudyaga norozilik bildirdi
Sud majlisi boshida Navalniyning advokatlari sudya Vera Akimova ustidan arznoma taqdim etdi va u qanoatlantirilmadi. Advokat Olga Mixaylova yozma ravishda taqdim etgan arznomada oldingi majlisda sudya xolis bo‘lmagani, to‘laligicha qoralovchi tomonda bo‘lganini keltirgan. Advokat sud majlisi avvalida uni suratga olish taqiqlanganiga qaramay, davlat telekanallarida suddan olingan lavhalar ko‘rsatilganini ham ta’kidladi. Uning fikricha, shu orqali Navalniy faxriylarni yomon ko‘rishi haqida taassurot uyg‘otishgan.

Advokat mijozi Navalniy bilan yuzma-yuz gaplashish imkoni bo‘lmagani, qog‘ozlarda yozishish noqulay bo‘lganidan koyindi. Shuningdek, Navalniyning oqlovchilari jabrlanuvchi deb e’tirof etilayotgan Artemenkoning sud davomida ahvoli yomonlashgani (va shu sabab uning barcha so‘zlari tinglanmagani), aloqa yomonligi sabab guvohlarning ovozi deyarli eshitilmaganini eslatdi. Mixaylovaning fikricha, Navalniyga sud davomida o‘zini oqlash uchun imkon berilmagan, uning guvohlarga bergan savoli doimiy olib tashlangan.

Navalniyning o‘zi ham majlis davomida sudyaga norozilik bildirdi. «Yolg‘onlaringizdan juda xafa bo‘ldim, janobi oliyalari. Siz sharmanda bo‘lishni bas qilib, Rossiya qonunlarini o‘rganish bo‘yicha kurslarga qatnashingiz kerak. Menimcha, Babushkina sudida mening ishimni ko‘rishdan avval kim eng noinsof qozi ekani borasida so‘rovnoma o‘tkazilgan va unda siz – Akimova xonim g‘olib bo‘lgansiz», dedi Navalniy.

Prokorur Yekaterina Frolova sudya Akimovani sud majlisidan chetlashtirish bo‘yicha arznomani qanoatlantirmaslikni so‘radi. Sudya bir soatlik maslahatlashuvdan keyin qaytdi va o‘ziga nisbatan bildirilgan norozilik arzini qanoatlantirmaslikka qaror qildi. Sud boshlanishi bilan Navalniy sudyadan himoya tomoni ham jarayonni videoga olishini so‘rab, o‘tgan sudning kadrlari qanday qilib Dmitriy Kiselyovning qo‘liga tushib qolganini so‘radi.

Prokuror jabrlanuvchi Ignat Artemenko sudning keyingi majlislarida qatnashmasligi bildirilgan iltimosnomani o‘qib berdi. Prokurorning aytishicha, Artemenko birinchi sud majlisida o‘zining manziliga tinimsiz haqoratlar bildirilgani sabab ahvoli yomonlashganini bayon qilgan va Navalniyga jinoiy javobgarlik belgilashni so‘ragan. Prokuror shuningdek, urush faxriysi qatnaydigan poliklinikadan ham hujjat olingani, unda shifokorlar Artemenkoga keyingi majlislarda qatnashmaslikni tavsiya qilganini aytgan.

Navalniy iltimosnomani ko‘rishni so‘radi va advokati unga oyna orqali ko‘rsatdi. Qizishib ketgan siyosatchi shunday dedi: «Kechirasiz-u, o‘tgan majlisda qo‘lidagi ikki satr gapni arang o‘qib bergan, zo‘rg‘a oyoqda turgan veteran shu gaplarni yozgan demoqchimisiz? Sizningcha, u kompyuter oldida o‘tirib, mana shu matnni terganmi? Xo‘p, mayli buni siz soxtalashtirganingiz aniq, lekin hech bo‘lmasa 95 yoshli odam ayta oladigan gaplarni yozsanglar bo‘lmaydimi, baraka topgurlar. Bechora cholni qo‘g‘irchoq qilyapsizlar axir».

Navalniy va nabira o‘rtasida «jang»

Foto: Babushkina sudi matbuot xizmati
Sud majlisidagi eng esda qolarli holat Aleksey Navalniy hamda Ignat Artemenkoning nabirasi Igor Kolesnikov o‘rtasidagi bahslashuv bo‘ldi. Ular o‘rtasidagi quyidagicha dialog bo‘lib o‘tdi:

– Igor Vladimirovich, ruxsatingiz bilan bir narsani so‘ramoqchiman: siz qanday qilib o‘z bobosini sotishdek bemaza ishga qo‘shilib qoldingiz? Yana bir gap, 96 yoshli bobongiz telefon tuzatish bilan shug‘ullanadimi? Axir sizning 10 yil avval ochilgan telefon tuzatish firmangizda u ta’sischi sifatida ko‘rsatilgan-ku? Demak, bobongiz 86 yoshida telefon tuzatish bilan shug‘ullanardimi?

– Sizni u yerda urishyaptimi deyman?
– Aytingchi, bobongiz 95 yoshida o‘ta muhim ishlar bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rahbari Aliyevga o‘zi ariza bilan murojaat qila oladimi? Bobongiz Tergov qo‘mitasidagilar bilan qanchalik yaqin aloqada?

– O‘tgan majlisda bobomni medal taqilgan qo‘g‘irchoq degandan ko‘ra bu haqda uning o‘zidan so‘rash kerak edi. Siz o‘zingizni qizdirilgan tovaga tushib qolganday tutyapsiz.
– Bu yerda hammaning bobosi urushda qatnashgan, lekin faqat siz bobongiz urushga borganini iddao qilib, nimadir undirish niyatida yuribsiz. Hujjatlarga ko‘ra, siz butun o‘tgan yil davomida 33 ming rubl ishlab topgansiz, shu uchun bobongizdan foydalanib, moliyaviy imkoniyatingizni yaxshilab olmoqchimisiz? Sir bo‘lmasa, qancha pul topasiz?

Navalniyning oxirgi savolidan keyin sudya Akimova siyosatchidan bunday savollar berishni bas qilishni so‘radi. Tomonlar baqirib ketishgach, sudda tanaffus e’lon qilindi.

Tanaffusdan keyin sudda guvohlarni tinglash boshlandi. 1959 yilda tug‘ilgan pensioner Aleksey Lukinning aytishicha, u Navalniy so‘kingan tvitni ko‘rgan. «Rolik va unga yozilgan izoh bor edi. Unda mamlakatni sharmanda qilayotganlar, malaylar, xoinlar deb yozilgandi. Xoinlar so‘zi menga juda yomon ta’sir qildi», dedi guvoh. Navalniyning advokati guvohdan rolik haqida so‘raganda esa Lukin shunday javob berdi: «Oddiy rolik. Unda hurmatga munosib odamlar, fazogirlar, ofitser va yana bir pushti sochli ham konstitutsiyani sharaflagan».

Navalniy o‘sha tvitda mana bunday yozgandi (tvit hamon Navalniyning sahifasida turibdi): «Tan olish kerak, sotilgan malaylar tarkibi hozircha ancha kuchsiz. Ular mamlakatni sharmanda qilmoqda. Noinsoflar, xoinlar». Navalniyning advokatlari mana shu so‘zlarni haqorat deb hisoblashi yoki yo‘qligi haqida Lukindan so‘rashdi. Guvoh esa xoin so‘zi haqorat va tuhmat ekanini aytdi. «Sen kimnidir xoin deb atasang, buni isbotlab berishing kerak», degan guvoh.

Oqlovchi tomon guvohga bir necha savol bilan murojaat qildi: «Siz haqorat so‘zining ma’nosini tushunasizmi? U tuhmat so‘ziga sinonim bo‘la oladimi? Siz konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarni qo‘llaysizmi?». Sudya bu savollarning barchasini olib tashlagach, advokatlar e’tiroz bildirishdi. «Bizning savollarimiz nuqul olib tashlanmoqda, davlat qoralovchisining savollari esa guvohgacha yetib boryapti. Bu nohaqlik», degan siyosatchining advokati.

Navbatdagi guvoh terapevt bo‘lib ishlaydigan Sarxan Kichibekov bo‘ldi. U 9 iyun kuni Artemenkoning mazasi qochib qolgach, uning uyiga borgan tez yordam shifokori. Boshqa guvohlardan farqli bu guvohning so‘zlari ortiqcha bo‘yoqlarsiz bo‘ldi: «Bemor ko‘krak qafasida og‘riq sezayotgandi. Unda qon bosimi oshishi va diskomfort kuzatilgan. Bemor buning sababini ruhiy zo‘riqish bilan izohladi. To‘g‘risini aytganda, uning holati 93-94 yoshli inson uchun normal edi. Uni kasalxonaga yotqizishga asos yo‘q edi».

«Otlar kam qolgandi, lekin baribir bor edi...»
Prokuror jabrlanuvchi Ignat Artemenko qanchalik qahramonlik ko‘rsatganini isbotlash uchun uning o‘z tilidan yozilgan biografiyasini o‘qib berishini ma’lum qildi. Yarim soat davomida qoralovchi tomonidan o‘qilgan hikoyada veteranning urush haqida xotiralari ham keltirilgandi: «Qiyin kunlar hali oldinda edi, rayondan xursand qilmaydigan xabarlar kela boshladi. Biroq bu haqda kichik qishloqning odamlari, ayniqsa o‘smirlar qayerdan ham bilardi... Otlar kam qolgandi, lekin hali bor edi».

Navalniy bu gaplarning sudga nima aloqasi borligini so‘rashiga qaramay, prokuror hikoyani o‘qishda davom etdi. O‘qib bo‘lgach, muxolifatchi e’tiroz bildirdi: «O‘tgan majlisda ikki qator gapni zo‘rg‘a o‘qib bergan odam mana shu narsalarni yozganiga meni ishontirmoqchimisiz? Bu narsalarni u 1974 yilda yozgan. Bu odamlar uni olib protokolga rasmiylashtirgan».

Yozma dalillarni e’lon qilish
Sud e’lon qilgan 40 daqiqalik tanaffus tugagach, yozma dalillarni tekshirish jarayoni boshlandi. Bu borada Navalniyning oqlovchilari tomonidan chaqirilgan ekspert tashqarida turgani sabab advokatlar uni ichkariga kiritishni iltimos qilishdi: «Janobi oliylari, rahm qiling, u yoshi katta odam tashqarida sovuqqotdi».

Biroq sudya bu iltimosni rad etdi. Keyin bu iltimosni takrorlagan Navalniy sudyadan navbatdagi marta ogohlantirish oldi. Dalillar tinglanayotganda Navalniy yana hazillashishga ulgurdi. Prokuror dalillar keltirilgan qog‘ozlarni o‘qiyotib, har safar yangi sahifaga o‘tganda ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tekkizib olaverdi. Navalniy unga qarata shunday dedi: «Hurmatli prokuror, iltimos barmog‘ingizni yalayvermasangiz, sizga qarashga toqatim qolmadi».

Prokuror yozma dalillarni uzoq vaqt o‘qib tugatgach, Navalniy «Ura» deb baqirib yubordi. Oqlovchi tomonning o‘zi chaqirgan ekspertni ichkariga kiritish bo‘yicha so‘roviga navbatdagi marta inkor javobini olgach, Navalniy yana e’tiroz bildirdi. «Sizda insof yo‘q ekan. Meni qoralash uchun chaqirilgan guvohlarni qo‘lingizda ko‘tarib ardoqladingiz, bizda esa atigi bitta ekspert bor, uni ham ichkariga kiritmayapsiz», dedi siyosatchi va sudyadan navbatdagi marta ogohlantirish oldi. «Men ham sizga ogohlantirish beraman, menda ulardan 30tadan ko‘proq bor. Bu ogohlantirishlar hech narsani anglatmaydi», dedi yana Navalniy.

Sudya 15 daqiqa tanaffus e’lon qildi va nihoyat shu vaqtda Navalniyning oqlovchilari tomonidan chaqirtirilgan professor Baranov ichkariga kiritildi.

Lingvistik ekspertiza
Bunday turdagi ekspertiza borligi ko‘pchilikni ajablantirgan bo‘lishi mumkin, lekin haqorat yoki tuhmat bo‘yicha ochilgan ishlarda bunday ekspertiza bo‘lishi shart. Dastavval qoralovchi tomondan qatnashgan Tergov qo‘mitasi lingvistik ekspertiza bo‘limi katta eksperti Albina Glotova tinglandi. Ekspertdan prokurorning talabiga ko‘ra «malay», «sotqin», «sharmanda» va «xoin» so‘zlariga izoh berish so‘raldi. Navalniy gap qo‘shib «Masalan, sudya Akimova – sharmanda», dedi va navbatdagi marta ogohlantirish oldi.

Qizig‘i, Navalniyning yozgan tvitiga salbiy baho bergan ekspert Glotova dokladi davomida Navalniyning advokatlari taklif qilgan va uzoq vaqt sovuqda qolishga majbur bo‘lgan professor Baranovning tekshiruvlaridan foydalangan. Shundan keyin sud dalillarni tekshirishga o‘tdi. Russia Today telekanalida e’lon qilingan videoning diski, Navalniy tvitterda joylagan videoning diski va Navalniy YouTube'ga yuklagan videoning diskini o‘rganish boshlandi. Sud konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgarishlarni qo‘llashga chaqirilgan videoni uch marta ko‘rdi. Keyinchalik «Navalniy bilan Rossiyaning kelajagi» dasturidan lavha ko‘rildi. Xususan, Navalniy Putinni qirolga aylantirishni qo‘llaydigan hammani malay deb bilishi haqidagi lavha ham ko‘rilgan.

O‘zi tayyorlagan video qo‘yilgach, Navalniy tezda shunday dedi: «Ha, men odamlarni Putinni qirol qilish uchun ovoz berishga chorlovchilarni, veteranlardan qo‘g‘irchoq sifatida foydalanadiganlarni chindan malay va xoin deb bilaman. Bu yashiradigan gap emas».

«Bu shunchaki baho»
Navalniyni oqlash uchun taklif etilgan yagona insonga sud yakuni arafasida so‘z berildi. O‘tgan asrning 80-yillaridan buyon rus tilidan dars berib kelayotgan professor Baranov ishga aloqador eng muhim faktni ikki og‘iz gap bilan tushuntirib berdi: «Pyotr – kasal». Bu gap yoki rost yoki yolg‘on bo‘lishi mumkin. Yana bir misol: «Pyotr – yaramas odam». Bu esa shunchaki bir kishining bahosi. Chunki Pyotr kim uchundir yaramas, boshqa birov uchun yaxshi odam bo‘lishi mumkin».

Professor bevosita ishga aloqasi bo‘lgan xoin so‘zi haqida ham gapirdi: «Xoin so‘zining ham ikki xil ma’nosi bor. Masalan, vatan xoini. Ikkinchisi esa qandaydir ruhiy idealga xiyonat qilish ma’nosida ishlatilishi mumkin. Masalan, «Xiyonatkor er jazmaninikiga ketib qoldi». Navalniy xoin so‘zini ishlatganda u aynan ruhiy va jamoatchilik ideali buzilgan holatni nazarda tutgan. U bu so‘z bilan konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni qo‘llash bo‘yicha propagandada qatnashganlarga nisbatan salbiy munosabatini bildirgan.

Bu ifodada yolg‘on yoki rost deb baholash mumkin bo‘lgan gap yo‘q. Tuhmat deb qabul qilingan gapni tekshirib ko‘rish mumkin, lekin bu yerda tekshiradigan so‘zning o‘zi yo‘q», dedi ekspert. U Navalniyning tvitidagi «malay», «sharmanda» so‘zlari tuhmat emas, baholash sifatida qabul qilinishi haqida xulosa berdi.

Professor Baranovning chiqishidan keyin prokuror unga bosim qila boshladi va qonunda tuhmatga boshqacha ta’rif berilganini aytdi. Professor esa qonun ijodkorligiga da’vo qilmasligini ma’lum qildi.

«O‘tkir savollaringizni bering»
Sud yakunida Navalniyni so‘roq qilish boshlandi. Kirish qismida Navalniy Rossiya konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha ishlaganlarni eng yomon so‘zlar bilan so‘kishini aytdi: «Ha, men konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish kampaniyasida ishlagan hammani yomon ko‘raman. Ularning manziliga eng yomon so‘zlarni aytaman. Men ular mamlakatni talayapti deb o‘ylayman.

Shu sabab o‘z fikrimni bildiraman va bu mening fuqarolik burchim. Agar men Artemenko frontning qandaydir chizig‘ini bosib o‘tgan desam, buni tuhmat sifatida qabul qilish mumkin. Biroq mening shaxsiy qarashlarim kimgadir yoqmas ekan, ular ham mendan arz qilishi mumkin, ammo men hech kim haqida yolg‘on ma’lumot tarqatmadim».

Sud Aleksey Navalniydan tvitter va telegramda akkaunti bor yoki yo‘qligini so‘radi. Navalniy esa har ikki tarmoqda ham akkaunti borligini, tvitterga alohida muhabbati borligini bildirib, u yerdagi obunachilariga salom aytdi. Keyin sudya Navalniyni so‘roq qilishda davom etdi:

– Russia Today telekanalidagi vatanparvarlik haqidagi videoni qachon ko‘rdingiz?
– Ko‘ngilni aynitadigan va vatanparvarlikka xos bo‘lmagan ruhidagi rolikni tvitterda ko‘rdim. Qachonligi esimda yo‘q.

– Videodagi odamlarni tanidingizmi?
– Artemiy Lebedevni tanidim, keyin Ivan Oxlobistinni ko‘rib, yuzimni qo‘lim bilan yopib oldim.

– Yozgan narsangizni ko‘pchilik ko‘rishini bilganmidingiz?
– Aynan shunday bo‘lishiga umid qilgandim.

– Aytgan gaplaringizga isbotingiz bormidi?
– Men isbotlash talab qilinadigan gap gapirmaganman. Shu ishda (konstitutsiyani o‘zgartirganlar nazarda tutilmoqda) qatnashgan barcha haqida gapirganman. Malaylar va sotqinlar deb bu insonlarning barchasini ataganman. Saylov byulletenlarini soxtalashtirgan Ella Pamfilovani ham (Rossiya markaziy saylov komissiyasi rahbari). Yana qanday o‘tkir savollar tayyorlab qo‘ygansiz, beravering.

– Siz xalqimizning tarixiy xotirasini yo‘qotmoqchimisiz?
– Kechirasiz-u, o‘sha tarixiy xotirani himoya qiladigan kimdir bo‘lsa, o‘sha biz. Chunki biz o‘sha siz himoya qilayotganingizni aytayotgan veteranlar, pensionerlar ko‘proq pensiya olishini talab qilyapmiz. Siz esa mana bu yerda o‘tirib olib bezbetlarcha meni tarixiy xotirani kamsitganlikda ayblayapsiz.

– Siz urush faxriysiga bilib turib tuhmat qildingizmi?
– Sizchi, Chayka (Rossiyaning sobiq bosh prokurori) jinoiy guruhlar bilan hamkorlik qilishini bilaturib prokuraturaga ishga kirganmisiz?

– Sizda qandaydir surunkali kasallik bormi?
– O‘ylab turibman: Babushkina sudiga bo‘lgan nafrat asta-sekin surunkali kasallikka aylanib boryaptimikin?

Aynan mana shu savol-javobdan keyin sud majlisi yakunlandi va unda 16 fevralgacha tanaffus e’lon qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Konstitutsiyani o‘zgartirishda qatnashganlarning hammasini xoin deb bilaman» – Navalniy