3 514
Islomga qarshi kurashchi, irqchi va ayollarga suyaksiz. «Fransiyalik Tramp» haqida nimalar ma’lum?
Prezident Makron o‘z lavozimini saqlab qolish uchun Le Pen (chapda) va Zemmur (o‘ngda) kabi ziddiyatli siyosatchilarni yengishi lozim bo‘ladi. Foto: Reuters
Fransiyada aksilislomiy va irqchilik ruhidagi chiqishlari bilan tilga tushgan yozuvchi va siyosiy sharhlovchi Erik Zemmur 2022 yil aprel oyida o‘tadigan prezidentlik saylovida amaldagi rahbar Emmanuel Makronga asosiy raqib bo‘lishi mumkin.
So‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga qaraganda, 17 foiz saylovchilar uning nomzodini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan. Bu – E.Makrondan keyingi ko‘rsatkichdir. Amaldagi prezidentga 24 foiz elektorat ishonch bildirmoqda.
Aksar tahlilchilar E.Zemmurni fransiyalik Tramp deb atayotgani bejiz emas. Zero, fransuz siyosatchisining fikr-qarashlari ko‘p jihatdan AQSHning sobiq prezidenti bilan hamohangdir.
63 yoshli E.Zemmur D.Tramp kabi migrantlarga qarshi murosasiz pozitsiyada. Qiziq jihati, muhojirlarni «ikkinchi sort» deb bilgan siyosatchining o‘zi jazoirlik yahudiylar oilasida tug‘ilgan. 2011 yili u «aksar narkotujjorlar qora tanlilar hamda arablardir» degan bahsli fikri uchun mahkamaga tortilgan. 2019 yilda fransiyalik musulmonlarni mustamlakachilar deb atagani uchun takror sud qarshisida javob berishiga to‘g‘ri kelgan. Yaqinda esa u Muhammad kabi xorijiy ismlarni taqiqlash va sof fransuzcha ismlarga qaytishni taklif etgan.
Ayollarga suyagi yo‘q deb ta’riflanadigan siyosatchi shilqimlik, tegajoqlikni u qadar jiddiy jinoyat deb bilmaydi. Darvoqe, bir necha ayol, jumladan, hududiy deputatlardan biri E.Zemmurni jinsiy tegajoqlikda ayblab chiqqan. Ammo ayblovlar sudga qadar yetib bormagan.
E.Zemmur keyingi yillarda Fransiyaning «CNews» telekanali orqali (mazkur kanal ko‘p jihatdan Tramp e’timod qo‘ygan Fox News telekanalini yodga soladi) o‘ng va o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi qarashlarini targ‘ib etib kelgan. U Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar Germaniyasi bilan hamkorlik qilgan fransuz hukumatini oqlashga uringani ortidan ham jiddiy tanqidlarga uchragan. E’tiborga molik nuqta shundaki, siyosatchi munozarali ruhdagi fikrlari uchun odatda uzr so‘rashni ep ko‘rmaydi.
«Trampning izdoshi» Yevropa Ittifoqi siyosatini keskin tanqid qiladi, «Brexit” borasida rasmiy Londonga ochiq xayrixohlik bildiradi. NATOni esa butun dunyo ishiga burun suqadigan G‘arb politsiyasi deb ataydi va Fransiya mazkur tuzilmadan chiqishi kerakligini ta’kidlaydi.
Yevropalik aksar siyosatdonlardan farqli o‘laroq Zemmur Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ochiq qo‘llab-quvvatlaydi va rasmiy Moskva bilan yaqin aloqalar o‘rnatish lozim deb hisoblaydi. 2018 yili teleefirda Putinni o‘z mamlakati manfaatlarini munosib himoya qilayotgan yetakchi deb atagan.
Avval xabar berganimizdek, aksar tahlilchilar kelgusi yilgi saylovda E.Makronga «Milliy yakdillik» harakati rahbari Marin Le Pen asosiy raqib bo‘lishini taxmin qilayotgan edi.
Millatchi deb tan olingan arbob ayolning reytingi shiddat bilan o‘sayotgani shunday xulosaga undagan edi. Ammo so‘nggi tadqiqotlar murosasiz E.Zemmur ko‘p jihatdan maslakdosh bo‘lgan Marin Le Penni ham ortda qoldirayotganini ko‘rsatmoqda.
Xo‘sh, turli da’voyu iddaolar bilan chiqayotgan jazoir nasabli siyosatchining bu qadar shuhrat qozonayotgani siri nimada? Tahlilchilarga ko‘ra, siyosatchilarning an’anaviy chiqishlaridan bezgan fransuz jamiyatiga Zemmur qoliplarni dadil buzayotgani bilan manzur bo‘lmoqda. Londondagi nufuzli kollej professori, fransuz siyosati bo‘yicha mutaxassis Filipp Marler esa bunda ommaviy axborot vositalarining ham aybi borligini aytadi.
«Zemmurning mashhur bo‘lib borayotgani uchun ommaviy axborot vositalari ham mas’uldir. Uni teleefirlarga taklif etishyapti. Chunki u ko‘rsatuv reytingini ko‘tarib beradi. Bu Tramp fenomenining shakllanishini yodga soladi. U qancha ko‘p efirga taklif etilar ekan, ko‘proq odamlarda unga nisbatan qiziqish uyg‘onmoqda», – deydi professor Marler.
Agar tarix charxpalagi ters aylanib, irqiy, diniy nafrat qo‘zg‘ashga urinayotgan E.Zemmur yoki M.Le Pen davlat tepasiga kelgudek bo‘lsa, bu nafaqat Fransiya, butun dunyoda siyosiy zilzilalarga sabab bo‘lishi mumkin. Har ne bo‘lganda ham sog‘lom tafakkur g‘alaba qilishiga umid qilgimiz keladi... “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»