Yashnobodda 139 dona “Pregabalin” muomalasi to‘xtatildi, ish ochildi

Kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritishga urinishning oldi olindi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida navbatdagi tekshiruv ishlari amalga oshirildi.
Tadbir davomida shubha ostiga olingan fuqaro Z.R.ga tegishli deb ko‘rsatilayotgan manzil — “O‘qchi Olmazor” MFY hududidagi xonadonda tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada, tarkibida inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi “Pregabalin” moddasi mavjud bo‘lgan 139 dona dori vositasi o‘tkazish maqsadida saqlab kelingani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu dori vositalari hodisa yuzasidan ashyoviy dalil sifatida rasmiy tartibda olib qo‘yilgan. Huquq-tartibot idoralari bu holatni jamoat xavfsizligi va aholi salomatligi nuqtayi nazaridan jiddiy baholamoqda.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan, biroq kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni hamda zaharli moddalarni qonunga zid ravishda muomalaga kiritish kabi harakatlarga taalluqli ekani qayd etiladi.
Hozirda ish doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!