Tramp tahdidiga javoban Petro keskin ‘xalq yaguari’ni esladi

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro AQSH prezidenti Donald Trampning Lotin Amerikasi rahbarlariga nisbatan kuch ishlatish ehtimoli haqidagi gaplari fonida juda keskin bayonot bilan chiqdi. Petroning aytishicha, bunday “signal”lar u uchun ham mamlakat suverenitetiga, ham shaxsan prezident sifatida o‘ziga qaratilgan ochiq tahdid sifatida ko‘rinadi.
Avvalroq Tramp Petroni to‘g‘ridan to‘g‘ri ogohlantirib, “ehtiyotkor bo‘lishi kerak” degan mazmundagi gaplarni aytgani xabar qilingan. Shuningdek, u Kolumbiyada kokain ishlab chiqarilishi va u AQSH hududiga kirib kelayotgani haqida da’volarni ham ilgari surgan.
Petro esa o‘z munosabatida o‘ta obrazli iborani ishlatdi:
- Agar xalqimning katta qismi hurmat qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan prezident qo‘lga olinsa, siz “xalq yaguari”ni uyg‘otasiz, dedi u.
Kolumbiya rahbari keyingi fikrlarida ehtimoliy zarba oqibatlari haqida ogohlantirib, razvedka yetarlicha bo‘lmasa, begunoh odamlar — ayniqsa bolalar jabr ko‘rishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, dehqonlarni bombardimon qilish kabi harakatlar tog‘li hududlarda “yangi partizanlar” paydo bo‘lishiga turtki berishi ehtimolini kuchaytiradi.
Bayonotda yana bir qattiq pozitsiya ham bor: Petroning so‘zlariga ko‘ra, endi Kolumbiyaning har bir askarida aniq yo‘riq mavjud — jamoat xavfsizligi kuchlarining istalgan qo‘mondoni AQSH bayrog‘ini Kolumbiya bayrog‘idan ustun qo‘ysa, u darhol xizmatdan chetlatiladi.
Prezident o‘zini “noqonuniy yoki giyohvand moddalar sotuvchisi emas” deb ta’kidlab, bor-yo‘q mulki oilaviy uy ekanini, uni maoshidan to‘lab kelayotganini aytgan. Shu bilan birga, u xalqqa ishonishini bildirib, prezidentni har qanday noqonuniy zo‘ravonlik harakatlaridan himoya qilish haqida murojaat qilgan. Xavfsizlik kuchlariga berilgan yo‘riq esa uning bayonotida shunday yangradi: “xalqqa emas, bosqinchiga qarata o‘q uzish”.
Eslatib o‘tamiz, ushbu keskin ritorika fonida Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin Kolumbiya va Meksika haqida ham qattiq ohangda gapirgani haqida xabarlar tarqalgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!