Venesuela nefti ortilgan o'nlab tankerlar yashirincha mamlakat suv hududini tark etdi

Venesuela nefti ortilgan qariyb o'nta tanker o'ziga tegishli belgilar va bayroqlarni yashirgan holda mamlakatning hududiy suvlaridan pinhona chiqib ketdi. Bu holat AQShning keng ko'lamli amaliyoti fonida yuz berdi: unda Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning turmush o'rtog'i qo'lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilgani aytilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
TankerTrackers.com ma'lumotiga ko'ra, portlardan chiqqan kemalarning barchasi AQSh sanksiya ro'yxatlarida bor. Sun'iy yo'ldosh tasvirlari kamida to'rtta tanker Margarita oroli yaqinidagi dengiz chegarasi orqali shimol tomonga yo'l olganini qayd etgan.
Xomashyo eksporti Delchi Rodriges boshchiligidagi vaqtinchalik hukumat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ta'kidlanmoqda. 2025 yil dekabridan joriy etilgan neft blokadasi yuk jo'natmalarini deyarli to'xtatib qo'ygani, natijada ortiqcha yoqilg'i tankerlar ichida to'planib, PDVSA davlat kompaniyasi ishini izdan chiqargani bildiriladi.
Hokimiyat almashgani va harbiy aralashuvga qaramay, AQSh embargoni saqlab qolgan. Biroq Donald Tramp o'tish davrida asosiy xaridorlar, jumladan Xitoy, neft xaridini davom ettirishini aytgan.
Hozirgi tankerlar chiqishi kelishilgan qadammi yoki sanksiyalarni bevosita chetlab o'tishmi — bu masala ochiq qolmoqda.
Eslatib o'tamiz, 3 yanvarga o'tar kechasi AQSh Karakasdagi bir qator obyektlarga, jumladan aviatsiya va harbiy bazalarga zarbalar bergan. Tramp “keng ko'lamli operatsiya” o'tkazilganini tasdiqlab, Maduro va uning turmush o'rtog'i qo'lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma'lum qilgan.
Yevropa Ittifoqi esa vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani va Maduro legitimligi masalasida avvalgi pozitsiyasini saqlab qolayotganini bildirgan. OAV xabarlariga ko'ra, Maduro va rafiqasi kuchaytirilgan qo'riqlov ostida Nyu-Yorkdagi federal sudga yetkazilgan.
Yaqin soatlarda ularga narkoterrorizm, kokain kontrabandasi, qurol saqlash hamda AQShga qarshi fitna doirasida pulemyot va portlovchi moslamalarga ega bo'lishga urinish bo'yicha ayblovlar e'lon qilinishi kutilmoqda. OAV ularni umrbod qamoqdan tortib o'lim jazosigacha bo'lgan jazo kutishi mumkinligini yozmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!