11:23 / 07.05.2021
3 909

Ka’bapo‘sh haqida biz bilgan va bilmagan ma’lumotlar


Ka’ba — dunyodagi barcha musulmonlar namoz paytida yuzlanadigan muborak dargoh. Har yili haj va umra ibodatlarini bajarish uchun unga millionlab ziyoratchilar keladi. Ushbu kub shaklidagi inshoot yer yuzidagi eng e’tiborli Uydir. Bugun Ka’ba Kisva – Qur’on oyatlari kumush va oltindan naqshlangan qora mato bilan qoplangan. Ammo Allohning uyi har doim ham shunday ko‘rinishga ega bo‘lganmi?

Ba’zi manbalarda Ka’bani yopinchiq bilan bezashni birinchi bo‘lib Ibrohim alayhissalomning o‘g‘li Ismoil alayhissalom bo‘lganligi haqida xabar berilgan. Boshqa manbalarda bu Yaman shohi Asad Abu Qarib bo‘lganligi aytiladi.

Ka’bani Kisva bilan Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham yopganlar. O‘shandan beri hozirgacha Ka’baning yopiq qolmagan davri bo‘lmagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaqtlarida Kisva Yamandan keltirilgan oq va qizil yo‘llari bo‘lgan matodan bo‘lgan. Kisva o‘sha davrda va xulafoi roshidinlar davrida yiliga bir marta yangilanib turgan. Muoviya xalifaligida Kisvani yiliga ikki marta o‘zgartirishni buyurgan. Ma’mun esa Ka’ba yopinchig‘ini yiliga uch marta o‘zgartirishga farmon bergan: Rajab oyi boshlanganda Ka’baga yopilgan oq gabati matosi Ramazon oyining 29-kunida parda qizil matoga almashtirilar, Arafa kunidan oldin esa yana boshqa qizil mato bilan yopilar edi.

Fotimiylar davrida Kisva oq rangda bo‘lgan bo‘lsa, Sulton Mahmud Sabuk Tekin davrida sariq rangda bo‘lgan. Bugungi kungacha saqlanib qolgan Ka’ba yopinchig‘ining qora rangini Abbosiylar xalifasi Nosir kiritgan. To‘g‘ri, dastlab uning ko‘rsatmalariga binoan, Kisva yashil rangda ham bo‘lgan edi. Ka’baning eski yopinchig‘ini olib tashlash an’anasi ham xalifa Nosir bilan bog‘liq. Bungacha har bir yangi Kisva eskisi ustiga yopilgan va matolarning qalin qatlami Ka’ba devorlariga xavf tug‘dirgan.

Bir necha asrlar davomida Kisva Misrda mahalliy, Hindiston, Sudan va Iroqdan olib kelingan matolardan tayyorlangan. Ammo XX asrda Saudiya Arabistonining birinchi qiroli Abdulaziz ibn Saudning farmoni bilan Ka’ba yopinchig‘ini ishlab chiqarish uchun Makkada maxsus to‘quv fabrikasi tashkil etilgan va 1927 yildan hozirgi kungacha Kisva shu mamlakatda ishlab chiqarilmoqda.

Zavodda 240 erkak to‘quvchi ishlaydi va yiliga ikkita Kisva tayyorlanadi, ularning biri ehtiyotan, zaxira uchun ishlab chiqariladi.
Hozir Kisvaning umumiy hajmi 658 kvadrat metr bo‘lib, har biri 14 metr uzunlikdagi va 101 sm kenglikdagi 47 qismdan iborat bo‘lib, oltin va kumush iplar bilan naqshlangan Qur’on oyatlari bilan bezatilgan. Kisvada, shuningdek, Allohning 99 ismidan iborat qora iplar bilan tikilgan shahodat va tasbih kalimalaridan iborat kashtalar mavjud. Bitta Kisvaning ishlab chiqarilishida 670 kg ipak va 150 kg oltin va kumush ip sarf qilinadi.

An’anaga ko‘ra, haj boshlanishidan bir oy oldin yangi Kisva bani Shayba oilasiga topshiriladi. Ka’ba ikkinchi marta yuvilgandan so‘ng, eski yopinchiq olib tashlanib, yangisi qoplanadi. Kisva Ka’baga o‘raladi va uning asosiga mis halqalar bilan biriktiriladi.

Eski Kisva qismlarga bo‘linib, tarqatiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, eski pardani maydalab, ziyoratchilarga tarqatish an’anasi xalifa Umar roziyallohu anhu xalifaligi davrida boshlangan.

Oysha roziyallohu anho onamiz Ka’bani yangi yopinchiq bilan o‘rash yakuniga yetganidan so‘ng, eski yopinchiqni sotishga buyurgan. Oysha roziyallohu anho boshqa sahobalarning ham roziligini hisobga olib, Oysha roziyallohu eski Kisvani sotish va undan tushgan mablag‘larni Masjid ul-Haramning ehtiyojlari uchun ishlatishga buyruq bergan. Uning bu qarorini barcha sahobalar qo‘llab-quvvatlaganlar. Oysha roziyallohu anhuga qadar hech kim kisvani sotish taklifi bilan chiqmagan.

Shu voqeadan so‘ng eski kisva sotilishi yo‘lga qo‘yilgan va uni sotishdan olingan mablag‘lar Masjidul–Haramning ehtiyojlari uchun sarflanadigan bo‘lgan. Biroq xalifa Umar ibn Abdulaziz davrida musulmonlar o‘ziga to‘q bo‘lishgan, davlat g‘aznasi ham nisbatan boyigan. Davlat Masjidul-Haramning barcha xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan. Shundan keyin eski kisva odamlarga muqaddas hadya sifatida bepul tarqatiladigan bo‘lgan.

Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ka’bapo‘sh haqida biz bilgan va bilmagan ma’lumotlar